Mirziyoyev davrida iqtisodiy islohotlarni kutish mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

Toshkent, O'zbekiston

Toshkent, O'zbekiston

Bosh vazir va vaqtinchalik prezident Shavkat Mirziyoyevning 4-dekabr kuni bo'ladigan O'zbekiston prezidentligi saylovlarida g'alaba qozonishiga hech kim shubha qilmaydi. Kuzatuvchilar hozir e'tiborni ko'proq u kelajakda olib boradigan siyosatga qaratmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti islohotlarga muhtoj ekani aytiladi. Yangi hukumatdan bu borada qanday o'zgarishlarni kutish mumkin? O'zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi, hozir AQShda ilmiy tadqiqot olib borayotgan Shermamat Abdullozoda bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

Abdullozodaning aytishicha, Islom Karimovning o'limi kutilmagan hol bo'ldi va agar u yana bir necha yil yashaganda, Mirziyoyevning navbatdagi davlat rahbari bo'lish imkoniyatini yuqori baholab bo'lmagan bo'lardi.

Kuzatuvchi nazarida, prezdentlik uchun Rustam Azimov ko'proq loyiq bo'lgan. Ammo amalda Bosh vazirning vaqtinchalik prezidentlikka tayinlanib, hokimiyatni qo'lga olishi ko'proq Karimovning kutilmagan o'limi bilan bog'liq, deydi u.

"Rustam Azimovda hozirgi sharoitda Mirziyoyev bilan kelishib ishlashdan boshqa variant qolmadi. Islom Karimov vafot etgandan keyin amalda eng yuqori rahbar Shavkat Mirziyoyev bo'lib qoldi. Rustam Azimovning ta'siri va kuchi qanchalik katta bo'lmasin, u bugungi subordinatsiyadan kelib chiqqan holda o'z rahbariga qarshi prezidentlikni talab qilishi mumkin emas", - deydi Shermamat Abdullozoda.

Moliya vazirligining sobiq mulozimi, Rustam Azimov bilan ishlagan mutaxassis bahosiga ko'ra, Azimov ziyoli va kuchli iqtisodchi. Azimovning o'z jamoasida ekani Mirziyoyev uchun katta yutuq, deydi u. Ammo Mirziyoyev hokimiyatini mustahkamlab olsa, Azimovning yangi hukumatda qanchalik o'ringa ega bo'lishi mavhum.

Abdullazoda nazarida, Azimov yangi hukumat tarkibida moliyaviy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga urinib ko'radi, ammo baribir so'nggi qarorni prezident beradi. Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish esa juda zarur, deydi kuzatuvchi.

"O'zbekistonning hozirgi moliyaviy-iqtisodiy ahvoliga achinaman. Ahvol juda og'ir. O'zbekistondagi ishsizlik, minimal ish haqining kamligi katta muammolar, - deydi Abdullozoda. - Yetti milliondan ortiq odam chegaridan tashqarida, Qozog'iston, Rossiya, Yevropa, Amerika qit'asida va hattoki Afrika davlatlarida tirikchilik qilib, O'zbekistondagi oila a'zolariga ko'mak bermoqda. Katta ilmlarga ega bo'lgan muhandislar, doktorlar, o'qituvchilar va professorlar boshqa chet davlatlarda oddiy ishlarni qilib yuribdi".

Yangi hukumat islohotlarni nimadan boshlashi kerak? Hukumatdan jiddiy islohotlarni kutish mumkinmi?

Mutaxassis fikricha, Mirziyoyev saylovdan keyin xalqaro hamjamiyatga, jahon moliya institutlariga o'zini yaxshi tomondan tanishirish uchun islohot takliflari bilan chiqadi.

"Lekin haqiqatda bularning amalga oshishini bilmayman. Qog'ozda shularni bajarishga va'da beradi. Ayrim masalalarda o'zgarishlar bo'lishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev bosh vazirlik paytida farqli fikrlarga ega bo'lgan bo'lishi, lekin amalda ularni ijroga kirita olmaganligi ehtimoli mavjud. Prezident bo'lsa, endi shularni amalga oshirishga harakat qilishi mumkin", - deydi Abdullozoda.

Abdullozodadan Mirziyoyev shaxsiga ta'rif berishni ham so'radik. Prezidentlik vazifasida Mirziyoyevning shaxsiy xarakteri namoyon bo'lsa, butun davlat, xalq buning ta'sirini sezadi, deydi O'zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi.

To'liq suhbatni quyida tinglang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG