Markaziy Osiyo O'zbekistondagi saylovni kuzatmoqda


Markaziy Osiyo ahli O’zbekistonda prezident saylovi ortidan ijobiy o’zgarishlar boshlanishiga umid qilmoqda.

Toshkent mintaqaviy hamkorlik rivojiga qanday hissa qo’sha oladi? O’zbekiston va mintaqa davlatlari munosabatlarida qanday dolzarb masalalar hamda ustuvor yo’nalishlar ko’zga tashlanadi? Qo’shni o’lkalarda istiqomat qilayotgan o’zbek jamoalari O’zbekistonning yangi rahbariyatidan nimalar kutmoqda?

Qirg’izistonning O’sh shahrida yashovchi iqtisodchi Erkin Abdurazoqovning aytishicha, O’zbekiston bilan an’anaviy, har tomonlama tig’iz aloqalarni tiklash vaqti keldi.

Suhbatdosh ta’biricha, iqtisodiy-siyosiy jihatdan ancha taraqqiy etgan, dunyoda o’z o’rniga ega ushbu o’lka bilan jiddiy hamkorliksiz mintaqada olg’a siljish yuz berishi qiyin.

Uning aytishicha, ayniqsa, qishloq xo’jaligi, sanoat, transport, oqin suv ta’minoti hamda energetika sohalarida Qirg’ziston va O’zbekiston aloqalarida keng ufqlar ochiladi. Buning uchun birinchi navbatda chegaralarni xatlash jarayonini yakunlash hamda bordi-keldini yengillatish darkor.

Erkin Abdurazoqov O’zbekistonning Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirib qolishi ehtimolidan umidvor. Unga ko'ra, bu holda an’anaviy aloqalar tezroq taraqqiy etadi. Ayni paytda ushbu mutaxassis Markaziy Osio o’lkalari uchun mintaqaviy uyushma eng istiqbolli yo’nalish, deb hisoblaydi.

Yaqinda O’sh viloyatida ish boshlagan Q’rg’iz-O’zbek Savdo uyining rahbarlaridan biri Abduboqi Tolipov iqtisodiy aloqalar rivoj topishi uchun tomonlar tegishli qonuniy baza tuzishlari lozimligini ta’kidlaydi.

“Qisqa muddat ichida chegaraning 55 uchastkasi bo’yicha bir fikrga kelindi. Bu tomonlar munosabatlarida keskin siljishdan dalolat. Ziddiyatli masalalar yechilishi ortidan hamkorlikka yo’l ochilayapti”, - deydi musavvir, qalamkash va tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev.

Suhbatdoshning aytishicha, Qirg’izistonda o’zbekzabon maktablarning kelajagi borasida shubhalar paydo bo’la boshlagan bir paytda O’zbekiston bosh vaziri o’rinbosarining qo’shni o’lka yoshlari uchun “O’zbekiston oliy o’quv yurtlari eshiklari ochiq” degan so’zlari ko’pchilikka umid bag’ishladi.

Mahmudjon Qozoqboyev nazarida, mintaqa o’lkalari yagona axborot hududi g’oyasiga qaytishlarini zamonning o’zi taqozo etmoqda.

“Aks holda chetdagi g’arazli kuchlar qo’lida mintaqa o’lkalari aholisining fikrini chalg’itish, oraga nizo solish imkoni qolaveradi”, - deydi u.

Qirg’iz parlamentining sobiq deputati, respublikada xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi Bo’riboy Jo’rayev o’z paytida Qirg’izistonning O’zbekistondagi savdo vakolatxonasi rahbari bo’lgan. Unga ko'ra, iqtisodiyot sohasida ikki o’lka hamkorligi uchun imkoniyatlar juda ko’p va bu imkoniyatlarni ishga solish zarur.

“Xamir uchidan patir deganday, aloqalarimizni izga tushirish yo’lida birinchi qadamlar qo’yildi. Odamlarning ruhi shu qadar ko’tarilganki, buni ko’rib, albatta, kelajakka umid bilan qaraysan kishi”, - deydi Jo’rayev.

XS
SM
MD
LG