Tahlil: O'zbekiston endi prezidentga bog'lanib qolmaydi


Hokimiyat o'zgarishi ortidan Toshkentning mintaqaviy siyosati jiddiy faollashgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog'istonga taklif qilingan. Avvalroq mamlakat rahbari sifatida u birinchi safarini Rossiyaga rejalayotgani xabar qilingan edi. Bu tashrif uchun tayyorgarlik boshlab yuborilgan.

​Prezident tashqi siyosiy aloqalarga doir bayonotida asosiy urg'uni mintaqaga, keyin Rossiya va AQShga bergan. Mirziyoyevning kadrlar o'zgarishiga doir siyosati Tashqi ishlar vazirligini chetlab o'tdi. Ekspertlar fikriga ko'ra, bosh diplomat Abdulaziz Komilov lavozimida qolgani tashqi siyosatda katta o'zgarishlar bo'lmasligidan dalolat.

Sharhlovchilar deydiki, tashqi siyosiy aloqalar, geosiyosiy munosabatlarda Mirziyoyev, marhum Islom Karimov bilan solishtirganda, ambitsiyalardan ancha xoli, ko'proq muloqotga moyilligi bilan farq qiladi.

Uning o'zi Karimov davrida shakllangan tashqi siyosatni davom ettirishini bir necha bor ta'kidlagan, asosiy tamoyillar - O'zbekiston harbiy siyosiy bloklarga qo'shilmasligi, xorij harbiy bazalariga mamlakatdan joy bermaslik, boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik.

Mirziyoyev mintaqa, dunyodagi geosiyosiy jarayonlarga doir biror bayonot qilganicha yo'q. Yaqin oylarda Rossiyaga, keyin Qozog'istonga rejalangan safarlar ilk bayonotlarga turtki berishi mumkin.

Hokimiyat o'zgarishi ortidan Toshkentning mintaqaviy siyosati jiddiy faollashgan, ammo qudratli davlatlar ishtirokidagi geosiyosiy raqobatga munosabati hozircha bosiqday ko'rinadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, shu oyda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Markaziy Osiyo bo'ylab safari rejalangan, u O'zbekistonda ham bo'ladimi, yo'qmi, noma'lum.

Sharhlovchilar nazarida Putining safari mintaqa davlatlarini Moskva yetakchiligidagi siyosiy kuchga aylantirish maqsadidan xoli emas. Karimovning o'limi ortidan regionda Kreml irodasiga qarshilik bildirishga qodir siyosiy liderning o'zi qolmagan, deydi ular.

Moskvalik ekspert Arkadiy Dubnov Toshkent siyosatida keskin burilishlar bo'lishini inkor etadi. Uningcha, Karimovdan keyingi tashqi siyosatda lider ambitsiyalariga bog'lanib qolmaslik sezilishi mumkin:

“Albatta, yangi prezident davrida o'zgarishlar bor, ammo diqqatlisi, kadrlarni tez o'zgartirayotgan Mirziyoyev Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni lavozimida qoldirdi. Komilov juda tajribali diplomat, uni Moskvada ham, Vashingtonda ham yaxshi bilishadi, hurmat qilishadi. Meningcha, bu O'zbekiston tashqi siyosatida bo'lishi mumkin o'zgarishlarning o'ta silliq kechshidan, biror keskin burilish kutilmasligidan darak beradi. Toshkent Karimov davrida e'lon qilingan tamoyillarga hamon sodiq, harbiy-siyosiy boloklarga qo'shilmaydi, xorij harbiy bazalarini hududida joylashtirmaydi. Farqli tomoni, Mirziyoyev paytida tashqi siyosat Karimov davridagidek mamlakat liderining fobiyasiga, uning ambitsiyalariga bog'lanib qolmaydi”, - deydi Dubnov.

Karimov davrida qo'shni davlatlar bilan munosabat keskin, Moskva bilan aloqalarda mosofa ushlab turilgan edi. Mirziyoyev tez fursatda qo'shni davlatlar bilan aloqalarni iliqlashtirishga erishdi, bu siyosat Rossiya bilan aloqalarda qanday aks etishi prezidentlarning dastlabki uchrashuvidan so'ng ma'lum bo'lishi kutilmoqda.

Qozog'istonlik ekspert Saparboy Jubayevning aytishicha, Toshkentning qadamlari Qozog'istonda ijobiy qarshi olindi:

“Hozir qozog'istonliklarda O'zbekiston bilan savdo, investitsiya bo'yicha aloqalarni rivojlantirishga umid uyg'ongan. Avvallari bir xavf bor edi, Rossiya, Qirg'iziston, Xitoy hatto Ukraina bilan ishlaymiz, ammo O'zbekiston bilan emas, degan ma'noda. Nega savdo kamayib ketayapti, degan xavotir bor edi. Hozir shu xavotir oradan ko'tarildi. Aloqalar riojlanadi, deb o'ylayman, O'zbekistonda hokimiyat almashishi bunga katta ta'sir qildi”, - deydi u.

Qozog'istonning O'zbekistondagi elchixonasiga tayanib tarqatilgan ma'lumotga ko'ra, Mirziyoyevning Ostonaga tashrifi shu yilning birinchi yarmida amalga oshadi. Prezident Rossiyaga esa shu yaqin ikki oy ich borishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG