Xalqaro mehnat tashkiloti: "O'zbekistonda bu yilgi paxta terimini kuzatmayapmiz"


Kari Tapiola, Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarining maxsus maslahatchisi, O'zbekistondagi faoliyatga bosh-qosh

Kari Tapiola, Xalqaro mehnat tashkiloti rahbarining maxsus maslahatchisi, O'zbekistondagi faoliyatga bosh-qosh

Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labor Organization, ILO), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jenevada asoslangan agentligi, O’zbekistonda bugun o’z vakolatxonasiga ega. Majburiy menhat, xususan bolalar ekspluatatsiyasiga qarshi kurashda yordamlashishga bel bog’lagan tashkilot bu yilgi paxta terimini kuzatmayapti.

O’tgan yili ilk bor, cheklangan tarzda, monitoring olib borgan edi. Bolalar yoppasiga dalaga olib chiqilmayapti, deya xulosa qilingan o’shanda. Xo’sh, hozir Xalqaro mehnat tashkiloti O’zbekistonda nima bilan band?

O’zbekiston hukumatiga ko’ra, Xalqaro mehnat tashkiloti bu yilgi paxta terimini kuzatmoqda. Lekin agentlik buni inkor etadi.

Agentlik rahbarining maxsus maslahatchisi, Toshkent bilan aloqalarga bosh-qosh fin diplomati Kari Tapiola "Amerika Ovozi" bilan suhbatda masalaga oydinlik kiritdi:

“Bizning ekspertlarimiz o’zbek kuzatuvchilarini treningdan o’tkazmoqda. Terim boshida shu bois dalalarga borishgan, ammo biz o’zimiz vaziyatni monitoring qilayotganimiz yo’q”.

Shu bois, deydi Tapiola, tashkilot bu yilgi paxta mavsumi xususida biror hisobot chiqarmaydi.

2013-yilda O’zbekiston hukumati bu agentlikka dalalarga borish uchun ruxsat berganida, jarayonni boshdan oyoq o’zi boshqargan, ya’ni tashkilot har bir qadamini markaziy va mahalliy rasmiylar yo’rig’i bilan qo’ygan.

Tapiola deydiki, uning idorasi mezbon davlat bilan hamkorlik qilishi tabiiy. O’zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo ekan, “birga ishlaymiz albatta”, deydi u. O’tgan yili asosiy e’tibor bolalar dalada qanchalik ishlatilayotganiga berilgan. Xulosa shuki, “o’quvchilarning ekspluatatsiyasi sistematik emas”.

Biroq xalqaro va mahalliy huquq tashkilotlari, mustaqil faollar buning aksini aytadi. Bugun kamroq bola paxta terayotgan bo’lishi mumkin, lekin o’quvchilar hamon dalaga olib chiqilmoqda. Turli yoshdagi fuqarolarni yoppasiga majburiy mehnatga jalb etish kundalik ahvol. Xalqaro mehnat tashkiloti bergan hisobot, deydi huquq himoyachilari, haqiqatni aks ettirmaydi, chunki bu agentlik vakillari qayerga bormasin, kim bilan gaplashmasin, O’zbekiston rasmiylari va mahalliy mutasaddilar ularning oldidan jilmagan. Bunday sharoitda kim ham chet ellik delegatsiyaga ochiq gapiradi?

Kari Tapiolaning javobi shuki, xulosa professional kuzatuvchilar to’plagan ma’lumotlarga asoslangan. Fermerlardan tortib terimchilargacha, kasaba uyushmalari a’zolari va rasmiylar, kim bo’lmasin, olingan ma’lumot elakdan o’tkaziladi, tekshiriladi, tasdiqlanadi, deydi u.

“Bu yili O’zbekiston bizning monitoring usullarimizni o’zlashtirgan holda vaziyatni o’zi nazorat qilmoqda”,- deydi Tapiola.

Xalqaro menhat tashkiloti bolalar mehnatini kuzatish bo’yicha muayyan metodologiyaga ega. Lekin barcha yoshdagilarni majburiy mehnatga jalb etish jarayonini monitoring qilish bobida aniq dastur yo’q.

Tapiolaning tushuntirishicha, O’zbekistonda har yili izchil tekshiruv olib borish uchun katta resurs va eng muhimi, vakolat va ruxsat kerak. Xalqaro mehnat tashkilotida bular yo’q, deydi u. Hukumat so’ragan yordam berilayapti, ya’ni mahalliy “monitorlar”ni tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Toshkentdagi vakolatxona, deydi rasmiy, endi ish boshlamoqda. Idora mamlakatda mehnat bilan bog’liq qator masalalarga e’tibor qaratadi, xususan kasaba uyushmalari, ishchi huquqlari, tenglik, mehnat sharoiti va hokazo.

Siz bilan hamkorlik qilayotgani haqida bong urayotgan O’zbekiston hukumatida majburiy mehnat va bolalar mehnati muammosini hal etish uchun yetarlicha siyosiy iroda, xohish bor deb o’ylaysizmi? – deya so’raymiz Kari Tapioladan.

“Ikki yilcha oldin hukumat bu muammolar borligini tan olmas, olsa ham boshqacha tushuntirar edi. Masalaga boshqacha yondashar edi. Bugun inkor etishdan to’xtab, hamkorlikka o’tilgan. Umid qilamizki, birgalikda ijobiy natijalarga erishamiz”.

Xalqaro mehnat tashkilotining vakili deydiki, majburiy mehnatga qarshi kurash uzoq va murakkab jarayon bo’lishi aniq.

Paxtani kim terishi kerak? Bu soha, umuman olganda, qanday yuritilishi lozim? Dehqon huquqlari, milliy iqtisod va boshqa qator masalalar ko’rib chiqilishi kerak, deydi Kari Tapiola. Butun tizim islohoti, tub o’zgarishlar qilish zaruriyati haqida gap ketmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti O'zbekiston paxta dalalarida qonunlar qanchalik poymol etilayotganini kuzatish uchun mahalliy mutaxassislarni treningdan o'tkazmoqda. Lekin majburiy mehnatdek chuqur ildiz otgan muammoga qarshi kurashda hukumatga qanchalik ishonish mumkin? Mahalliy "monitorlar" hukumat bosimisiz ishlay oladimi?

AQShda asoslangan “Paxta kampaniyasi” (Cotton Campaign) – o’nlab kompaniya, nohukumat tashkilotlar, ekspertlar va faollarni birlashtirgan harakat - O’zbekiston paxta dalalarida ekspluatatsiyaga barham berishni maqsad qilgan. Bu guruh yaqinda Vashingtonda O’zbekiston elchixonasi oldida namoyish o’tkazdi. Respublika diplomatlari namoyishchilar bilan uchrashmadi.

O’zbekiston rasmiylariga ko’ra, plakatlarda yozilgan gaplar va umuman bu harakat iddaolari asossiz; namoyishchilar bilan uchrashishdan foyda yo’q; muhimi, Toshkent Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqda.

“Paxta kampaniyasi” esa hukumatga ochiq xat yozib, paxta dalalarida odamlarni zo’rlab ishlatib, ularning huquqini poymol etishni bas qilishga chaqirmoqda. Yevropaning turli shaharlarida ham shunday talablar bilan namoyishlar uyushtirildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti BMTning Jenevada asoslangan agentligi

Xalqaro mehnat tashkiloti BMTning Jenevada asoslangan agentligi

Bu guruh Xalqaro mehnat tashkiloti qo’yayotgan qadamlarni ham tanqid ostiga oladi. Uningcha, agentlik o’z faoliyatida xalq dardini ustun qo’yishi kerak, hukumat talabini emas.

Kari Tapiola muammolarga qarshi kurashda hammaning o’z o’rni va roli bor deydi. O’zbekiston hukumati, uning tashkiloti va mustaqil fuqaro jamiyati til topishib ishlay olishi mumkinmi deb so’raganimizda, “bunga umid bor” deya javob beradi Tapiola.

“O’zbekiston hukumatini tanqidchi tomonlar bilan muzokaraga undab kelamiz”, - deydi Tapiola. “Doimo oshkora ishlashni, ochiq gapirib, o’z pozitsiyasini tushuntirishga va ayniqsa norozi taraflar bilan so’zlashishga undaymiz”,- deydi diplomat.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG