Safar Bekjon: Siyosiy-g’oyaviy bo’shliq o'zbeklarni ekstremistlar safiga yetaklayapti

  • Amerika Ovozi

O’zini “Islomiy davlat” deb targ’ib qilayotgan terrorchilar saflariga yosh jihodchilarni jalb qilish uchun Markaziy Osiyodagi siyosiy-g’oyaviy bo’shliqdan keng foydalanmoqda.

Hukumat “O’zbekiston islom taraqqiyotiga yirik hissa qo’shgan diyor” deb g’ururlansada, aslida siyosiy erkinliklar bo’g’ilgan mamlakatda qadriyatlar tobora yo’qolib borayapti.

Islom dunyosi va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarda o’zbeklarning islom taraqqiyotiga qo’shgan hissasi shubhasiz deb ko’riladi. Aloqalar esa ancha oldin shu nuqtada - hissani ta’kidlash bilan to’xtab qolgan.

Prezident Islom Karimovning yaqinda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Iyad Amin Madaniy bilan Toshkentda o’tgan uchrashuvida ham O’zbekistonning islomiy sivilizatsiyaga qo’shgan hissasi yana bir bor ta’kidlangan.

Rasmiy xabarlarga tayanilsa, Karimov Islom hamkorlik tashkiloti rahbari bilan islom dunyosidagi bugungi ziddiyatlar haqida gaplashmagan. Bosh kotib ham O’zbekiston musulmonlari yuzlashayotgan cheklov va tahdidlar haqida og’iz ochmagan.

“Chunki bu tashkilotning o’zi a’zo davlatlar beradigan pulga qaram. Mustaqil bo’lganida edi, undan diniy vaziyat bo’yicha tavsiyalar, muhokamalar kutish mumkin edi”, - deydi ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon.

Unga ko’ra, Islom hamkorlik tashkilotida turkiy davlatlardan vakillar ko’p. Ular bu davlatlardagi musulmonlar aholiga befarq bo’lmasligi kerak, ammo murojaatlar javobsiz qoladi.

“Bu tashkilot sizning shikoyatlaringiz bilan yoki boshqa bir davlatda bu shikoyatga nisbatan munosabat qandayligini bilish bilan ham shu’gullanmaydi. Unga a’zo davlatlarning asosiy qismi diktaturadan, qirollik yoki podshohliklardan iborat. Ulardan demokratik qadriyatlarni muhokama qilishni kutib bo’lmaydi”, - deydi Bekjon.

AQSh hukumati va Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhiga ko’ra, “Islomiy davlat” ekstremistlari safida jang qilayotganlar qatorida markaziy osiyoliklar, xususan o’zbeklar ko’p. Bu holat mintaqa davlatlaridagi diniy cheklovlar, avtoritar tuzum va boshqaruv bilan bog‘liq ko’riladi.

Yozuvchi Safar Bekjonga ko’ra, O’zbekistonni islomiy taraqqiyotiga qo’shgan hissasi ana’naviy, diniy va dunyoviy qadriyatlar uyg’unligiga, ularning erkinligiga asoslangan. Bu erkinliklar tuzumga bo’ysundirilishi ortidan g’oyaviy bo’shliq vujudga keldi.

“Ziyoli adolat istashi kerak. U hokimiyat bilan xalq o’rtasida tarozi vazifasini bajarishi kerak, hokimiyat xalqqa zulm qilmasligi, ezib yubormasligi uchun. Ammo o’zbek ziyolisida bu narsa yo’q. Hozir O’zbekistondagi mavjud dikraturaga qarshi turuvchi biror jarayonning o’zi qolmagan. Xalqda g’oyaviy bir bo’shliq bor, bu boshliqni to’ldiruvchi boshqa g’oyaning o’zi yo’q. Bu bo’shliqdan foydalangan “Islomiy davlat” esa O’zbekistonda ko’proq odamlarni yollashga muvaffaq bo’layapti”, - deydi yozuvchi.

O’zbekiston Markaziy Osiyoda islom yo’nalishini ham, ziddiyatlarini ham belgilovchi davlatlardan. Mamlakatda an’anaviy islom chuqur ildizga ega, bu ildizlar mintaqada islomiy taraqqiyot uchun ustun hisoblangan.

Ammo bugun vaziyat o’zgargan, tuzumga bo’ysundirilgan an’anaviy islom musulmonlardan uzoqlashib bormoqda.

“Bir oyat o’qisa ulamolar darrov qo’lini cho’zib turadi, bu ham poraning bir shakli. Bu Qur’onda, islomda yo’q narsa. Xalq buni ham ko’rayapti, lekin baribir berayapti - chopon kiydiradi, pul beradi, lekin ichida baribir o’ylayapti, biz to’g’ri qilayapmizmi deb. Demak, xalqda ziyoliga ham, diniy ulamolarga ham ishonch qolmadi. Oqibat bo’shliqqa, ishonchsizlikka olib keldi. Ishonchni, ishonchli kuchni qayerdan topish kerak? Tashqaridan, ammo tashqaridagi o’zbek muxolifatidan bir foyda yo’q, tarqoq, qo’lidan ish kelmaydi. Shunday ekan, kim qutqarishi mumkin, kimga murojaat qilish kerak, faqat shunaqa radikal kuchlarga. Xalq hozir shuni o’ylayapti, boshqa muqobil yo’l qolmagandan keyin xalq yana nimani o’ylashi kerak?”, - deydi Safar Bekjon.

Mintaqada nafaqat an’anaviy islom taraqqiyoti, balki radikal islomiy guruhlar paydo bo’lishi ham O’zbekiston bilan bog’liq.

Ayni paytda Afg’oniston shimolida o’rnashgan, o’tgan asrning 90-yillarida Namanganda asos solingan O’zbekiston Islomiy harakati bugun ham mintaqadagi yirik radikal guruh bo’lib qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG