O'zbekiston-Qirg'iziston: Chegaraviy mojaro muzokara orqali hal etilishi kerak


Qorasuv punkti, Qirg'iziston

Qorasuv punkti, Qirg'iziston

O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasidagi ziddiyatli vaziyat yuzasidan muzokaralar boshlangan. Chegara qo’mitalari rahbarlarining uchrashuvi natijasi hozircha aniq emas.

O’zbekiston-Qirg’iziston chegarasidagi taranglik yuzasidan Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligining norozilik notasidan tashqari, mamlakat Bosh vaziri Temur Sariyev va Prezident Almazbek Atambayev ham bayonot bergan. Ularga O’zbekiston tomon javob bermagan.

Toshkent pozitsiyasi shuki, o’rtadagi bahsli hududga harbiylar Navro’z munosabati bilan ko’rilgan xavfsizlik choralari tufayli kirgan.

Voqea 18-mart kuni sodir bo’lgan. “Chalasart” deb nomlangan hududdan O’zbekiston harbiylari hozircha chiqmagan. Bunga javoban Bishkek ham bu hududga askarlar va harbiy texnika yuborgan.

Qirg’iziston rahbariyati Toshkentni bosim ko’rsatishda, Qirg’izistonni tiz cho’ktirishga urinishda aybladi. Vaziyatni hal etishga Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini ham jalb etdi.

“Vaziyat o’ta jiddiy, hamma narsani kutish mumkin. Hozir ko’pchilik KXShT tanqid qilayapti, lekin bu tashkilot faqat boshqa bir davlat tomonidan agressiya ko’rsatilgan taqdirdagina aralashishi kerak. Shuning uchun ham hozir faqat vaziyat bo’yicha mastlahatlashuv ketayapti”, - dedi Atambayev.

Bu orada Qirg'izistonda muxolifat hukumatni ag’darishga harakat qilayotganlikda ayblanmoqda. Atambayev nazarida oppozitsiya vaziyatni izdan chiqarishga urinmoqda. Ayni paytda muxolifatning ikki lideri hokimiyatni noqonuniy egallash harakati uchun so’roqqa tutilmoqda.

“Chegarchilarning menga hisobot berishlaricha, mamlakatdagi ayrim siyosatchilar vaziyatni izdan chiqarishga, o’zbek chegarachilarini kuch ishlatib, ziddiyat qo’zg’atishga ham undashgan. Xullas, beqarorlik keltirib chiqarishni istayotgan tomonlar ko’p. Ular albatta mamlakatning ichida ham bor, lekin vaziyat hozir nazoratda”, - deydi Atambayev jurnalistlar bilan chegaradagi vaziyat yuzasidan o’tkazgan muloqotida.

Atambayev avvalroq Toshkentda kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga bormasligini ma’lum qilgan edi.

Qirg’iziston chegara xizmati tarqatgan so’nggi ma’lumotlarga ko'ra, 25-mart kuni O’zbekiston bahsli vaziyat yuzasidan muzokara o’tkazish tashabbusi bilan chiqqan.

O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo’shinlari boshlig’i Rustam Eminjonov va Qirg’iziston Davlat chegara qo’mitasi raisi Rayimberdi Duyshembiyev ishtirokidagi muloqot Qirg’izistonda o’tmoqda.

Bu uchrashuv natijalari haqida hozircha ma’lumot yo’q. Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Toshkentdagi elchisini maslahatlashuv uchun Bishkekka chaqirgan.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir deydiki, O’zbekistonning qo’shni davlatlar, ayniqsa Qirg’iziston bilan munosabatlari o’ta murakkab. Muzokaralarga nafaqat KXShT, balki ShHTni jalb etish ham biror natija berishiga ishonchi past.

“Qirg’iziston bilan munosabatning bir hissiyotli tomoni bor. 2010-yildagi voqealar O’zbekistonda juda salbiy taassurot qoldirgan, nafaqat oddiy aholi balki rahbariyatda ham. Shuning uchun muzokara qilish o’ta qiyin. Chegaradagi murakkablik saqlanib qolaveradi. Men yaqin o’rtada munosabatlar iliqlanishiga ishonmayman. Bunga xalqaro tashkilotlarni jalb qilish ham natija bermaydi”, - deydi u.

Qirg’izistonda elatlararo nizolar yangilanishi mumkin degan xavotir bor. Huquq-tartibot organlari ijtimoiy tarmoqlarda nafratomuz materiallar tarqatilgani yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

Qirg’izistondagi o’zbek milliy madaniy markazi raisi Baxtiyor Fattohov, “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida, vaziyat xavotir uyg’otadi, chegaraviy ziddiyatlar qonun doirasida hal qilinishi lozim, dedi.

O’zbeklar zich yashaydigan Qirg’iziston janubi O’zbekistonga tutash. Ayni paytda 400 kilometrga yaqin chegara bahsli hisoblanadi. Bu borada bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan muzokaralar samara bermagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG