O'zbekiston sudi Britaniya kompaniyasi sobiq xodimini 12 yilga qamadi

  • Amerika Ovozi

O’zbekiston hukumati Ashurov ishlagan "Oxus Gold" kompaniyasini ekologiyaga zarar yetkazib, yangi texnologiyaga sarmoya kiritmasdan, ishchilar hayotini xavf ostida qo’yganlikda ayblab, tanqid qilgan

O’zbekiston hukumati Ashurov ishlagan "Oxus Gold" kompaniyasini ekologiyaga zarar yetkazib, yangi texnologiyaga sarmoya kiritmasdan, ishchilar hayotini xavf ostida qo’yganlikda ayblab, tanqid qilgan

O’zbekiston harbiy sudi Britaniyaning "Oxus Gold" konchilik kompaniyasi sobiq xodimini josuslikda aybdor topib, 12 yil qamoq jazosiga mahkum etgan.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, ikki davlat o’rtasida katta tortishuvga sabab bo’layotgan bu qo’shma korxonada bosh metallurg bo’lib ishlagan Said Ashurov asossiz ayblangan.

Asli tojik, 46 yoshli Ashurov mart oyida Tojikistonda oilasini ko’rish uchun chegarani kesib o’tishga urinayotganda ushlangan.

Uning advokati, tilla qazish ishlari bilan shug’ullangan "Oxus Gold" manfaatlarini himoya qiluvchi Robert Amsterdam ayblovlar uydirma va soxta ekanini, hukumat uni bahona qilib, daromadbop korxona ishini o’ziniki qilib olmoqchi ekanini ta’kidlamoqda.

“Guvohlardan birining aytishicha, rasmiylar uni yolg’on ko’rsatma berishga majbur qilgan. O’zbekiston uchun bu odatiy hol”, - deydi advokat "Daily Telegraph" gazetasiga bergan intervyuda.

Britaniya kompaniyasi vakili sariq kasali bilan og’riyotgan Said Ashurov dori-darmonga muhtoj bo’lib, qamoqda o’lib qolishi mumkinligidan xavotirda.

“Bu davlat qamoqxonalari hatto sog’lom odamni yeb qo’yishi mumkin”, - degan avval rossiyalik sobiq magnat Mixail Xodorkovskiyni himoya qilishda qatnashgan Robert Amsterdam "Daily Telegraph"ga.

“U turmadagi sharoitdan shu paytgacha zotiljam bilan ham og’rib ulgurgan”.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu ish borasida biror izoh berganicha yo’q.

"Oxus Gold" O’zbekistonda 1990-yillar o’rtalarida ishlay boshlagan, lekin shu yilning boshida hukumat tekshiruvlari va siquvi ostida yopilgan.

O’zbekiston hukumati bu kompaniyani ekologiyaga zarar yetkazib, yangi texnologiyaga sarmoya kiritmasdan, ishchilar hayotini xavf ostida qo’yganlikda ayblab, tanqid qilgan.

Londonda asoslangan "Oxus Gold" kompaniyasi ham O’zbekiston rasmiylariga qarshi tergov va PR kampaniya boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG