O’zbekiston etnik qirg’in yuzasidan alohida tergov boshladi


O`zbekistonda Qirg’izistondagi qirg`in yuzasidan ichki tergov-surishtiruv ishlari boshlagan. Qo’shni davlatga o’tgan minglab qochqinlardan ko`rsatmalar yig`ilmoqda.

AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk Andijonga safari oldidan Toshkentda matbuot vakillari bilan uchrashganida, “Jahon” axborot agentligi xodimi undan, Qirg`izistonda o`zbeklarga nisbatan genotsid uyushtirilgani yuzasidan xalqaro tergov o`tkazishda Qo’shma Shtatlar qanday ko`mak ko`rsatishi mumkin? deb so’ragan edi.

AQSh diplomati Qirg’iziston janubida xalqaro tekshiruv o`tkazish zaruratini ta`kidlar ekan, O`zbekistondagi qochqinlar ko`rsatmasi muhim rol o’ynaydi degan.

Bleyk tergov bu birinchi navbatda Qirg`iziston vaqtli hukumati vazifasi ekanini, tekshiruv xalqaro tashkilot tomonidan o`tkazilgan taqdirdagina ishonchli bo`lishini ta`kidlagan.

O`zbekistondagi lagerlarda qochqinlar ham xunrezliklar yuzasidan yozma ko`rsatmalar berayotgani kuzatiladi.

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi etnik qirg`inlar bo`yicha surishtiruv olib borilayotgani yuzasidan biror savolga javob bermaydi.

O`zbekiston Ekspertlar ishchi guruhi huquq-tartibot organlaridagi manbaga tayanib bildirishicha, tekshiruv yarador qochqinlarning O`zbekiston shifoxonalarida vafot etgani, aholining o`ldirilishi, genotsid holati yuzasidan olib borilmoqda.

Bu surishtiruvda Qirg`iziston vaqtli hukumati bilan qanchalik ma'lumot almashilayotgani ma`lum emas.

“Manbalarning aytishicha, hozir O`zbekiston tomonidan ketayotgan tekshiruvda zo`ravonlikning etnik tomoniga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Asosiy savol -- voqealarning ortida qanday kuchlar turibdi, Qirg’izistonda hukumat almashgandan keyin qirg`iz millati, hukumati tomonidan o`zbeklarga qarshi bayonotlar, chaqiriqlar qilinganmi”, - deydi Ekspertlar ishchi guruhu tahlilchisi Suhrob Ismoilov.

O`zbekistondagi lagerlarda joylashgan qochqinlarning aytishicha, O`sh va Jaloloboddagi qirg`inlar asosan o`zbeklarning yerini tortib olish, ularni O`zbekistonga quvish uchun uyushtirilgan.

“U yerdagi sabab… Ularning o`zlarini maqsadi bor ekan. O`shdan o`zbeklarni chiqarib yuborib o`zi yashamoqchi ekan. Boshqa niyat yo`q ularda, faqat o`zbeklardan tozalash kerak ekan, niyati qora ekan. Bo`lmasa, nega faqat o`zbeklarning uyi yonadi, qirg`izniki esa yonmaydi? O’zbeklar o`z uyiga o`t qo`ymaydi-ku!” - deydi qochqinlardan biri.

Qochqinlar harbiylarni qirg`inda qatnashib, xususan qotillik uyushtirayotgan qirg`izlarga o`zbek mahallariga bostirib kirishda ko`maklashganlikda ham ayblaydi.

“Soldatlar otayapti, o`zinikiga kelganda osmonga qarab otayapti. Chetga chiqib tur deb. O`zbeklarga kelganda, miyasiga qarab o`tayapti, kuyovim yelkasidan yarador bo`ldi. Hozir Andijondagi shifoxonada yotibdi, borib so`rang. Buni soldatlar qilyapti. O`zbeklar yordam so`rasa, Otunbayeva hozir tinchigan, ikkovida ham teng anaqa ketayapti debdi. O`zbeklarda esa qurol bo`lmagan”, - deydi yana bir qochqin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG