Amerika bizneslari O'zbekistonga qiziqadi lekin pul tikishga shoshmayapti


“GM-O’zbekiston” qo’shma avtomobilsozlik korxonasi Amerika bilan biznes hamkorlikning eng katta namunasi deb ko'riladi

“GM-O’zbekiston” qo’shma avtomobilsozlik korxonasi Amerika bilan biznes hamkorlikning eng katta namunasi deb ko'riladi

AQSh-O’zbekiston biznes doiralari o’rtasida hamkorlik bor va u rivojlanib bormoqda, deya bildiradi tomonlar. Bir nechta yirik davlat korxonalarini sotuvga qo’ygan O’zbekiston xorijlik sarmoyadorlarga imtiyozlar va’da qilmoqda. Amerika bizneslarida qiziqish bor albatta lekin pul tikishga shoshmayapti. Konvertatsiya hamon muammo. Mavjud siyosiy tuzum bilan ishlashni xohlaydiganlar juda oz. Xohish bo'lgani bilan harakat qilish ham qiyin, deydi ishbilarmonlar. Hozircha muzokaradan nariga o'tilmayapti.

AQSh Mehnat vazirligining yuqori lavozimli rasmiysi Erik Bill Toshkentda muzokaralar o’tkazgan. O’zbekiston Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov Vashingtondan kelgan delegatsiyaga mehnatkashlar huquqini himoyalash bo’yicha mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib bergan. O’zbekiston rasmiysiga ko’ra, Xalqaro Mehnat Tashkiloti hisobotida 2015-yildagi paxta kampaniyasi davrida mehnat huquqlari buzulmagan, deya ta’kidlgan. Lekin bu hujjatda paxta terimida odamlar zo’rlab ishlatilgani ham qayd etilgan.

AQSh Mehnat vazirligi delegatsiyasi O’zbekiston to'qimachilik sanoati va mavjud shart-sharoit bilan ham tanishgan. O’zbek matbuotining yoritishicha, Chirchiqdagi tesktil kombinatiga borgan delegatsiya korxonada mehnat muhofazasi yuqori darajada tashkil etilganiga guvoh bo’lgan.

Vashington nazarida O’zbekistonda Xalqaro Mehnat Tashkiloti faoliyat yuritayotgani ijobiy hol va bu hamkorlikni rivojlantirish kerak.

Yaqinda Amerika savdo delegatsiyasi ham mamlakatda bo’lib, biznes imkoniyatlar bilan tanishgan edi. Tadbir tashkilotchilaridan biri bo’lgan AQSh elchixonasining bayon qilishicha, O’zbekiston bilan savdo va sarmoyaviy shartnomalar tuzish umidida yurgan kompaniyalar bor.

AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen "Amerika Ovozi" bilan muloqotda (VIDEO) shunday deydi:

"O’zbekiston Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan chegaraga ega, uning yuragida joylashgan mamlakat. 30 milliondan oshiq aholiga ega. Potensial juda yuqori. Katta mehnat kuchi va tabiiy boyliklarga ega. Ayni damda, boshqa davlatlar singari bu mamlakatda ham iqtisodiy qiyinchiliklarga guvohmiz. Rossiya, Xitoy kabi hamkorlarning ahvoli o’zingizga ma’lum. Ularning va Qozog’istonning ham milliy pulining qadri tushib ketgan. O’zbekistonga ta’siri bor, albatta.

Biroq O’zbekiston hukumati iqtisodiy barqarorlik yo’lida o’z harakatini qilayapti degan bo’lardim. Men yaqinda Termiz va Navoiyda bo’ldim. Yangi bizneslar ochilayotganini ko’rdim.

Amerika bizneslari kamligi afsuslanarli hol. O’zbekistondagi hammaga ma’lum muammolar hal etilmas ekan, Amerika kompaniyalarining kelishi qiyin. Ular qiziqadi albatta, va bu borada ishlaydigan tashkilotlar bor... Amerika kompaniyalari qonunlarga bosh egishi kerak, nafaqat O’zbekistonda balki butun dunyo bo’ylab. Biz O’zbekiston hukumati bilan muloqotda AQSh bizneslari uchun qanday sharoit zarurligi va bunga qanday qilib erishish mumkinligi haqida aytib kelamiz. Men Toshkentda ekanman, buni to’xtatmayman."

Elchining Vashingtondagi rahbari, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Nisha Bisvol deydiki, Obama ma'muriyatining asosiy e'tibori hozir mintaqada ikki masalada: iqtisod va xavfsizlik. Rossiyadagi moliyaviy inqiroz Markaziy Osiyo, xususan O'zbekistonga ham o'z ta'sirini o'tkazmoqda.

Respublika xorij sarmoyasi uchun imtiyozlar e’lon qilgan, Davlat mulk qo’mitasi yuzlab korxonalarni sotuvga qo’ygan. Ular orasida hozirgacha davlat tasarrufida bo’lgan 50 dan oshiq yirik kompaniyalar mavjud.

AQSh biznes doiralari mintaqada eng katta sarmoyani Qozog’istonda qilgan. O’zbekistonda esa ular moliyaviy tizim va siyosiy bosimlardan noliydi. Eng muvaffaqiyatli biznes hamkorlik deya “GM-O’zbekiston” qo’shma korxonasi misol keltiriladi.

Qozog’istonlik ekspert Dosum Satpayev deydiki, aslida Qozog’iston va O’zbekistonda siyosiy tuzum bir-biriga o’xshash, ammo iqtisodiy yondashuv o’zgacha.

“Islom Karimov uchun avval boshdanoq iqtisod ustidan dastlaklarni saqlab qolish muhim edi. Xuddi sovet davri uslubidagi boshqaruv saqlab qolindi. O’zbekiston iqtisodida davlat o’rni muhim, o’yin qoidalarini davlat, hokimiyat belgilab beradi. Nazarboyev esa boshidanoq iqtisodni xorij samoyasini keng jalb qilish hisobiga rivojlantirish yo’lini tanladi. Buning uchun sarmoyadorlarga katta imkoniyat yaratib berildi, rag’batlantirib borildi. Ayrim davlatlar bilan vizali tartib ham cheklangan tarzda bekor qilindi. Iqtisodiy siyosatdagi bu farqlarni bugun O’zbekistonda oligarxlar sinfi rasman yo’qligida, Qozog’istonda esa oligarxlar sinfi siyosiy boshqaruvda rol o’ynay boshlaganida ham bilinadi”, - deydi Satpayev.

O’zbekiston hukumati davlat korxonalaridan 15 foizgacha ulush sotib olgan sarmoyadorlarga soliq va daromad to’lovida imtiyozlar beriladi. Ayni damda 900 million dollardan oshiq qiymatdagi davlat aksiyalari sotuvga qo’yilgan.

Dosum Satpayev tahlilicha, investorlarni faqat hukumat qarorlari, imtiyozlari bilan jalb etish qiyin masala. Biznes uchun siyosiy tuzum va uning istiqboli juda muhim.

“Bu borada O’zbekiston va Qozog’istonda vaziyat o’xshash, ayniqsa siyosiy merosxo’rlik masalasi hal etilamagan bir paytda. Shunday ekan, mintaqaga sarmoya kiritmoqchi bo’lgan investorlar oldidagi imkoniyatlar ancha cheklangan”, deydi Satpayev.

O’zbekiston – mintaqada eng ko’p aholi va eng katta mehnat kuchiga ega davlat. Iste’mol bozori keng. Arzon. Ammo iqtisodiy boshqaruvda, sarmoya kafolatida bunday deyish qiyin.

“Amerika Ovozi” O’zbekistonga qiziqqan xorijiy bizneslarga murojaat qilganida, ular bu borada gapirishni istamaydi. Respublikada faoliyat yuritayotganlar esa hamkorlik yaxshi deyish bilan cheklanadi. Muammolar haqida og’iz ochish ularga qimmatga tushishi mumkinligini tan oladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG