O'zbekiston-Yevropa aloqalarining jonlanishi islohotlarga bog'liq


O'zbekiston va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari Abdulaziz Komilov va Jan-Mark Ero

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Ero O'zbekistonga safari chog'ida turli doiralarda uchrashuvlar o'tkazdi. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqotda hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi vaziyat gaplashilgan.

Faollar Fransiya mulozimining O'zbekistonga tashrifi munosabati bilan qamoqdagi siyosiy mahbuslar muammosiga diqqat qaratishmoqda.

O'zbekiston iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik rivojlanishiga umid bildirgan. Fransiyalik tadbirkorlarning iyun oyida O'zbekistonga kutilayotgan safari muhokama qilingan.

O'zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan tashqi siyosiy aloqalarning qanday rivojlanishi diqqat bilan kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning dastlabki xorijiy safarlari O'zbekiston uchun mintaqaviy munosabatlar ustuvor ekanligini ko'rsatdi. Rossiya, AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda katta o'zgarish kutilmayapti. Prezidentning Rossiyaga safari geosiyosiy yo'nalishda keskin o'zgarishlar bilan kuzatilgani yo'q.

Shu ma'noda sharhlovchilar Toshkentning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarida keskin o'zgarishlar kutishmaydi. Ammo bu aloqalar jonlanishiga umid bor va bu umid ko'proq yangi hukumatning siyosiy-iqtisodiy tizimda islohotlar o'tkazish va'dasiga asoslangan.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga intilayotgan Mirziyoyev ma'muriyati mamlakatda real o'zgarishlar bo'layotgani, xalqaro sarmoya uchun sharoitlar yaratilayotganini ko'rsatishi kerak. Yevropada yashayotgan o'zbek faollaridan biri Abdujalil Boymatovga ko'ra, Toshkent munosabatlarni, ayniqsa iqtisodiy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish istagida.

“Fransiya tashqi ishlar vazirini safaridan avval Jahon Banki, Yevropa Banki (YTTB, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki) kabi yirik moliyaviy tashkilotlar Toshkentda muzokaralar o'tkazishdi. YTTB o'z faoliyatini kengaytirmoqchi. Yevropa Ittifoqi, AQShda ham O'zbekistondagi islohotlarga nisbatan qiziqish katta. Ularda umid katta, ammo mening fikrimcha hozircha Mirziyoyev katta o'zgarishlar qilayotgani yo'q bu borada. Masalan, valyuta bozorini erkinlashtirish, xususiy mulkchilikni, qolaversa siyosiy erkinliklar masalasida ham hali aniq bir ozgarishlarga guvoh bo'lmadik. To'g'ri, o'zgarishlar qilishga harakat seziladi, ammo ularning aniq bir xaritasi yo'q”, - deydi Boymatov.

Prezident Mirziyoyev tashqi siyosiy aloqalarning yangi iqtisodiy imkoniyatlar ochishiga ahamiyat qaratmoqda. Bu siyosat Karimov davrida qaror topgan yo'nalishdan farq qiladi va muayyan erkinliklar yaratishni taqozo etadi.

Tashqi iqtisodiy hamkorlik bilan shug'ullanib kelgan idora faoliyatining qayta ko'rib chiqilishi va prezident farmoni bilan bu idora Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga aylantirilishi ko'proq shu bilan bog'liq ko'rilmoqda.

O'zbekistonning AQSh, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatidagi muammolardan biri mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyat bo'lib kelgan. Bu muammo yangi hokimiyat bilan qurilayotgan munosabatlarda diqqat markazida bo'lishi kutilmoqda.

Fransiya vaziri va Komilov o'rtasida o'tgan muzokarada siyosiy mahbuslar, xususan huquq himoyachisi A'zam Farmonov taqdiriga qanchalik diqqat qaratilgani ma'lum emas.

Fransiyada yashayotgan huquq himoyachisi Tolib Yoqubov Farmonovning ozod etilishiga ko'mak ko'rsatish so'ralgan murojaatini e'lon qilgan edi. 2006-yilda firibgarlikda ayblanib qamoqqa olingan A'zam Farmonovga 2015-yilda yana besh yil jazo muddati qo'shib berilgan. U O'zbekiston qamoqxonalarida qolayotgan siyosiy mahbuslardan biridir.

“Diktatura rejimlari doim demokratiya va inson huquqlari haqida gapirib kelishadi, lekin ularning real harakatlariga qarab baho berish kerak. Haqiqatan Mirziyoyev davrida bir nechta siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Lekin bu mahbuslar juda ezilgan holatda chiqishmoqda, faoliyatini davom ettirishga imkoniyat berilmayapti. Fransiya vaziri ham albatta siyosiy mahbuslarga oid masalani yumshoqroq bir ohangda bo'lsa-da ko'taradi, chunki u Fransiyadagi jamiyat oldida, huquq himoyachilari oldida hisobot berishi kerak. Shuning uchun ham bu masala munosabatlarga zarar qilmaydigan darajada aytiladi”, - deydi Abdujalil Boymatov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG