O'zbekiston, Qozog'iston: Siyosiy vorislik masalasi hamon mavhum


Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev chorak asrdan beri hokimiyatni boy bermay kelmoqda

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev chorak asrdan beri hokimiyatni boy bermay kelmoqda

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Eron safaridan keyin Turkiyada Islomiy davlatlar hamkorlik tashkiloti anjumanida qatnashadi. Nazarbayev 15-aprelda O’zbekistonda bo'ladi.

Qozog’istonning O’zbekistondagi yangi elchisi Erik Utambayev bir necha kun muqaddam Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ishonch yorlig’ini topshirgan edi.

O’zbekiston uchun Qozog’iston eng yaqin qo'shni, chunki aloqalar boshqalarga qaraganda mustahkamroq. Savdo aylanmasi 3 milliard dollar atrofida. Ikki davlat orasida ziddiyatli masalalar yo'q, chegaralar allaqachon aniqlashtirib olingan.

Lekin O'zbekiston va Qozog'iston Markaziy Osiyodagi liderlik uchun raqobatda, deydi siyosiy tahlilchilar. Davlat rahbarlari albatta buni tan olmaydi va barqaror munosabatlar mintaqa tinchligi garovi, deb kelishadi.

“Men Qozog’iston va O’zbekiston o’rtasida yechimini topmayotgan muammolar yo’q deb hisoblayman. Butun Qozog’iston bizning muzokarlarimizni kuzatib turibdi, chunki mintaqadagi barqarorlik, uning rivojlanishi bizning ikki davlatimizning pozitsiyasi, o’zaro hamkorligi qanday bo’lishidan taqozo etadi”, - degan edi Prezident Nazarboyev 2014-yilda.

Islom Karimov fikricha O’zbekiston uchun Qozog’iston har qanday vaziyatda ham ishonish va suyanish mumkin yaqin qadrdon davlat, shiddat bilan o’zgarib borayotgan dunyoda qo’shni davlatlar bir-birlariga suyanishlari lozim.

Sharhlovchilarga ko’ra, Markaziy Osiyo rivoji va tinchligi ko’p jihatdan bu ikki yirik davlatda kechayotgan jarayonlarga bog’liq, shuningdek, bu mamlakatlarni chorak asrdan beri boshqarib kelayotgan Karimov va Nazarboyevga. Ulardan keyin nima bo'ladi? Kim ularning o'rnini egallaydi? Bu savolga javob topish qiyin. Taxminlar bor, albatta, lekin rahbarlarning o'zlari bu borada og'iz ochmaydi.

Qozog’istonlik ekspert Do’sum Satpayev tahlilicha, O’zbekiston va Qozog’istonda siyosiy vorislik masalasi muallaq ekani mintaqa barqarorligiga tahdid soluvchi omillardan biri.

“Men bu haqda avval ham aytganman. Islom Karimov va (Nursulton) Nazarboyev sobiq ittifoqda boshqaruvni mahkam ushlab kelayotgan eng keksa rahbarlar. Albatta bu davlatlarda hech kim ulardan keyin nimalar bo’lishini hatto tasavvur ham eta olmaydi. Hammasi faqat turli mish-mishlar darajasida. Siyosiy vorislik masalasi ochiq va shaffof hal etilishi kerak. Buni nafaqat mamlakat aholisi, siyosiy elita, balki tashqaridagi kuchlar ham kutib turibdi”, - deydi ekspert.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek yozuvchisi Safar Bekjon nazarida bugun mintaqadagi vaziyat va siyosat sezilarli darajada o’zgargan. Toshkent Movkva yetakchiligidagi ittifoqlardan uzoqlashar ekan, Ostona bu ittifoqning eng faol a'zolaridan biri.

“Qozog’iston, mintaqaning boshqa davlatlari, masalan, Qirg’izistondagi vaziyatdan ham o’zini chetga torta boshladi. Iqtisodiy, moliyaviy komak ko’rsatishni kamaytirdi. Bu boradagi o’rnini Rossiyaga bo’shatib bermoqda”, - deydi Safar Bekjon.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG