Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik uchun nomzodi rasman tasdiqlandi


O'zbekistonning muvaqqat prezidenti va prezidentlik uchun nomzod Shavkat Mirziyoyev

O'zbekistonning muvaqqat prezidenti va prezidentlik uchun nomzod Shavkat Mirziyoyev

O'zbekiston prezidentligi saylovlarida qatnashayotgan barcha nomzodlar rasman tasdiqlandi. Liberal demokratlar partiyasidan ko'rsatilgan Shavkat Mirziyoyev saylov dasturining muhim yo'nalishlarini e'lon qildi.

Islom Karimov g'oyalarini izchil amalga oshirishni asosiy burchi deb bilayotgan Mirziyoyev “xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun xizmat qiladigan vaqt” kelganini ta'kidlamoqda. Dasturda uzoq kutilayotgan islohotlar - so'z erkinligi, inson huquqlari masalasi o'ta mavhum ifodalangan.

Prezidentlikka nomzodlar - Shavkat Mirziyoyev, Hotamjon Ketmonov, Narimon Umarov va Sarvar Otamurodov. Rasmiy partiyalar nashrlari ularning saylov dasturi bo'yicha ma'ruzalarini e'lon qilmoqda.

Mirziyoyev ham O'zbekiston liberal demokratlar partiyasini syezdida o'z saylov dasturi bo'yicha batafsil ma'ruza bilan chiqdi.

Asosan, iqtisodiy ko'rsatkichlarga tayanilgan bu ma'ruza ijtimoiy-siyosiy hayotda keskin islohotlar o'tkazilishidan darak bermaydi, ammo xalq kutgan va'dalar bilan boyitilgan. Mirziyoyev Islom Karimov siyosatini davom ettirish uning asosiy burchi ekanligini alohida ta'kidlaydi, ammo amaldagi davlat boshqaruvi tizimini tanqid ostiga olar ekan, “xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilish vaqt kelganini” e'lon qiladi.

Dasturda Mirziyoyevning matbuot va jamiyat erkinligi, inson huquqlari borasidagi qarashlari mavhum belgilangan. O'tgan davr mobaynida OAVni rivojlantirish uchun katta ishlar qilinganini ta'kidlagan muvaqqat prezident, kelgusida bu ishlar izchil davom ettirilishini aytish bilan kifoyalanadi.

Inson huquqlari masalasida ham xuddi shunday. Muvaqqat prezident ma'ruzasida inson huquqlarini Karimov davrida amalga oshirilgan tizimli ishlar bilan eslatib ketadi, xolos.

Mirziyoyev dasturining aksariyat qismi mamlakat iqtisodiy ko'rsatkichlari, bu boradagi islohotlarga, aholi turmushini yaxshilash, ish o'rinlari yaratish, ta'lim, sud-huquq tizimi islohotlariga qaratilgan.

Nomzodning tashqi siyosat bo'yicha ma'lum qarashlari o'zgarishga yuz tutmagan: O'zbekiston harbiy bloklarga qo'shilmaydi, xorij harbiy bazalarini mamlakatda joylashtirmaydi, o'zga davlatlar ichki ishiga aralashmaydi, qo'shni davlatlar bilan aloqani ustuvor hisoblaydi.

Islom Karimovning 27 yillik avtoritar boshqaruvi yakunlanishi ortidan 8-sentabr kuni muvaqqat prezidentlikni qo'lga kiritgan Shavkat Mirziyoyev mamlakatda uzoq yillar kutilgan islohotlar boshlanishi mumkinligi haqida nafaqat oddiy aholi, balki tuzumga muxolif guruhlarda ham ma'lum umidlar uyg'otdi.

Bu umidlarga Mirziyoyevning davlat boshqaruvidagi dastlabki faoliyati, hukumat va ayrim muxolifatchilar o'rtasida bilvosita aloqa yuzaga kelgani sabab bo'ldi. Namoz Normo'min Mirziyoyevdan islohotlar kutayotgan, hukumatga o'z siyosiy dasturini taqdim etgan muxolifatchilardan biri.

“Men hukumatga taqdim etgan siyosiy dasturda yetti bo'limdan iborat islohotlar mavjud, jumladan, din, ta'lim va inson huquqlari sohasida ham. Dalillar bilan aytadigan bo'lsam, shu islohotlardan ikkitasi hozir Mirziyoyev tomonidan amalga oshirila boshlandi. Bularning birinchisi qo'shni davlatlar bilan aloqalarni yaxshilash, qayta ko'rib chiqish edi. Ikkinchisi yanada muhimroq, ichki siyosatga doir; tadbirkorlarga keng yo'l ochish edi. Bu borada ham Mirziyoyev alohida farmon qabul qildi, tadbirkorlikka keng yo'l ochildi. Men hukumat shu yo'nalishda siyosatini davom ettirishiga umid qilayapman”, - deydi u.

Ammo Mirziyoyev Karimov davrida yaratilgan tuzumga sodiq qolishiga, dastlabki o'zgarishlarni muvaqqat prezidentning saylov kampaniyasi sifatida qabul qilayotgan, O'zbekistonning xalqaro jamoatchilik uchun yopiqligicha qolishiga ishonayotgan faollar ham ko'pchilik.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva:

“Biz hozirgacha birorta siyosiy mahbus ozodlikka chiqqani haqida eshitmadik. Ehtimol, keyingi oylarda shunday xushxabar chiqib qolishiga umid qilish mumkindir. Yoki ko'pchilikni bezovta qilib kelayotgan masala - chiqish vizasini bekor qilish bo'yicha ham biror yangilik bo'lmadi. Ehtimol, mamlakatga “Human Rigts Watch” qaytganda ham qandaydir ijobiy o'zgarishlar haqida gapirish mumkin edi, lekin bu ham yo'q. Mirziyoyev hozir real islohotlar qilish emas, shunchaki, dekorativ o'zgarishlar qilish bilan band. Muvaqqat prezidentlik lavozimidan saylov kampaniyasi yo'lida foydalanmoqda. Men undan biror islohotlar bo'lishiga ishonmayman. Aksincha, vaziyat yanada og'irlashishi mumkin. Siyosiy huquqlarga yo'l ochilmas ekan, boshqa huquqlar tiklanmaydi”.

Saylov 4-dekabrda o'tadi. Saylovda Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, “Adolat” sotsial demokratlar partiyasidan Narimon Umarov, “Milliy Tiklanish” partiyasidan Sarvar Otamurodov muqobil nomzod sifatida qatnashmoqda, ammo hukumatni yoqlash bilan tanilgan bu rasmiy partiyalarning nomzodlari saylovda haqiqatan raqobatchi bo'lishiga ichonch juda kam.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG