Jorj Vashington universiteti o'zbek olimlari va vatandoshlarni yig'di


Jorj Vashington universitetida 6-aprel kuni O'zbekistonga bag'ishlangan bir kunlik ilmiy-tahliliy anjuman o'tdi. Bir yil oldin bu dargohning Markaziy Osiyo bo'limida "O'zbekiston Tashabbusi" nomli loyiha boshlangan edi.

Maqsad - G'arb ilm ahlini mamlakatdagi hamkasblari bilan bog'lash, yosh olimlarni quvvatlash, shuiningdek, dunyo bo'ylab faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni va vatandoshlarni muntazam ravishda bir davraga to'plab, o'zaro muloqotni yo'lga qo'yish.

Loyiha rahbari, fransuz olima Marlen Laruel deydiki, o'tgan davr mobaaynida o'lkadan chiqqan tadqiqotchilarning o'nlab maqolalari chop etildi. O'zbekiston bilan bog'liq bir necha siyosiy va madaniy tadbirlar o'tkazildi. Kuni kecha o'tgan anjuman esa eng kattasi bo'lib, u uch qismda tashkil etildi.

Birinchisida e'tibor O'zbekiston siyosatiga qaratildi, ichki va tashqi. Ikkinchi qismida gap asosan Rossiya va boshqa davlatlarda mehnat qilayotgan o'zbekistonliklar va ularning vatanga iqtisodiy ta'siri haqida bo'ldi.

Uchinchi davra suhbati esa Amerikadagi o'zbeklar hayotini yoritdi. "Tashabbus", "Vatandosh" O'zbek-Amerika Federatsiyasi, Chikagodagi O'zbek-Amerika Uyushmasi vakillari bu tashkilotlar faoliyati va yurtdoshlar orasidagi aloqa va hamkorlik haqida fikr almashdi.

Anjumandagi birinchi ma'ruzani qilgan Kamoliddin Rabbimov hozirda Fransiyada siyosiy tahlil markazida ishlaydi. Rabbimov O'zbekistonda siyosat va davlatchilikdan ma'ruzalar o'qib yetishgan ekspert. Tuzumni tanqid qilgani uchun bosimga uchrab vatanni tark etgan o'zbek olimlaridan biri. Anjumandan so'ng ekspert "Amerika Ovozi" bilan muloqotda bo'ldi:

Uzoq yillar O'zbekiston moliyaviy tizimida ishlab, 2004-yilda vatanni siyosiy bosim ostida tark etgan Shermamat Abdullozoda Jorj Vashington universitetida o'tgan anjumanda so'zlar ekan, respublikada iqtisodiy o'sish faqat qog'ozda, vaziyat qanday ekanini xalq juda yaxshi biladi, chet eldan ish va imkoniyat izlab ketayotganlar soni shu bois ham ko'p va oshib boraveradi, deya tushuntirdi.

Abdullazoda yaqin kelajakda O'zbekistonda tirikchilik osonlashishiga ishonmaydi. Sobiq rasmiy va bugungi kunda Kaliforniya shtatida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlayotgan mutaxassis bilan ham suhbat qildik:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG