Tahlilchilar: O'zbekistonda yangi boshqaruv uslubi hali shakllanmadi


2016-yilda O'zbekistondagi ayrim ijobiy o'zgarishlarga qaramasdan, Qo'shma Shtatlar bu mamlakatda avtoritar tuzum kuchda qolganini qayd etadi. Shavkat Mirziyoyevning yarim yillik boshqaruviga diqqat qaratayotgan faollar yangi hokimiyatni fuqarolik jamiyati taqdiri yuzasidan muloqotga chaqirishmoqda.

Bir tomondan ayrim siyosiy mahbuslarni ozod etayotgan, boshqa tomondan ularni hamon mahkumlikda ushlab turgan hokimiyatda ziddiyatlar kurashi borayotgani, mamlakatda boshqaruv tizimining qanday bo'lishi hal etilayotgani taxmin qilinadi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan e'lon qilingan inson huquqlari bo'yicha yillik hisobotda dunyo bo'ylab 2016-yilgi vaziyat tahlil qilinadi. O'zbekistonda inson huquqlari bobida o'zgarishlar bor, ayrim siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqqan.

Hisobotda bu siljish mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan ro'y berayotganiga, prezidentlik saylovlarini o'tkazishdagi o'zgarishlarga diqqat qaratiladi.

Ta'kidlanishicha, saylovda 600 nafardan ortiq xalqaro kuzatuvchilar ishlagan, ammo prezidentlik uchun kurash raqobatsiz o'tgan. Mirziyoyevning hokimiyatga kelishidan so'ng ayrim siyosiy mahbuslar ozod etilgani, biroq ko'plari hamon qamoqda ekanligi, jumladan A'zam Farmonov, G'anixon Mamatxonov kabi siyosiy mahbuslar qattiq nazoratda ushlanayotgani qayd etiladi.

Mirziyoyev Islom Karimovning o'limidan so'ng sentabr oyining boshida vaqtincha davlat boshqaruviga keldi. U 4-dekabrda prezidentlikka saylandi. 2016-yil hisobotida qayd etilgan o'zgarishlar Mirziyoyev boshqaruviga to'g'ri keladi. 2017-yilda jurnalistlar Muhammad Bekjonning qamoqdan, Jamshid Karimovning ruhiy kasallar shifoxonasidan chiqarilishi ham AQSh tomonidan olqishlandi.

Siyosiy mahbuslarni ozod etish qarori davomli bo'lishiga umid bildirgan AQSh elchixonasi bayonotida huquq himoyachisi Yelena Urlayevaning ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirilishi, A'zam Farmonovga nisbatan jazo chorasi o'zgarishsiz qoldirilgani xavotirli qabul qilinadi.

Yangi hokimiyatning yarim yilligini sarhisob qilayotgan faollar Prezident Mirziyoyev hamon mamlakatdagi fuqarolik jamiyati taqdiri yuzasidan sukut saqlayotganiga diqqat qaratishmoqda.

O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov fikricha, prezident fuqarolik jamiyati, xususan huquq himoyachilari bilan muloqotga chiqishi kerak.

“Nodavlat tashkilot vakillari, inson huquqlari faollari yig'ilgan bir uchrashuv o'tkazilishi kerak, negaki huquq himoyachilari faoliyatidan davlatning o'ziga foyda. Ular huquq-tartibot organlariga ham ko'mak ko'rsatishadi. Qayerda, kimlarning huquqlari buzilayotganini aniq isbot-dalillari bilan ko'rsatib beradigan, davlat, jamiyat uchun kerakli odamlar bular. Shuning uchun ham Mirziyoyev fuqarolik jamiyati faollarini chaqirib gaplashishi kerak, bundan faqat jamiyatga, davlatga foyda bo'ladi”, - deydi Ikromov.

Mahalliy faollardan biri, adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekka ko'ra, so'nggi yarim yilda jamiyatda o'zgarishlar bor, ammo bu o'zgarishlar muxolif fikrlovchi qatlam uchun emas.

“Keyingi paytda avval chetlashtirilgan yozuvchi-shoirlarning televideniye, matbuotda chiqishiga ancha o'rin berilgan, lekin ohang o'zgarmagan. Ya'ni bir yil avval qanday ohang bo'lsa, xuddi shunday, eski qo'shiq, maqtov. Minbarga chiqayotganlarda jur'at yo'q, hech kim muammolarni, jumladan hozir gapirilayotgan poraxo'rlikni yengish uchun ham matbuotga erkinlik berish kerakligi haqida gapirayotgani yo'q. Avval Karimovni maqtab kun ko'rgan shoir-yozuvchilar bo'lsa, hozir ham xuddi shunday toifa chiqayapti”, - deydi u.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbekistonlik ekspert Alisher Ilhomov nazarida, O'zbekistondagi so'nggi vaziyat mamlakatda boshqaruv usulining qanday bo'lishi yuzasidan to'qnashuvlar mavjudligini ko'rsatadi.

“Ayrim siyosiy mahbuslar ozod qilindi, boshqa tomondan ko'plari hali qamoqda. Buning ustiga Urlayevaga nisbatan tazyiqlar boshlandi. Mamlakatdan chiqayotgan signallar o'zaro ziddiyatli, boshqaruv usuli to'la shakllanmaganidan darak bermoqda. Ya'ni bir tomondan islohotlarga, boshqa tomondan rejimni saqlab qolishga urinish bor. Har ikkisining bir vaqtda kuzatilyotgani Mirziyoyev boshqaruv bo'yicha bir to'xtamda emasligini, hokimiyatda eski rejim va nisbiy islohotlar tarafdori bo'lgan kuchlar o'rtasida to'qnashuv mavjudligidan darak bermoqda”, - deydi Ilhomov.

Muddatidan avval o'tkazilgan prezidentlik saylovlarida g'alaba qozongan Shavkat Mirziyoyev barcha sohalarda, jumladan siyosiy boshqaruvda ham islohotlar o'tkazish va'dasi bilan hokimiyatga kelgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG