Breaking News

O'zbekiston: Yangi qonun militsiyani adolatli kuchga aylantiradimi?


“Ichki ishlar organlari to’grisida” gi qonun prezident tomonidan imzolanib, yarim yil ichida kuchga kirishi kutilmoqda.
“Ichki ishlar organlari to’grisida” gi qonun prezident tomonidan imzolanib, yarim yil ichida kuchga kirishi kutilmoqda.

O’zbekiston Senati huquq tartibot organlari faoliyatiga doir qonunni ma’qullagan. “Ichki ishlar organlari to’g’risida” deb nomlangan qonun, 25 yildirki, qonunchilik doirasiga solinmagan militsiya faoliyatini tartibga keltirishni nazarda tutadi. Qonun kuchga kirishi O’zbekistonda ehtiyojdan bir necha bor ortiq sanalayotgan militsiya xodimlari sonini kamaytirishi mumkin. Huquq-tartibot organlari faoliyati ustidan arz - mamlakatdagi eng ommaviy shikoyat turlaridan biri.

O'zbekistonda ichki ishlar tartibga solinayotgani xush xabar, deydi huquq faollari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:43 0:00

Senat tomonidan ma’qullangan qonunda ichki ishlar organlari xodimlarining vakolati, majburiyat va huquqlari, ijtimoiy himoyasi, shuningdek organ xodimlari tomonidan o’qotar qurollarning ishlatilish tartibi belgilangan.

“Ichki ishlar ogranlari to’g’risida” gi qonun Prezident Islom Karimovning militsiya faoliyatini tanqid ostiga olishi ortidan ishlab chiqilgan.

Karimov o’tgan yili Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan chiqishida huquq-tartibot organlari o’z vakolatlarini suiiste’mol qilayotgani, fuqarolarni shikoyat arizalari ko’paygani, militsiya faoliyatini takomillashtiruvchi qonunga ehtiyoj borligi haqida gapirgan edi.

O'zbekiston Ichki ishlar akademiyasi talabalari
O'zbekiston Ichki ishlar akademiyasi talabalari

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov tahlilicha, “Ichki ishlar organlari to’grisida” gi qonun birinchi navbatda chorak asrdan buyon faoliyati qonunchilik doirasidan chetda qolayotgan huquq-tartibot xodimlari manfaatini himoyalaydi:

“Har qanday demokratik davlatda ichki ishlar organlari faoliyati to’g’risidagi qonun bo’lishi shart. Chunki ular o’z vazifalari nimadan iborat ekanligini bilishi kerak, bu yozilgan bo’lishi kerak. Ichki ishlar organlari har qanday mamlakatda fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi idora. Ularning faoliyati shu bilan bog’liq bo’lishi kerak. Shuning uchun bu qonun birinchi navbatda ularning o’ziga yengillik yaratadi. Masalan, Toshkentdagi uchastklarda bitta militsioner ishlaydigan joyda, beshtasi ishlaydi, lekin qiladigan ishining tayini yo’q. Hamma davlatda miltsiya aholining soniga qarab belgilanadi. Qonun qabul qilinsa, qancha militsiya bo’lishi kerak, bu ham belgilab qo’yiladi”, - deydi Surat Ikromov.

Senat joylashgan bino, Toshkent
Senat joylashgan bino, Toshkent

O’zbekiston - inson huquqlari keskin toptaladigan jamiyat. Inson huquqlari buzilishiga doir shikoyat arizalarning asosiy qismi ham huquq-tartibot xodimlari faoliyati ustidan.

Noqonuniy hibslar, qiynoqlar, adolatsiz hukmlar inson huquqlarini qo’pol ravishda buzishdir.

O’zbekistonlik faollar, vatanda va xorijda, mamlakatdagi huquqbuzarlik hollari taftish qilinishi, xususan qamoqxonalardan chiqayotgan jasadlarda qiynoq alomatlari borligini ko’tarib, javobgarlarni jazoga tortishni talab qilib keladi.

Ammo hozirgacha qiynoqlar tufayli o’lgani aytilayotgan mahbuslarga oid shikoyat arizalar qanoatlantirilmagan.

Surat Ikromov nazarida yangi qonun qiynoq bo’yicha javobgarlik masalasini kuchaytiradi:

“Albatta, bu qonun ko’p o’zgarishlar qilishi mumkin. Chorak asrdan buyon hamma narsa og’zaki, norasmiy buyruqqa ko’ra bo’layapti. Ya’ni bunday buyruq bergan odamlarni hech qachon javobgarlikka tortib bo’lmaydi, Masalan, buyruq bergan shaxs buyrug’ini tan olmasa, buni biror bir sud isbot qila olmaydi, chunki qonunning o’zi yo’q. Katta boshliqlar mahbuslar, hibsga olinganlar, tergovdagilarning aybini qiynoq orqali bo’yniga qo’ymochi bo’ladi. Bu ham faqat og’zaki usulda”, - deydi Ikromov.

“Ichki ishlar organlari to’grisida”gi qonun prezident tomonidan imzolanib, yarim yil ichida kuchga kirishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG