Karimov: Zamon o'ta notinch, tahlikali


Prezident Islom Karimov rafiqasi Tatyana Akbarovna bilan, Xitoy muzeylaridan birida, 20-avgust, 2014

Prezident Islom Karimov rafiqasi Tatyana Akbarovna bilan, Xitoy muzeylaridan birida, 20-avgust, 2014

O'zbekiston xalqini mustaqillikning 23 yilligi bilan qutlagan prezident Islom Karimov deydiki, dunyoda diniy oqimlar faollashib, nizo va to'qnashuvlar ko'paygan. Zamon uzoq va yaqin davlatlar bilan til topishib, hamkorlikni kuchaytirishni talab etmoqda, deydi prezident. U, shuningdek, sobiq ittifoq davrini mustabid tuzum sifatida ta’rifladi.

Xalqaro mojarolar va tahdid Karimovning mustaqillik kuni munosabati bilan qilgan chiqishidagi asosiy mavzu bo’ldi.

Qonli nizolar ko'payib borayotganidan xavotir bildirar ekan, O'zbekiston bu ziddiyatlarni xalqaro huquq me'yorlari asosida, davlatlar suvereniteti va hududiy daxlsizlik saqlangan holda, zo'ravonliksiz bartaraf etish tarafdori, dedi prezident.

Karimov Ukrainani tilga olmadi. Ammo tahlilchilar nazarida Ukrainadagi voqealar O'zbekiston rahbariyatining tinchini buzgan.

Gap Rossiya olib borayotgan siyosatda, deydi tahlilchi Iskandar Xudoyberganov.

“Bu katta xavf, davlat boshliqlari esa bu narsani ochiq gapira olmaydi. Putinning siyosati esa sobiq ittifoqni tiklashga qaratilgan. Bu faqat Ukraina emas, Putinning umumiy siyosatiga bog'liq. Tiklayman degandan keyin O'zbekistondagi vaziyatni ham buzishga harakat qiladi”,- deydi suhbatdosh.

Karimov sobiq itifoq davrini milliy va diniy qadriyatlar toptalgan zamonlar deya ta'rifladi.

"O'zbekiston avvalda qo'shnilar bilan munosabatini yaxshilashi kerak. Yanglishmasam, hozir faqat Turkmaniston bilan aloqalar yaxshi. Ikkinchidan esa, albatta, G'arb bilan, shuningdek, Xitoy bilan yaqinlashish kerak. Agar Rossiyaning niyati aniq bo'lsa, boshqa yo'lning o'zi yo'q. Putin O'zbekistonga to'g'ri kirib kela olmaydi, lekin Qirg'iziston va Tojikiston bilan chegarada mojaro chiqarib, bahonalar topishi mumkin”, - deydi Xudoyberganov.

O'zbekiston prezidentini xavotirga solib keladigan yana masala bu diniy oqimlar.

31-avgust kuni Shahidlar xiyobonida diniy ulamolar bilan uchrashgan prezident Iroqdagi voqealarga to'xtaldi. Diniy oqimlar ta'siri kuchayib borayotgani va bu musulmonlarni hukumatga qarshi qilib qo'yishi mumkinligidan tashvish bildirdi. Prezident qayd etishicha, beqarorlikka sabab bo'luvchi bu guruhlar to'xtatilishi, ularga qarshi diniy idora zarur choralar ko'rishi shart.

Karimovning bu gaplarni O'zbekiston islomiy harakati faollashgan, o'zbeklar Suriya va Iroqdagi janglarga tobora ko'proq jalb qilinayotgani haqida xabarlar ko’paygan bir paytda aytmoqda.

Rossiyada o'zbekistonliklar manfaatlari uchun kurashib kelayotgan faollardan biri Bahrom Hamroyev muammo repressiyada deydi. Adolatsizlik va huquqbuzarlik keng tarqalgan ekan, yosh avlod ekstremizmga berilmoqda, deya kuzatadi u.

"Bugungacha o'zbek faqat paxta teradigan, bozorda savdo qiladigan, o'qishga boradigan bir jamiyat edi. Lekin nohaq qamashlar xalqni majbur qildi. Xalq biladi bir faoliyat, harakat qilishi kerak. O'zbekistonda harakat qlishga, muxolifatga yoki bir diniy faoliyatga imkon qolmagandan keyin xalq nima qilsin?! O'shalar ham bo'lsa, Islom Karimovdan qutulish uchun deydi, hukumatga kelish uchun xalqni qiraman deb aytmaydi. Yoshlar oldida yo'l qolmagandan keyin, ertaga biror tuhmat bilan qamalib ketishini bilgandan keyin mujohidlikka ketishni ma'qul ko'rmoqda” , - deydi Bahrom Hamroyev.

Mustaqillik tantanalari 31-avgust kuni Toshkentda Alisher Novoiy nomidagi milliy bog'da o'tdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG