Bahs san'atini o'rgatuvchi kitob O'zbekistonda xavfli material


Uch yil oldin BMT ko'magi bilan nashr etilgan kitob

Uch yil oldin BMT ko'magi bilan nashr etilgan kitob

BMT homiyligida Toshkentda 2013-yilda chop etilgan, qanday munozara qilishni o'rgatuvchi kitob O'zbekistonda yoshlar uchun zararli deb topilgan. “Debatlar bo'yicha qo'llanma” mualliflari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash va tarqatishda ayblanmoqda.

Mualliflardan biri Eleni Duras, notiqlik san'ati bo'yicha taniqli mutaxassis, O'zbekiston Oliy Majlisi deputatlariga ham bu sohada dars bergan.

“Ozodlik” radiosi xabariga ko'ra, Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura hamkorligida ochilgan jinoiy ishda “Debatlar bo'yicha qo'llanma” mualliflari konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, tuzumni ag'darishga chaqiriqlar, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tayyorlash va tarqatishda ayblanmoqda.

Eleni Duras O'zbekistondagi “Kelajak ilmi” Xalqaro biznes maktabi bilan ham hamkorlik qilib keladi. Duras bu maktabda ham “Notiqlik san'ati” bo'yicha saboq beradi.

“Kelajak ilmi” vakili “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Eleni Duras xalqaro biznes maktabida rasman ishlamasligi, faqat notiqlik san'ati bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazish uchun kelib turishini aytdi.

Xalqaro biznes maktab vakiliga murojaat qilinganida u Eleni Durasga nisbatan ayblov surilayotganidan bexabarligini, ammo uning mashg'uloti, asosan, o'z fikrlarini ravon ifodalashda qiyinchiliklarga duch kelayotgan yoki bu jarayonda ortiqcha hayajon, qo'rquvdan xalos bo'lishni istovchi odamlar uchun mo'ljallanganini aytadi.

“Hammasi oddiy, mavjud umumiy qoidalar asosida barcha tinglovchilar uchun mo'ljallangan mashg'ulotlar”, - deydi Duras.

“Debatlar bo'yicha qo'llanma” kitobi mualliflaridan yana biri Dilfuza Qurolova bir paytlar Gulnora Karimova homiyligida faoliyat yuritgan O'zbekiston madaniyati va san'ati Forumi qoshidagi “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbus markazi faollaridan biri bo'lgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, mualliflar hibsga olinmagan, ammo maxsus xizmatlar, prokuratura tomonidan so'roqqa tutilmoqda.

Amaldagi tuzumga tajovuz, jamoatchilik xavfsizligiga tahdid solishda ayblanayotgan kitobga homiylik qilgan BMT vakolatxonasi bu mojaro yuzasidan biror izoh bildirmagan.

Faollar nazarida, Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura hamkorligida amalga oshirilayotgan bu jinoiy ish har qanday demokratik jamiyatning ajralmas qismi bo'lgan siyosiy debatlarni, ayniqsa, hukumat tanqidi rasman rad etilishini bildiradi.

Bir muncha avval O'zbekistonda siyosiy munozaralar, tahlil va qiyoslarga asos beruvchi siyosatshunoslik fani taqiq ostiga tushgan edi.

O'zbekiston Oliy o'quv yurtlaridan siyosatshunoslik fanini olib tashlash tashabbusi ham mamlakatda erkin fikrlash, siyosatga nisbatan mustaqil qarashlarni yo'qqa chiqarish sifatida baholangan edi.

BMT homiyligida chop etilgan debatlar bo'yicha qo'llanmalarni musodara qilish ishlari boshlangani xabar qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG