O'zbekistonda siyosiy mahbuslarni ozod qilish boshlandimi?


Jasliq qamoqxonasi, 29-sentabr, 2003-yil.

Jasliq qamoqxonasi, 29-sentabr, 2003-yil.

Huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov Karimov rejimi tugashi ortidan ozodlikka chiqarilgan dastlabki faol. U muddatidan oldin, shartli ravishda ozod qilindi. Razzoqovning ozodlikka chiqishi 23 yildan buyon qamoqda qolayotgan muxolifatchi Samandar Qo`qonovga jazo muddati qo`shilishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan kuzatilmoqda. Ayni paytda Qo'qonovning ozodlikka chiqarilgani haqida ham gap-so'zlar chiqdi, ammo bu xabar o'z tasdig'ini topmadi.

2013-yil odam savdosida ayblanib, 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Razzoqov “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati a`zosi sifatida faoliyat yuritgan, hukumat tanqidchilaridan bo`lgan. Yangi hukumat davrida siyosiy mahbusning ozodlikka chiqayotgani tuzum yumshayotganidan darak ekanligiga hali asoslar yo`q.

25-oktabr kuni Toshkentdagi qamoqxonadan ozodlikka chiqarilgan 63 yoshli huquq himoyachisi Bobomurod Razzoqov ayni paytda o`z uyida, Buxoroda yaqinlari bilan qovushgan, ozodlikka chiqishiga hissa qo`shgan tashkilotlarga o`z minnatdorchiligini bildirmoqda.

“BMT, xalqaro tashkilotlar, jurnalistlarning yordami tegdi, deb o`ylayman, hammaga rahmat, hozir uydaman nabiralarimni quchoqlab o`tiribman", - deydi u.

Razzoqov Toshkentdan Buxoroga qamoqxona zobitining bevosita nazorati ostida olib kelingan. 4 yillik qamoq jazosini 3 yilu 3 oyda o`tab chiqqan faol huquq tartibot xodimlari nazoratida bo`ladi, shu jumladan, uning inson huquqlari borasidagi faoliyati ham.

“Men shartli ravishda ozod etildim, nazoratda bo`lishim kerak. Meni olib kelgan qamoqxona noziri bilan Ichki ishlar boshqarmasida bo`ldik, ayrim hujjatlarni qayta to`ldirdik. Hammasi bir ma`noda, faoliyatni to`xtating, jamiyatni buzmang, diniy ekstremistlarning ko`payishiga xizmat qilmang. Men namozxon bo`lmasam, meningcha, bular o`zlaridan qo`rqishayotgani uchun shunday ehtiyot choralarini ko`rib qo`yishayapti", - deydi Razzoqov.

Bobomurod Razzoqov 2013-yil odam savdosida ayblanib to`rt yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. “Ezgulik” inson huquqlari jamiyatining Buxoro viloyatidagi rahbari bo`lib ishlagan Razzoqovning qamalashi uning kasbiy faoliyati bilan, jumladan, fermerlar huquqini himoya qilishi, xalqaro axborot vositalaridagi tanqidiy chiqishlari bilan bog`liq ko`rilgan.

Huquq faoli o`ziga qo`yilgan ayblarni tan olmagan, jinoiy ishni siyosiy deb hisoblaydi. Muddatidan oldin ozodlikka chiqishi sababini esa kutilayotgan o`zgarishlarga bog`liq deb umid qiladi.

“Hokimiyatning almashishi maqsadga muvofiq, hozirgi voqealar shu narsaning zamirida yotibdi. Meni odam savdosida ayblab 4 yilga qamashdi, lekin bu tuhmat, buyurtma ish edi”, - deydi u.

Razzoqov hokimiyat o`zgarishi ortidan qamoqdan chiqayotgan dastlabki siyosiy mahbus. Uning ozod etilishi 23 yildan buyon qamoqda o`tirgan muxolifatchi Samandar Qo`qonovga nisbatan jazo muddati yana uzaytirilishi haqidagi ma`lumotlar ortidan kuzatilmoqda.

Samandar Qo`qonov yaqinlarining “Ozodlik” radiosiga aytishicha, 6-oktabr kuni jazo muddati yakunlangan Qo`qonov qamoqdan chiqarilmagan, unga muddat qo`shib berish bo`yicha tergov ketayotgani ma`lum qilingan.

Samandar Qo`qonov 1993-yilda davlatga katta miqdorda zarar yetkazish aybi bilan 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 2014-yilda jazo muddatiga yana ikki yil qo`shib berildi. Muxolifatdagi “Erk” partiyasi faoli bo`lgan Qo`qonov shaxsan Karimovning ko`rsatmasiga ko`ra qamoqqa tashlangani aytiladi.

Huquq faollari, xalqaro tashkilotlar Karimov o`limidan so`ng qaror topgan O`zbekistondagi yangi hukumatga qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod etish, muloqot o`rnatish taklifi bilan chiqishdi, ammo bu takliflarga hozirgacha javob bo`lmagan.

O`zbekiston qamoqxonasida siyosiy va diniy motivlar bilan qamalgan yuzlab mahbuslar saqlanadi. Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimiga ko`ra Senat tomonidan e`lon qilingan amnistiya ham bu mahbuslarni chetlab o`tdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG