Mish-mishlar Karimovdan keyin nima bo'ladi degan xavotirni avj oldirdi


Islom Karimov rafiqasi Tatyana Karimova bilan Xitoyda, 20-avgust, 2014

Islom Karimov rafiqasi Tatyana Karimova bilan Xitoyda, 20-avgust, 2014

O'zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi Islom Karimov nomzodini ro'yxatdan o’tkazish uchun saylov komissiyasiga ariza topshirgan. O'tgan hafta Karimovning sog'lig’i og’irlashgani haqida mish-mish tarqalgan edi. Hukumat bu gaplarni e'tiborsiz qoldirgan. Prezident hushsiz yotganmish degan iddaolar ortida Yevropada asoslangan muxolif guruh - O’zbekiston xalq harakati turibdi. Bu taxminlar Karimovdan keyin nima bo'ladi degan muhokamani avj oldirdi.

10-fevral kuni O’zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi o’z nomzodiga tegishli hujjatlarni Markaziy Saylov komissiyasiga taqdim etgan.

6-fevral kuni Karimov bu partiya qurultoyida ishtirok etdi degan rasmiy xabar chiqqan edi, biroq O’zbekiston davlat televideniyesida bu borada hech qanday ma’lumot berilmagan.

Mahalliy matbuot prezident nutqini yoritmagani 77 yoshli Karimov haqiqatan ham kasaldir degan gap-so’zni avj oldirdi.

Prezident betobmish degan mish-mishlar hamisha mavjud bo’lgan. Oldin ham bu borada iddaolar yangragan.

Ammo 29-mart kuni kutilayotgan prezidentlik saylovlari arafasida yuzaga chiqayotgan bu taxminlar O’zbekistonda beqarorlik ham, barqarorlik ham Karimov bilan bog’liqligi haqidagi muhokamalarni yana jonlantirdi.

O’zbekiston prezidentining og’ir kasalligi haqidagi xabarlar ortidan xorijda, ayniqsa qo’shni davlatlar matbuotida chiqayotgan maqolalar Karimovdan so’ng O’zbekistonda beqarorlik boshlanishi mumkin degan xavotirlarni aks ettiradi.

O’zbekistondagi tahlilchilar nazarida ham Karimovdan keyin nimalar bo’lishini tasavvur qilish qiyin.

“Qaytaraman, hozirgi sharoitda Karimovning o’zi bo’lishi yomon emas, siyosiy tomondan qarasak ham bu to’g’ri narsa, chunki muxolifat davlatni boshqarishga hali tayyor emas. Ikkinchidan, uning o’rnini egallaydigan odam tayinlanmagan. Bu O’zbekiston siyosatidagi xatolardan biri. Men davlat siyosatini qo’llab-quvvatlamayman, lekin vaziyatdan kelib chiqqanda hozir hech narsani o’zgartirish kerak emas, chunki bu (Karimov ketishi) bizga ko’z olaytirib turgan davlatlar harakatini kuchaytirishi mumkin ”, - deydi Toshkentdan ekspert Iskandar Xudoyberganov.

Kutilayotgan prezidentlik saylovlarida ham Karimovga muxolif kuch yo’q, keskin bosim ostidagi o’zbek muxolifati mamlakatda faoliyat yuritishdan ham, saylovda qatnashish imkoniyatidan ham mahrum etilgan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek muxolifati faollaridan biri Hazratqul Xudoyberdi deydiki, Karimovdan keyin beqarorlik boshlanadi degan gaplar asossiz. Mavjud tuzum Karimovsiz ham mustahkamligicha qoladi, deydi u.

“Karimov favqulodda ketsa, keskin o’zgarishlar boshlanadi degan xavf yo’q, siyosatdan xabari bor odamlar uchun. Chunki O’zbekistonda hokimyatga mahkam yopishib olgan diktaturaning ustunlari bor, bu Vazirlar mahkamasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi. Bu uchta ustun O’zbekistonda hokimiyatni ham, davlatni ham mahkam ushlab turibdi. Ularni ichidagi insonlar prezident bo’ladimi, vazir bo’ladimi, farqi yo’q. Bu shaxmat doskasidagi asosiy figuralardek, asosiy rolni o’ynayapti, boshqaruvda. Hammamiz ham issiq jon, albatta har narsa bo’lishi mumkin, ammo shunday bo’lgan taqdirda ham O’zbekistonda keskin o’zgarishlar bo’lishiga hech qanday asos yo’q”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Qonunchilikka ko’ra, prezident o’z vakolatini bajara olmay qolgan taqdirda, bu vazifa O’zbekiston Oliy Majlisi Senati raisiga yuklanadi va uch oy ichida yangi rahbar saylanishi kerak.

Senat raisi yaqindan beri Nig’matilla Yo’ldoshev, sobiq adliya vaziri, uzoq yillik huquq-tartibot sohasida ishlagan arbob.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG