Islom Karimov vaziyatni bir imzo bilan o'zgartira oladi - HRW vakili bilan suhbat


O’zbekistondagi vaziyatni keskin qoralab, rahbariyatni repressiyada ayblab keladigan “Human Rights Watch” tashkiloti nazarida Prezident Islom Karimov istasa, ulkan o’zgarishlar qilishga qodir. Karimov davlat rahbari sifatida konstitutsiyaga bosh egishi kerak, uni e’zozlashi lozim, aslida esa u bosh qomusni buzgan holda lavozimini tark etmayapti, deydi “Human Rights Watch” vakili Stiv Sverdlov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Siyosiy mahbuslar, qiynoqlar, majburiy mehnat singari nozik mavzularni ko’tarib keladigan tashkilot nafaqat prezident, balki uning ko’zga ko’ringan ikki farzandi, Gulnora va Lola Karimovaga ham e'tibor qaratmoqda.

Gulnora Karimova G’arbda va vatanda anchadan beri tekshiruvda. Singlisi Lola Karimova-Tillyaeva esa yaqinda Vashingtonga kelib ketdi. O’zbekiston elchixonasida madaniyat va san’at kechasi o’tkazdi. Stiv Sverdlov fikricha, diplomat ayol opasining taqdiridan saboq olishi, o’z xalqi va dunyo bilan ochiqroq muloqot qilishi kerak. Qonun ustuvorligi eng dolzarb masala axir, deydi ekspert.

“Human Rights Watch”ga ko’ra, O’zbekiston qamoqxonalarida minglab siyosiy mahbuslar bor va sobiq ittifoqda hech bir mamlakat respublika bilan bu borada tenglasha olmaydi. Bu insonlar tuzumni savolga tutgani, siyosiy fikri va qarashlari, muxolif yondashuvi sabab sudlangan, deydi huquq himoyachisi. Soxta ayblovlar, uydirma va tuhmat respublika huquq-tartibot tizimida keng uchraydigan holat. Adliya mustaqil emasligi sabab ham minglab begunoh insonlar azob chekib o’tiribdi, deydi huquq tashkiloti vakili.

O’zbekiston hukumati “Human Rights Watch”ning hisobot va ma’lumotlarini inkor etib keladi. 2010-yilda mamlakatdan chiqarib yuborilgan tashkilot, Karimov rahbariyati nazarida, O’zbekiston sha’nini bulg’ash, asossiz informatsiya tarqatib xalqaro hamjamiyatni aldash bilan ovora. Siyosiy yoki diniy mahbus degan tushuncha yo’q, deydi rasmiylar, panjara ortida o’tirgan odamlar jinoyatchi deb topilgan insonlar.

Stiv Sverdlov esa bu vijdonsiz pozitsiya deydi. Respublika hukumati xalqaro hamjamiyat haqiqatni bilishini istasa, nega xalqaro ekspertlarni, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining, o’zi a’zo global organning maxsus vakillarini 2002-yildan beri mamlakatga kiritmay keladi?

“Biz hisobotlarimizni chiqarishimizdan oldin hukumatga uni ko’rsatamiz va uning munosabatini bilishni istaymiz. Bu bizning ish uslubimiz. 90 dan ortiq davlatda ishlaymiz. Davlat xalqaro qonunlarga amal qilishida yordamlashish uchun amaliy tavsiyalar beramiz. O’zbekiston misolida ham shunday. Oxirgi hisobotimiz yuzasidan javob oldik va bir vakilimiz O’zbekistonga borib keldi. Lekin hukumat bizni hamon kiritmayapti. “Human Rights Watch” O’zbekistonga qarshi qora maqsadlarga ega degan qarash yolg’on va aqlsizlik. Biz huquq himoyasi bilan mashg’ul tashkilotmiz. Biror hukumatga qaramaymiz, mustaqil organmiz. Biror siyosiy guruhni yoqlamaymiz. Biror hukumatdan mablag’ olmaymiz. Moliya xususiy donorlardan xayriya sifatida keladi. Yillik bayonotlarimizga qarasangiz, O’zbekistondan ko’ra Amerika hukumatini ko’proq tanqid qilamiz. Tashkilotimiz O’zbekistondagi vaziyatni kuzatishda, tahlil qilishda va bu mamlakatga kirib, ahvolni bevosita aniqlashga harakat qilishda davom etadi. Rahbarlar va diplomatlarga bu borada murojaat qilishni to’xtatmaymiz”,- deydi Sverdlov.

AQSh nima qilishi mumkin?

“Vashingtonning roli beqiyos va diplomatlar O’zbekistondagi siyosiy mahbuslarning ishini ko’tarayotganidan mamnunmiz. Shuningdek, paxta sohasida majburiy mehnat hamda diniy erkinliklar haqida ham muloqot ketayotganini bilamiz. Bu muzokaralar ko’p hollarda yopiq eshiklar ortida kechmoqda, bu aniq. Xo’sh, bu dialog, bu yaqinlashuv nima natija berayapi? So’nggi yillarda Qizil Xoch xalqaro qo’mitasi O’zbekistondan chiqib ketdi. Qamoqxona va hibsxonalarda qiynoqlar davom etmoqda. Minglab siyosiy mahbuslar, muntazam ravishda huquqbuzarlik hollari…",- deydi huquqshunos.

"Mana prezident saylovlari. Bosh qomus bir kishi ikki muddatdan ortiq prezidentlik qila olmaydi deb cheklashiga qaramay Islom Karimov hech qanday tushuntiruv va izohsiz rahbarlikda qolmoqda. Nahotki, Amerika nima bo’layotganini ko’rmayapti? Nega haqiqatni tan olib, bu hukumatga nisbatan keskin munosabat bildirmayapti? Afg’onistondagi urush sabab hamkorlik qilish kerak edi, lekin u yerdagi harbiy harakatlar tugab, missiya o’zgardi. Vashington O’zbekiston yordamiga oldingidek muhtoj emas. AQSh, xohlasa, O’zbekistonga nisbatan kuchli ta’sir vositalariga ega. Axir Karimov uchun G’arb bilan, xususan Amerika bilan yaqin bo’lish juda muhim. Bu unga siyosiy quvvat beradi. “Islomiy davlat” va terrorizm, qolaversa Ukraina-Rossiya mojarosi sabab ham Karimovga AQSh madadi bugun judayam kerak. Shunday ekan, Vashington inson huquqlari masalasini qattiqroq ko’taraverishi, ochiq tanqid qilishi; Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerri vaziyatni qoralab, bayonotlar berishi lozim. Kongress esa O’zbekistonda huquqni buzib kelayotgan rasmiylarga nisbatan chora ko’rsin. Qiynoqlar uchun javobgar Milliy xavfsizlik xizmati, majburiy mehnatga asoslangan paxta sanoatidan pul qilayotgan amaldorlar, yulg’ichlik va korrupsiyaga botgan tuzumni tebratayotgan mansabdorlar AQShga viza ololmasin. Ularning boyliklari muzlatilsin. Haqiqatga ochiq ko’z bilan boqing”.

AQSh hukumati uchun O’zbekistondagi vaziyat u qadar dolzarb masala bo’lmasa-chi? Yurt tinch, prezidentni quvvatlaydiganlar bisyor, Vashington strategik manfaatlari yo’lida bu hukumat bilan til topisha olgan. Fikr va yondashuv bir joydan chiqmasa-da, hamkorlikdan ikki tomon ham mamnun.

Sverdlov nazarida AQSh aslida O’zbekiston xalqi dardini biladi va o’zini ko’rmaslikka va sezmaslikka olib, irodasizlik qilmoqda. Xalq ko’nglini olish uzoq muddatda AQSh manfaatlari uchun xizmat qilmaydimi, deya ajablanadi huquq himoyachisi. Inson qayerda yashamasin, erkinlik istaydi, huquqi poymol etilmasligini xohlaydi. O’zbekiston bizda vaziyat boshqa, sizda boshqa, deb qutula olmaydi, deydi ekspert. Huquq umumbashariy qadriyat, u yurt va odam tanlamaydi.

Prezident Karimov oilasi tinch emasligi hammaga ma’lum, deydi Stiv Sverdlov. Xalqaro maydonda moliyaviy jinoyatlarda gumon qilingan, Yevropadagi mulklari musodara etilgan to’ng’ich qizi Gulnora Karimova, ayrim manbalarga ko’ra, hozir Toshkentda uy qamog’ida. Haqiqatni aniqlash qiyin, deydi Stiv Sverdlov. Xorij va vatandagi tergov ishlari davom etmoqda. Gulnora Karimovaga qarshi yangi ma’lumotlar mavjud.

“Human Rights Watch” pozitsiyasi shuki, bu ayol kim bo’lishidan qat’i nazar, uning huquqlari himoya qilinishi kerak. Uning advokati bormi? Nega hukumat ma’lumot bermaydi? Agar prezidentning qiziga munosabat shunday bo’lsa, boshqalarning huquqlari qanchalik buzilayotganini tasavvur qilavering, deydi Sverdlov. Gulnora Karimovaga qarshi G’arbda ketayotgan jinoiy ishlar hal etilishi uchun O’zbekiston hukumati bu davlatlar bilan hamkorlik qilmas ekan, haqiqatga yetish qiyin, deydi Sverdlov. Gulnora Karimova masalasi korrupsiya chuqur ildiz otgan muhitda inson huquqlarini poymol etish qanchalik oson ekanini isbotlab turibdi, deydi u.

Prezidentning kichik qizi Lola Karimova-Tillyaeva respublikaning - BMT Ta’lim, ilm-fan va madaniyat agentligi - YUNESKO dagi elchisi. Opa-singil uzoq yillardan beri aloqada emas. 12-mart kuni O’zbekistonning AQShdagi elchixonasida o’tgan madaniy tadbir bilan Lola Karimova-Tillyaeva o’zini Vashingtonga tanishtirdi. U bilan gaplashgan har bir rasmiy yoki namoyanda u kimning qizi va kimning singlisi ekanini juda yaxshi biladi.

Madaniy tadbirlar o’z yo’liga, deydi Stiv Sverdlov, lekin Lola Karimova-Tillyaeva huquq va qonunga ishonsa, o’z xalqi manfaatlarini himoya qilishi zarur. Yurti dardini bilsa, buni namoyish etsin, deya undaydi Sverdlov.

Hamma narsa xohish va irodaga bog’liq, deydi “Human Rights Watch” vakili.

“Bitta imzo bilan Prezident Karimov O’zbekistonda ulkan o’zgarishlar qila oladi. Va bu qanchalik tez bo’lsa, shuncha yaxshi. Umidimiz shu”.

Har qanday taraqqiyot qonunga hurmat qanchalik ekaniga borib taqaladi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG