O'zbekistonda yuzlab odam terrorizmga aloqador ayblar bilan hibsda


Toshkent masjidlarida (arxiv)

Toshkent masjidlarida (arxiv)

O’zbekistonda internet orqali diniy mavzuda muloqot qilgan shaxslar yoki hukumatga qarshi fikr bildirganlarni hibsga olish hollari ko'paygan. Xalqaro tadqiqotlarga ko’ra, O’zbekiston terror xavfidan xoli davlat, ammo diniy ekstremizm gumoni bilan fuqarolarni qamash xavotirlarni ancha kuchaytirgan.

O’zbekiston matbuotiga ko’ra, o’shlik imom Rashid qori Kamolov ma’ruzalarini internetda eshitgan Qo’qon Pedagogika instituti talabasi Mo’minjon Siddiqov jihod va xalifalik targ’ibotida ayblanib hibsga olingan.

Bu so’nggi oyda diniy ekstremizmda ayblanib olib ketilgan 200 dan oshiq fuqaro haqida oshkor etilgan juda ma’lumotdan biri.

O’zbekiston huquq tartibot organlari “Islomiy davlat” guruhi va boshqa ekstremistik tashkilotlar tarafdorlarini aniqlash maqsadida maxsus amaliyot olib bormoqda.

“Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra faqat O’zbekistonning o’zidan 3-4 mingga yaqin odam Suriya urushida qatnashayapti. Buning ortidan O’zbekiston huquq tartibot organlari amaliyot boshlagan. Hibsga olinganlarning soni haqida aniq gapirish qiyin, lekin bizdagi ma’lumotlarga ko’ra, hozirgacha ular 250 nafarga yaqinlashgan. Ular “Islomiy davlat” guruhiga aloqadorlikda gumonlanib, tergov izolyatorlarida, Toshturmada, tuman Ichki ishlar boshqarmalarida saqlanishmoqda. Toshkent, Toshkent viloyatida hibsga olinganlarni o’zi 180 kishiga yaqinlashgan. Hibslar viloyatlarda ham davom etmoqda. Nazarimda, ularning aksariyatiga nisbatan jinoiy ish ochilishi ehtimoli kuchli”, - deydi O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov.

Hibsga olinganalrning aksariyati yaqin o’rtada xorijda bo’lib qaytgan fuqarolar. Chetga chiqish mehnat muhojirligi bo’yichami yoki boshqa sabablardanmi buning farqi yo’q. Hibsga olishga fuqarolarning chet eldagi yozishmalari, ijtimoiy tarmoqdagi faoliyati, xorijdagi tanish-bilishlari to’g’risida huquq tartibot organlariga tushgan mavjud axborotlar asos bo’layotgani aytilmoqda.

“Yevropa, AQSh va Rossiyada mehnat muhojirligida bo’ladimi, farqi yo’q. Tashqarida internet orqali muloqot qilish imkoniyati ko’proq. Bu - birinchidan. Ikkinchidan, ular tashqarida ko’proq yig’ilib turadi. Namozxonlar birgalikda masjidga boradi, shu kabi boshqa, boshqa holatlar… Bizning kuch ishlatar tizimlar, maxsus xizmatlarga esa bu haqdagi axborotlar tushayapti. Ularni bu narslaraning oldini olish uchun amaliyot o’tkazishga kirishishgan”, - deydi Surat Ikromov.

Hibsdagi fuqarolar hozircha gumondor, ammo ularning aksariyatiga nisbatan jinoiy ish ochilishi ehtimoli juda katta. So’nggi oy davomida 200 dan oshiq kishini ekstremizda gumonlanib hibsga olinishi nimadan darak berishi mumkin, jamoatchilikda radikal kayfiyat kuchaymoqdami?

“Bir tomondan O’zbekistonda iqtisodiy vaziyat borgan sari yomonlashib borayapti. Boshqa tomondan dindorlar, namozxonlar qatlamida ham mamlakatdagi vaziyat o’zgarishiga, kejalakda muhit yaxshilanishiga ishonch yo’qolgan. Shuning uchun ham radikal qarshdagilar jihodga borib o’zini bag’ishlash haqida o’ylayapti. Boshqa tarafdan esa u yoqda (Suriyada) katta mablag’ to’lashar ekan, bu ham ketishga, radikallikka sababdir. Umuman O’zbekistondagi iqtisodiy, siyosiy vaziyatdan kelib chiqib buning sabablari ko’p bo’lishi mumkin”, - deydi huquq himoyachisi.

Surat Ikromov nazarida so’nggi paytda poytaxtda terror vahimasini singdiruvchi gaplar ko’paygan, ammo bular asosan tasdiqsiz mish-mishlar.

“Bu mish-mishlar shantajga o’xshagan narsa. Har xil gaplar falon joyda bomba topilibdi, falon joyda “Islomiy davlat” guruhining qora bayro’gi ilib ketilibdi, boshqa joyda terrorchining shahidlik kamari topilibdi qabilasidagi gaplar ko’p, ammo ularning haqiqatga yaqinligi ehtimoli kam”.

Yaqinda qarorgohi AQShda joylashgan Xalqaro iqtisodiyot va tinchlik instituti terrorizm xavfi yuzasidan o’z izlanishlari natijasini e’lon qildi. O’zbekiston unda terror tahdidi eng past bo’lgan davlatlardan biri sifatida qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG