O'zbekiston iqtisodiyotida islohotlar davri boshlandimi?


Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashuvda

O`zbekiston valyuta bozorini erkinlashtirmoqchi, prezident tomonidan muhokama uchun taqdim etilgan bu boradagi qaror loyihasi iqtisodda jiddiy o`zgarishlar kutilayotganidan darak sifatida talqin etilmoqda.

"Valyuta sohasini erkinlashtirish to`g`risida" deb nomlangan bu hujjat Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan. Ayni paytda muhokama uchun jamoatchilik e`tiboriga havola qilingan bu qarorning hukumat tomonidan tasdiqlanishi kutilyapti. Ayrim sharhlovchilarga ko`ra, valyuta bozorini erkinlashtirish qarori Mirziyoyevning hukumatdagi boshqa guruhlar bilan sulhga borayotganidan darak bermoqda.

O`zbekistonda valyuta bozorini, konvertatsiyani erkinlashtirish uzoq kutilgan islohotlardan, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan qaror loyihasi shu islohotlarni boshlab berishi mumkin.

Hukumat portalida jamoatchilikka havola qilingan qaror loyihasi valyuta savdosi bo`yicha mavjud cheklovlarni bekor qilishni ko'zlaydi. Qarorda Markaziy Bank ruxsatnomasidan voz kechish, pul o`tkazmalarini valyutada o`tkazish, xorij valyutasi qiymatini bozor narxida belgilashning chora-tadbirlarini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Shuningdek, 10 ming AQSh dollarigacha bo`lgan mablag`ni maxsus ruxsatnomasiz, xususan, 2 ming AQSh dollarigacha bo'lgan pulni deklaratsiya to'ldirmasdan olib chiqishga ruxsat beriladi.

Sharhlovchilar taqdim etilgan qaror loyihasi va amaliyoti o`rtasida farqlar bo`lishini ehtimoldan soqit qilishmaydi.

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko`ra, O`zbekistondagi valyuta siyosati, mavjud cheklovlar, dollar turlicha qiymatlanishi korrupsion guruhlar uchun daromad manbai bo`lib kelayotgan edi, loyihada bu tizimning qanday bartaraf etilishi aniq ko`rsatilmagan.

“O`zbekistonda dollarning qora bozordagi, birjadagi, shuningdek, davlat belgilagan rasmiy kursi mavjud, ular o'rtasidagi farq esa ancha katta. Davlat ham, korrupsiyaviy guruhlar ham bundan manfaatdor. Zarar ko`rayotganlar esa, asosan, tadbirkorlar, oddiy aholi, mamlakatda biznes yuritayotgan xorijlik ishbilarmonlar. Hozirgi qarorda bu kurslar o`rtasidagi farqlar qanday yo`q qilinishi aniq-ravshan ko`rsatilmagan. Ammo to`laqonli erkin konvertatsiya amalga oshirilishiga ishora beriladi, xolos. Biroq qanday amalga oshiriladi, bir narsa deyish qiyin”, - deydi Ilhomov.

O`zbekiston iqtisod ustidan davlatning nazorati o`ta kuchli bo`lgan mamlakatlardan hisoblanadi. Karimov davrida shakllangan bu siyosat tufayli ko`plab investorlar O`zbekistonni tark etdi, tadbirkorlik faoliyati ustidan keskin nazorat o`rnatildi, konvertatsiya yopiqligi jiddiy to`siqlar yaratdi.

Karimovdan so`ng hokimiyatga kelgan, uning siyosatini davom ettirishga va`da bergan Shavkat Mirziyoyev iqtisodni liberallashtirishga yo`l ochayotgani bir nechta sabablar bilan izohlanayapti.

“Gap shundaki, Mirziyoyev hozir o`z hokimiyatini legitimlashtirishi kerak. Buning uchun u boshqa guruhlar bilan murosaga borishi lozim. Nazarimda bu qarorning yuzaga kelishi Mirziyoyevning Rustam Azimov, Rustam Inoyatov yetakchiligidagi guruhlar bilan murosaga borayotganini ko`rsatadi. Hukumatda Rustam Azimovni tamsil etib kelayotgan texnokratlar guruhi, moliyaviy tashkilotlar, banklar anchadan buyon biznes yuritishning zamonaviy usullarini joriy etish g`oyasini ilgari surib kelishayotgan edi. Eski sovet tuzumining sodiq vakili bo`lgan Karimov esa bu go`yalarni inkor etib kelgan, iqtisodni markazlashgan nazoratda ushladi. Hozirgi sharoitda bunday usul bilan mamlakatga sarmoya jalb qilib bo`lmaydi”, - deydi Ilhomov.

O`zbekiston matbuotida qaror loyihasi iqtisodiy siyosatda kutilayotgan yirik islohot sifatida taqdim etilmoqda. Hukumat portaliga joylashtirilgan qaror loyihasi muhokamalar qo`zg`agani kuzatiladi.

Ayrim foydalanuvchilar nima sababdan hukumat darajasidagi qaror davlat tilida emas, faqat rus tilida taqdim etilayotganidan norozilik bildirgan. Qaror muhokamadan o`tganidan so`ng qabul qilinishi kutilmoqda.

“Karimov davrida ham juda ko`p yaxshi qarorlar qabul qilingan va hammasi qog`ozda qolib ketgan, bu qarordan qanday natijalar bo`lishini faqat uning amaliyotga qanday tatbiq etilishi ko`rsatadi”, - deydi Ilhomov.

O`zbekistonda 4-dekabr kuni prezidentlik saylovlari o`tadi. Prezidentlikka asosiy da`vogar Shavkat Mirziyoyev o`z saylov dasturida iqtisodiy yuksalish, tadbirkorlikni rivojlantirishga diqqat qaratmoqda. Muvaqqat prezident avvalroq huquq tartibot organlarining tadbirkorlar faoliyatiga aralashishini cheklashga qaratilgan qaror imzolagan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG