O'zbekiston yana "yomonlarning yomoni" ro'yxatida

  • Amerika Ovozi

Surat "Ozodlik uyi" sahifasidan olindi (http://www.freedomhouse.org)

Surat "Ozodlik uyi" sahifasidan olindi (http://www.freedomhouse.org)

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Freedom House (“Ozodlik uyi”) tashkiloti jahondagi eng avtokratik jamiyatlarning yillik ro’yxatini e’lon qildi. O’zbekiston bu gal ham undan o’rin olgan.

Tashkilot hisobotiga ko’ra, diktatura hukm surgan rejimlar dunyo aholisining salkam to’rtdan bir qismini boshqaradi. Hisobot “Yomonlarning yomoni: Dunyoning eng repressiv jamiyatlari” deb nomlanadi.

Unda aytilishicha, “bunday jamiyatlarda siyosiy muxolifat yemiriladi, fuqarolik jamiyati zaiflashtiriladi, tanqidlar bartaraf etiladi”.

“Ozodlik uyi” mamlakatlardagi erkinlik darajasini o’rganib, ularni maxsus jadvalga joylaydi. Eng past baho olganlariga “yomonlarning yomoni” tamg’asi bosiladi. Bu yili Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Somali, Sudan, Suriya, Turkmaniston va O’zbekiston shunday siylandi.

“Afsuski, bunday rejimlarning umri uzoq bo’ladi. Davlatni o’rtacha 37 yil boshqarishadi. Hokimiyatni topshirish haqida o’ylashmaydi. Hisobot jahon hamjamiyatini ogoh etib, inson huquqlarini buzayotgan rejimlarga qarshi chora ko’rishga chorlashi lozim”, - deydi “Ozodlik uyi” vitse-prezidenti Daniyel Kalingert.

Tashkilot kuzatuvlarini 39 yildan beri olib boradi. Shimoliy Koreya har yili “yomonlarning yomoni” jadvalidan joy olib keladi. So’nggi bir yilda Suriyadagi voqealar sabab bu davlat ham ro’yxatga kiritilgan. Birma va Liviya esa siyosiy islohotlardan so’ng undan chiqarildi.

O’zbekiston so’nggi bir necha yildan beri tanqidiy ro’yxatga kiritiladi. Tashkilot ta’biricha, O’zbekistonda na siyosiy va na fuqaroviy erkinliklar bor.

O’zbekiston Human Rights Watch, Xalqaro Amnistiya, Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi, AQSh Davlat departamenti tomonidan har yili dakki yeydi.

Matbuot qattiq senzura ostida ekani, hukumat tanqidchilari asossiz qamoqqa olinishi, diniy ayblovlarga ko’ra qamalganlarning qiynoqqa solinishi, respublikada muxolifatning yo’qligi, mustaqil mahalliy va xorijiy jurnalistlar faoliyatining cheklangani asosiy muammolar sifatida keltiriladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG