O'zbekiston: Prezidentlikka nomzodlar o'zaro debatlardan voz kechdi


O'zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasi yakunlanyapti. Kelayotgan yakshanba prezident saylanadi, ammo xalq nomzodlarning o'zaro munozarasiga, debatlariga guvoh bo'lmadi.

Rasmiy partiyalar o'z nomzodlari bunday bahslardan ixtiyoriy ravishda voz kechganligini bildirmoqda. Saylov qonunchiligiga ko'ra, debatlar o'tkazilishi majburiy emas, ammo nomzodlarning yakdillik bilan bunday munozaradan voz kechishi saylov natijasining avvaldan hal etilgani bilan bog'liq ko'riladi.

Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar o'rtasida debatlar o'tkazilmayotgani yuzasidan jamoatchilikka izoh bermagan.

“Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod Sarvar Otamurodovning matbuot xizmatiga ko'ra, nomzodlar orasida eng yoshi bo'lgan Otamurodov bunday imkoniyatdan foydalanishni istamagan.

Partiya saylov shtabi vakili "Amerika Ovozi"ga quyidagicha bayonot berdi:

“Saylov targ'ibotining bir nechta turlari mavjud - uchrashuvlar, konferensiyalar, turli tadbirlar o'tkazish orqali, ammo hech qayerda nomzod saylov targ'ibotini debatlar shaklida o'tkazishi shart deb yozilmagan. Nomzod o'zi tashviqot turini tanlash huquqiga ega. Bizning nomzodimiz eng yosh nomzod hisoblanadi, shuning uchun targ'ibot kampaniyasini saylovchilar bilan uchrashuvlar, turli tadbirlar vositasida o'tkazishni tanladik. Debat masalasida esa bizning nomzodning o'zlari xohish bildirmadilar. Yoshman, tajribaga ega emasman, deb”.

Ammo Markaziy saylov komissiyasi tomonidan debatlar masalasida taklif bo'lgan.

“Markaziy saylov komissiyasi taklif bergan, har bir partiya o'z xohishiga ko'ra tanlab olgan. Men boshqa partiyalar uchun javob bermayman, lekin bizni partiya debatlardan boshqa tashviqot turlarini o'tkazish hisobiga voz kechdi”, - deydi "Milliy tiklanish" vakili.

Hatamjon Ketmonov nomzodini ilgari surayotgan O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashidan nomzodning nima sababdan debatlardan voz kechgani haqida ma'lumot olishning imkoniyati bo'lmadi. Partiya vakili bu borada faqat nomzodning saylov shtabi javob berishi mumkinligi, ammo shtab boshlig'i hozir yig'ilishda ekanligi aytish bilan cheklandi.

Qolgan ikki nomzod, “Adolat” partisiyasi vakili Narimon Umarov va O'zbekiston Liberal-demokratlaridan Shavkat Mirziyoyev ham saylov debatlaridan voz kechishgani aniq. Saylovni debatlarsiz o'tkazishga kelishilgan ko'rinadi.

“Adolatli saylovlar” nodavlat tashkiloti rahbari Abdulla Tojiboy o'g'li nomzodlarda debatlar o'tkazishga xohish yo'qligini saylov taqdirining oldindan hal etilgani bilan izohlaydi:

“Yangi prezident kim bo'lishi aniq. Qolgan uch nomzod esa xalqni, xalqaro jamoatchilikni ko'zini bo'yash uchun, saylovlarni demokratik tarzda o'tganini ko'rsatish uchun ishtirok etishayapti, xolos”, - deydi u.

Markaziy saylov komissiyasi hozirgacha 50 mingdan oshiq fuqaro muddatidan avval ovoz bergani, mingdan oshiq jurnalistlar ro'yxatdan o'tkazilgani, O'zbekistonda ish boshlagan MDH missiyasi saylov kampaniyasi ochiq, shaffof, raqobatga boy tarzda o'tayotganini ta'kidlagani haqida xabar tarqatmoqda.

O'zbekistonda bu safargi saylov muddatidan oldin o'tkazilmoqda. Mamlakatni 27 yil boshqargan Islom Karimov 79 yoshida miyaga qon quyilishi tufayli vafot etdi. Shundan so'ng sentabr oyida parlamentning qo'shma majlisi chaqirildi, muvaqqat prezidentlik qonunchilikda ko'rsatilganidek Senat raisiga emas, amaldagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga o'tdi.

Mirziyoyev xalqqa islohotlar va'da qilishi bilan umid uyg'otdi. Saylov yaqinlashar ekan, bu umidlar tobora zaiflashayotgani kuzatiladi:

“To'g'risi, men hozirga kelib ishonchni yo'qotdim. Birinchi kunlari rostdan ham o'zgarishlar qiladi degan umidda edim. Ammo bu shunchaki o'zini ko'rsatish uchun targ'ibot o'yini, tuzumni, sistemani o'zgartirish uchun hech narsa qilinayotgani yo'q. Bu tuzum yo'qotilmas ekan, Mirziyoyev avtomatik tarzda diktator bo'lib qolaveradi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.

Yangi prezident uchun 4-dekabr kuni ovoz beriladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG