Breaking News

O'zbekistonda pul: davlat qanday moliyaviy siyosat olib bormoqda?


10000 so'mlik banknot
10000 so'mlik banknot

O`zbekistonda 10-martdan boshlab 10 ming so`mlik muomalaga kiritiladi. Qiymati 1 AQSh dollaridan sal oshiq baholanayotgan bu banknot tobora qadrsizlanib borayotgan o`zbek so`mi taqdiriga yechim emas.

Mutaxassislarga ko`ra, mamalakatda pul aylanmasini ta`minlash uchun 100 ming so`mlik joriy etish lozim, ammo hozirgi mavjud sharoitda so`m qiymatini o`zgartirish, denominatsiya qilishdan ham natija kutish qiyin. AQSh dollarining so`mga nisbatan qiymati ko`tarilib borayotgani yangi prezidentning oylik maoshlarni oshirish qarori bilan ham bog`liq ko`rilmoqda.

Markaziy Bank axborotiga ko`ra, 10 ming so`mlik yangi pul 10-martdan boshlab muomalaga kiritiladi. Yangi qiymatdagi so`m AQSh dollarining rasmiy va norasmiy kursi shiddat bilan o`sib borayotgan bir paytda kuzatilmoqda. Ayni paytdagi kursga ko`ra, 10 ming so`mlik qiymati 1,5 AQSh dollariga yaqin holda iste`molga kiradi.

Yangi qiymatdagi so`m mamlakat moliya va pul tizimida biror o`zgarish qilishi qiyin, deydi mutaxassislar. Allaqachon, 100 ming so`mlikni joriy etish fursati kelgan, deydi ular.

Uzoq yillar O`zbekiston Moliya vazirligida ishlagan iqtisodchi Saparboy Jubayevga ko`ra, O`zbekiston hukumati 10 ming so`mlikni ancha kechikib iste`molga chiqarmoqda.

“Hozirgi kursga ko`ra, 10 ming so`mlik qiymati atigi 1,4 -1,5 AQSh dollari miqdorida. Shuning uchun buning biror iqtisodiy ta'siri bo`ladi, deyish juda qiyin. Bu ancha avval amalga oshirilishi kerak edi. Masalan, Qozog`istonda 20 minglik tanga bor, qiymati 65 dollarga to`g`ri keladi. Ya'ni, bankomatlar, terminllar ishlay oladi. O`zbekistonda avval 5 ming so`mlik chiqdi, hozir mana 10 ming so`mlik. Har ikkisining qiymati ham bir AQSh dollari atrofida, ya'ni bu qiymat bilan bankomatlarning ishlashi juda qiyin. Undan tashqari, hisob-kitob, pul sanash, hammasi juda murakkablashib ketgan”, - deydi Jubayev.

Hukumat qaroriga ko`ra, 1-martdan boshlab savdo markazlari to`liq terminallar bilan ta`minlanishi, mamlakat bo`ylab bankomatlar o`rnatilishi kerak edi. Ammo milliy valyutaning qadrsizlanib borayotgani, 100 AQSh dollarining deyarli 700 ming so`mga to`g`ri kelayotgani bankomatlarning 100 dollar qiymatidagi so`m bilan to`lib qolishi mumkinligini ko`rsatadi.

“Kamida, 100 ming so`mlik ishlatilishi kerak. Nega buncha mayda pul ishlatilayotganini hech kim tushunmaydi. Men, masalan, moliyada 30 yildan ortiq ishladim, lekin buni tushunish qiyin. Arag 100 ming so`mlik chiqarilganda ham, bu baribir 15 dollar atrofida bo`ladi. Pul aylanmasi normal ishlashi uchun esa hech bo`lmaganda 50-60 AQSh dollariga to`g`ri keluvchi banknot bo`lishi kerak”, - deydi Saparboy Jubayev.

Dunyo iqtisodida o`zbek so`mi bilan bog'liq vaziyatga o`xshash misollar ko`p. Bir necha yillar avval Turkiya iqtisodida ham shunga o`xshash holat yuzaga kelgan, 1 AQSh dollarining qiymati bir necha ming turk lirasini tashkil etgan edi. Turkiyada bu muammo denominatsiya qilish, liradagi ortiqcha nollardan voz kechish bilan hal etildi.

Shunday ekan O`zbekiston hukumatining bu tajribani qo`llashiga nima to`sqinlik qilayapti?

“Bunga hech narsa xalaqit qilmaydi, faqat hisob-kitob masalasida o`zgarish bo`ladi. Ammo masalaning boshqa, psixologik tomonlari ham bor. Masalan Turkiyada 1 millionning 6 ta nolini olib tashlagan paytda,1 dollarga bir lira to`gri keldi, ammo ertasiga 1 dollar 1,1 yoki 1,2 qiymatiga to`g`ri kelsa ham odamlar qabul qilaveradi. Agar bu 1 million 200 ming ko`rinishida bo`lsa, odamlar o`ylab qoladi, demak inflyatsiya bo`layapti deb. Shuning uchun ham hozir o`zbek so`midan nollarni olib tashlash, denominatsiya qilishga hojat yo`q. Hozir dollar 7 ming so`m, shuni 7 so`mga o`zgartirsak, ertaga 8, 9 so`mga chiqsa ham qabul qilaveramiz, bir so`m hech narsa emas deb. 7 ming 8 mingga o`zgarganda esa boshimizni qashiymiz”, - deydi Saparboy Jubayev.

O`zbekiston Markaziy Banki 10 ming so`mlikni joriy etishdan sal avvalroq 5 ming so`mlik muomalaga kiritilgan, uning o`sha paytdagi qiymati ham hozirgi 10 ming so`mlik qiymatiga yaqinroq edi. Valyuta bozori bilan bog`liq so`nggi vaziyat AQSh dollarining so`mga nisbatan qiymati shiddat bilan o`sayotganini ko`rsatmoqda.

Saparboy Jubayevga ko`ra, Shavkat Mirziyoyevning ayrim qarorlari, jumladan, oylik maoshlarni ko`tarish haqidagi ko`rsatmasi ham AQSh dollari qiymati oshishiga sabab bo`lgan.

“Bu prezidentimiz Shavkat Miromonovichning byudjet tashkilotlariga beriladigan maosh miqdorini 10 foizga oshirish qarori bilan ham bog`liq, shuning ta'siri bo`ldi. Qolaversa, dollarning rasmiy kursi ham bir necha marta ko`tarildi. Ya'ni bozordagi va rasmiy kurs o`rtasidagi farqni qisqartirishga harakat bor. Lekin bularning hammasi, baribir, makroiqtisodiy ko`rsatkichlarga asoslanadi. Ya'ni yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish ko`rsatkichiga. O`zbekistonda bu ko`rsatkich har yili 7 foizni tashkil qiladi, ammo umumiy vaziyatga qarash bu raqamlarga nisbatan shubha uyg`otadi”, - deydi Jubayev.

O`zbekistonda 10 ming so`mlikni muomalaga kiritishga hozirlik ko`rilar ekan, bu banknotda marhum prezident Islom Karimovning surati joylashtirilgani haqida xabarlar ham chiqqan edi. Markaziy bank tomonidan 10 ming so`mlik rasman taqdim etilar ekan, bu xabarlar o`z tasdig`ini topmadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG