O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasida so'z erkinligiga o'rin berilganmi?


O'zbekistonni rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan besh yillik strategiyada matbuotni erkinlashtirish masalasi tilga olinmagan. "O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida“ deb nomlangan farmonda matbuot rolini kuchaytirish eslatib ketiladi, xolos.

Dasturda rivojlanishning beshta tamoyili belgilangan: davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodni liberallashtirish, xavfsizlikni ta'minlash, ijtimoiy himoyani takomillashtirish.

Ayrim sharhlovchilar nazarida, hukumat so'z erkinligiga yo'l ochmas ekan, va'da qilinayotgan rivojlanish dasturi qog'ozda qolib ketishi mumkin.

Prezident tomonidan taqdim etilgan Harakat strategiyasi farmon ko'rinishida imzolanishidan oldin jamoatchilik muhokamasidan o'tgan. Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, yanvar oyida muhokamaga chiqarilgan dastur loyihasi jamoatchilikda qizg'in munozara uyg'otgan.

Munozarada jurnalistlar qatnashganmi, yo'qmi, noma'lum. Besh yillik rejada matbuot rolini kuchaytirish va himoya qilish qayd etiladi. Buni esa so'z erkinligini to'la ta'minlamasdan bajarishning iloji yo'q, deydi kuzatuvchilar.

Dastur bajarilishi yuzasidan tashkil etilgan milliy komissiyaga prezidentning o'zi rahbarlik qiladi.

Sharhlovchilarga ko'ra, rivojlanish strategiyasida belgilangan tamoyillar, sud-huquq tizimining islohoti, iqtisodni liberallashtirish, aholi huquqi, ijtimoiy himoyasi va boshqa sohalarda ko'rsatilgan maqsadlarning qanday bajarilishi bevosita oshkoralikka, matbuot mustaqilligiga bog'liq masala.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek faollaridan biri Abdujalil Boymatovning aytishicha, Mirziyoyev dasturi qayta qurish davridagi islohotlarni eslatmoqda. Ammo siyosiy muhit o'zgarmas ekan, islohotlar haqida gapirishning o'zi natija bermaydi.

"Men sentabrdan boshlab Mirziyoyevning barcha harakatalrini kuzatib kelayapman, shu jumladan, e'lon qilingan besh tamoyil bo'yicha ham. Menimcha, u hech kimga iqtisodiy erkinlik ham, siyosiy erkinlik ham bermoqchi emas. Uning hozirgi chiqishlari vaqtincha samara berishi mumkin, masalan, doimiy ravishda kuzatilayotgan tanqidiy chiqishlari. Lekin keyinchalikchi, u baribir hamma joyda, hammaning boshida qamchi o'ynatib turolmaydi-ku? Baribir eski holatiga qaytadi. Bu kabi islohotlar tarixda bo'lgan, masalan, Stalin davrida poraxo'rlik batamom tugatilgan, ammo u o'lishi bilan hammayoqni poraxo'rlik bosgan. Gap shundaki, Karimovda ham, Mirziyoyevda ham kommunistik qarash, deylik Shimoliy Koreyaga yaqin, aslida biz uchun yo'nalish Janubiy Koreya bo'lishi kerak“, - deydi Boymatov.

Prezidentning dasturidagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan muntazam hisobot berib borish belgilangan. Shuningdek dasturga muvofiq, yil yakunida kelgusi yilning asosiy yo'nalishi aniqlanadi. Shunga muvofiq ravishda harakatlar dasturi tasdiqlanadi.

Dasturda siyosiy partiyalarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish haqida gap bor. Fuqarolik jamiyati vakillari, matbuotning o'rnini kuchaytirish ham belgilab o'tilgan.

Bu qaydlarning o'zi o'zgarishlar uchun yetarlimi? Boymatovga ko'ra, siyosiy erkinliklar va so'z erkinligiga ehtiyoj borligi ochiq bayonot shaklida tan olinishi kerak.

"Bu dasturda matbuotni erkinlashtirish haqida hech qanday gap yo'q. Siyosiy mahbuslar haqida, muxolif siyosiy partiyalarni ro'yxatga olish haqida hech narsa yo'q, namoyishlar erkinligi haqida gap yo'q. Hatto iqtisodiy erkinlik, umuman, erkinliklar haqida gap bormayapti. Miroziyoyevning o'zi ham hozirgacha bu haqda hech narsa demadi. Hozircha eshitayotgan gaplarimiz hammasi populizmga o'xshaydi. Gorbachyovni eslang, u ham shu qabilida oshkoralikni olg'a surdi, ammo erkinlikni ham bergan edi“, - deydi Boymatov.

"O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'grisida“ gi farmonda 2017-yildan 2021-yilga qadar amaldagi hukumat tomonidan rivojlantirish ko'zda tutilgan ustuvor yo'nalishlar belgilangan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG