O'zbekiston o'zini AQShda qanday targ'ib qilmoqda?


O'zbekistonning AQShdagi elchixonasida madaniy-tarixiy galereya bor

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasida madaniy-tarixiy galereya bor

14-dekabr kuni O’zbekistonning AQShdagi elchixonasida o’tgan madaniyat kechada milliy ohanglar yangradi. Katta dasturxon yozildi. "Ipak Yo'li" raqs dastasi ijrosida konsert berildi.

Vashington Xalqaro Klubi deb nomlangan xususiy tashkilot AQSh poytaxtidagi elchixonalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Maqsad ezgu, deydi uning rahbari Sanjaya Xettixeva, amerikaliklarning dunyoqarashi va global bilimini oshirish. Klub shu kunlarda butun e’tiborini O’zbekistonga qaratgan.

"Amerika va respublika orasidagi aloqalar yaxshilanib borar ekan, bu mamlakatga safar qilish uchun imkoniyatlar kengaymoqda", - deydi Sanjaya Xettixeva.

"O’zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga hissa qo’shmoqchimiz", - deydi u.

Vashington Xalqaro Klubi a’zolari asosan siyosiy, biznes va ilmiy doiralar vakillari, ya’ni sayohat qilishga qurbi yetadigan amerikaliklar.

"A’zolarimiz orasida qiziqish qanchalik oshsa, aloqalar shunchalik mustahkamlanadi va hamkorlik kengayadi", - deya ishonch bildiradi Sanjaya Xettixeva.

"O’zbekiston desangiz nafaqat Vashington, balki butun Amerika bo’ylab odamlar Samarqand, Buxoro va Xiva singari tarixiy maskanlar haqida o’ylaydi. Ularga ko’proq ma’lumot berish, tarix va madaniyat haqidagi tasavvurini oshirish kerak. Xalq, uning tili, urf-odatlari, san’ati, taomlari… Klubimiz a’zolari mana shunga juda qiziqadi ”, - deydi Vashington Xalqaro Klubi prezidenti.

Sanjaya Xettixeva, (Hettihewa) Vashington Xalqaro Klubi rahbari

Sanjaya Xettixeva, (Hettihewa) Vashington Xalqaro Klubi rahbari

"Biz amerikaliklarga elchixonaga kelib, bu davlat bilan yaqindan tanishishni, elchi janoblari va boshqa diplomatlar bilan muloqot qilish imkoniyatini beramiz. O’zbekiston elchixonasi Vashington yuragida, diplomatik idora va vakolatxonalar qatorma-qator joylashgan shoxko’chadan o’rin olgan. Aynan shu elchixona Amerika poytaxtidagi eng ko’rkam, tarixiy va salobatli imoratlardan biri. Har bir zal did bilan bezatilgan. O’zbekiston tarixi va madaniyati bilan tanishtiruvchi boy galereya bor. Shuningdek, butun elchixona bo’ylab devorlarda o’zbek tasviriy san’ati namunalarini ko’rasiz. Konsertlar va madaniyat kechalari uyushtirib turiladi, xuddi mana bugungidek. Umrida O’zbekiston haqida eshitmagan yoki bilmagan odam bu yerga kelib bir dunyo bilim olishi muqarrar", - deydi Sanjaya Xettixeva.

O’zbekistonning AQShdagi muvaqqat va muxtor elchisi Ilhom Ne’matov deydiki, bugun ikki davlat orasidagi aloqalar yangi pog'onaga ko'tarilgan.

O’zbekiston mustaqillikning 20 yilligini nishonlar ekan, nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki madaniyat sohasida erishilgan yutuqlarni dunyo ahli bilan ulashish maqsadga muvofiq, deydi diplomat.

"Mana shu 20 yil davomida biz o’z madaniyatimiz, tariximiz va urf-odatlarimizni tikladik. Bu O’zbekistonning obro’si. Xabaringiz bor, O’zbekiston juda katta, chuqur, boy tarixga ega. Uzoq-uzoq asrlarga borib taqaladi",- deydi u, "Amerika Ovozi" bilan muloqotda.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Ilhom Ne'matov Vashingtonda Kongress Kutubxonasi yetakchi mutaxassisi Roberta Shaffer bilan, 16-dekabr, 2011

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Ilhom Ne'matov Vashingtonda Kongress Kutubxonasi yetakchi mutaxassisi Roberta Shaffer bilan, 16-dekabr, 2011

Ilhom Nema’tov elchixonada namoyish etilgan filmga ishora qilib, "bizning zaminda ko’plab buyuk insonlar yashab o’tgan", - deydi.

"Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Ibn Musa Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy, Mirzo Ulug’bek, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy… Bular hammasi O’zbekistonning nihoyatda katta boyligi. Asosiy maqsadimiz buni nafaqat Amerika, balki butun dunyoga tarqatish".

Ilhom Ne’matovning qayd etishicha, O’zbekiston, qiyinchiliklarga qaramasdan, iqtisodiy jihatdan olg’a siljimoqda va xalqaro hamjamiyat buni tan olmoqda.

"Xalqaro Valyuta Fondi, Jahon Banki hisobotlariga ko’ra, O’zbekistonda nafaqat mintaqadagi qiyinchiliklar, balki global inqirozga qaramay, o’tgan besh yil davomida iqtisodiy o’sish 8-9 foizda bo’ldi, ya’ni milliy daromad har yili 8-9 foizga o’sib borayapti".

Xususan yengil sanoat va avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanmoqda, deydi elchi. Amerika bilan biznes hamkorlik yaxshi ketayotganiga misol sifatida u “General Motors” kompaniyasining O’zbekistondagi qo’shma korxonasini ko’rsatadi.

O'zbekistonning AQShdagi elchixonasiga yaqindan nazar:

Elchixona o’tkazayotgan madaniy tadbirlardan O’zbekiston aholisiga nima foyda?

"Bu tadbirlardan asosiy maqsad O’zbekiston madaniyati va tarixini targ’ib qilish va mamlakatimizga sayyohlarni jalb etish, turizmni rivojlantirish",- deya javob beradi elchi.

Ilhom Ne’matov O’zbekistonning AQShdagi bosh diplomati sifatida turli shtat va shaharlarga borib turadi.

Amerikaliklar, elchi fikricha, O’zbekiston haqida bugun anday va qanchalik tasavvurga ega?

"O’zbekistonga qiziqish borgan sari oshib bormoqda. Iqtisodiy tomondan aytadigan bo’lsak, bugungi kunda O’zbekistonda Amerikaning yirik-yirik kompaniyalari, masalan “Honeywell”, “General Motors”, “Boeing” muvaffaqiyatli ishlamoqda. Bu degani O’zbekistonga qiziqish katta, nafaqat turistik, balki iqtisodiy jihatdan ham. Yaqinda o’tgan biznes forumda Amerikaning 21 kompaniyasi qatnashdi", - deydi Ilhom Ne’matov.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG