Kerriga maslahat: "O'zbekiston bilan ochiq, vijdonan gaplashing"


Jon Kerri, AQShning yangi Davlat kotibi

Jon Kerri, AQShning yangi Davlat kotibi

12-mart kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovni qabul qilishi kutilmoqda. Komilov boshliq delegatsiya Kongress a’zolari, AQSh Mudofaa vazirligi va Oq uy rasmiylari bilan ham uchrashishi rejalangan.

Amerika O’zbekiston bilan muntazam muloqotga kirishgani ijobiy hol, deya bildiradi “Human Rights Watch” huquq tashkiloti, ammo Vashington respublikadagi og’ir vaziyatga ko’z yummasligi kerak.

Tashkilot Kerrini O’zbekiston bosh diplomati bilan uchrashuvda “ochiq gapirishga” undamoqda. Mamlakatda inson huquqlari bilan bog’liq ahvol xarob va Amerika Islom Karimov va uning ma’muriyatini konkret o’zgarishlar qilishga undashi kerak, deydi Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow), Markaziy Osiyo bo’yicha bosh mutaxassis.

“Jon Kerri AQSh O’zbekistondagi vaziyatdan qattiq tashvishda ekanini ochiq bayon etsin… Barcha sohalarda huquq muntazam ravishda poymol etiladi. Hukumatni tanqid qilgan odamlar xalq dushmani deb qamoqqa tashlanadi. Qiynoqlar, tazyiqlar, bosimlarning cheki yo’q. Amerika O’zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash niyatida ekan va O’zbekiston ham shuni istab turgan ekan, Vashington bu jamiyat erkinlashishi uchun o’z hissasini qo’shishi lozim”,- deydi Sverdlov.

Muzokaralar muammoni hal etib qo’ymaydi, deya tan oladi huquq himoyachisi, lekin O’zbekistonni yaqin hamkor deb atayotgan Amerika bu hukumat o’z fuqarolarini qanchalik ezayotganini unuta olmaydi.



Vashington loqayd emasligini ko’rsatsin, deydi Sverdlov:

“Diktaturalarga bayonotlar, ochiq eslatmalar va murojaatlar ta’sir qilmaydi deyish xato… Odamlar dardini ochiq ayta olmaydigan jamiyatlar tashqi dunyo ularga befarq emasligini bilishi, ularning zolim hukumati bilan ishlayotgan G’arb xalq dardini tushunishini e’tirof etishi kerak. Amerika O’zbekiston bilan hozir Afg’oniston yuzasidan hamkorlikka majburdir, lekin amaldagi repressiv siyosatni qo’llaydimi? Yoki hamkorlik deb o’zini real vaziyatni ko’rmayotganlikka oladimi? Prezident Islom Karimov uchun hozir AQSh tomonidan hamkor deb tan olinish juda katta ahamiyatga ega. Hukmronlik davri poyoniga yetayotganini anglayotgan Karimov uchun hozir o’z siyosiy merosi, oilasining kelajagi va ertaga xalq uni qanday eslashi juda muhim".

Shunday ekan, uni ko’r-ko’rona quvvatlamay, Amerika O’zbekistonni xalqaro qonunlarni hurmat qilishga, majburiyatlarni bajarishga, insonning uzviy huquq va erkinliklarini ta’minlashga undashi, hamkorlikni ularning amaliyotiga asoslashi kerak, deydi Sverdlov.

Tavsiya

“Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra,
AQSh tashqi ishlar vaziri O’zbekiston rasmiysi bilan muzokarada quyidagilarni tavsiya qilishi kerak:

  • Asossiz qamalgan huquqbonlar, jurnalistlar, muxolifatchilar va siyosiy sabablarga ko’ra nishonga olingan barcha insonlar darhol ozod etilsin.
  • Fuqaro jamiyati, mahalliy va xalqaro tashkilotlar mustaqil ishlay olsin. Mamlakatdan haydab chiqarilgan muassasalar, jumladan, “Human Rights Watch” qaytishi uchun sharoit yaratilsin.
  • Qiynoqlarni bas qilish uchun choralar ko’rilsin. BMTning bu va boshqa masalalar bo’yicha maxsus elchilari vaziyat bilan tanisha olsin, ular mamlakatga kiritilsin.
  • Matbuot va so’z erkinligi uchun sharoit yaratilsin. Mahalliy va xorijiy axborot vositalari bemalol ishlay olsin, muxbirlar akkreditatsiya qilinsin.
  • 2005-yilda Andijonda xalqqa qarshi jinoyatlar qilgan shaxslar javobgarlikka tortilsin. Voqea ketidan vatanni tark etgan odamlarning yaqinlariga nisbatan bosim to’xtatilsin.
  • Paxta dalalarida majburiy mehnat, bolalar va katta yoshdagilarni zo’rlab terimga olib chiqish hollari tugatilsin. Xalqaro Mehnat Tashkiloti va boshqa organlar, nohukumat tashkilotlar ahvolni kuzatib, axborot yig’ishi uchun erkinlik berilsin.
  • Diniy tazyiq va sudlovlarni bas qiling. E’tiqod erkinligi ta’minlansin. Dindor ekani uchun qamalgan minglab fuqarolar qo’yib yuborilsin.
Munosabat

O’zbekiston hukumati bu kabi chaqiriq va talablarga javob bermaydi va “Human Rights Watch” singari tashkilotlarni ig’vogar tomonlar, davlat tinchligi va nufuziga raxna solayotgan guruhlar deb biladi.

Amerika hukumati O’zbekistonda yuqorida qayd etilgan muammolar mavjud deya tan oladi. Lekin Obama ma’muriyati nazarida vaziyatni buyruq berib, do’q qilib yoki keskin talablar qo’yib o’zgartirish mumkin emas.

“Human Rights Watch” va u bilan hamfikr tashkilotlar ta’biricha, Vashington istasa, muvozanatli siyosat olib borishi mumkin. Buning uchun kuchli idora kerak, deya bahslashadi Stiv Sverdlov singari huquqbonlar.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG