O'zbekistonga kredit ajratgan Jahon Banki tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi namoyish. Arxivdan surat.

O'zbekiston paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishga qarshi namoyish. Arxivdan surat.

Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi, “Ezgulik” jamiyati va O’zbek-Germaniya inson huquqlari forumi Jahon Banki O’zbekiston qishloq xo’jaligiga kredit ajratganini tanqid qilmoqda.

Uch tashkilot yo’llagan shikoyat mamlakatda bolalar ekspluatatsiyasi keng tus olganini eslatadi. Ayniqsa, qishloq xo'jaligida. Bank buni bila turib kredit ajratgan. Huquq himoyachilari qarorni qayta ko'rib chiqishni talab qiladi.

Qo’shma bayonotda O’zbekistonda yillar davomida paxta dalalarida millionlab odamlar, jumladan, yosh bolalar og’ir sharoitlarda ishlatilgani qayd etiladi. Paxta terimiga chiqishdan bosh tortganlar jazoga tortiladi, o’qish yoki ishdan haydalib, maosh va boshqa ijtimoiy to’lovlarni ololmaydi. Faollar fermerlarning hokimlar tomonidan kaltaklanishi hollarini misol qiladi.

Jahon Banki kreditni 2008 va 2012-yillarda tasdiqlagan.

“Bank rahbariyati loyihadan maqsad qishloq xo’jaligi sohasida turli mahsulotlar ishlab chiqarishni rag’batlantirish ekanini ta’kidlab keladi. Ammo qishloq xo’jaligi loyihalarini moliyalab, ayni vaqtda majburiy mehnatdan keng foydalaniladigan tizimni qo’llamay bo’lmaydi”, - deyiladi bayonotda.

O'zbek-Germaniya inson huquqlari forumidan Umida Niyozovaning aytishicha, majlis va uchrashuvlarda Jahon Banki bunday amaliyotga chek qo’yish uchun qanday harakatlar talab qilinishini o’rganmagan.

Loyiha majburiy mehnat muammosiga qanday ta’sir qilayotgani ham o’rganilmagan, deydi faollar.

“Jahon Banki bolalar mehnatidan foydalanmaslik masalasini fermerlar orasida targ’ibot ishlari olib borish orqali hal etayotganini ta’kidlab keladi. Vaholanki, ekspluatatsiya ortida turgan fermerlar emas, hukumat”, - deyiladi bayonotda.

Unda, shuningdek, Jahon Banki javobgarlikni o’zidan soqit qilgani va ma’lumot bilan o’rtoqlashishdan bosh tortgani aytiladi.

“Inson huquqlari masalasini o’rganish o’rniga bank nodavlat tashkilotlar bolalar mehnati masalasini ko’tarishi mumkinligini ko’rsatgan”, - deydi faollar.

“Jahon Banki huquqlarimizga beparvo bo’lib kelgani aniq. Inspeksiyalar guruhi loyihaga oid faktlarni tezda tergov qilishini talab etamiz”, - deydi Atayeva.

Jahon Banki ushbu bayonotga munosabati bildirgani yo'q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG