Qirg’inni tekshirgan komissiya xulosalariga O’sh ahli munosabati

  • Amerika Ovozi

Qirg’inni tekshirgan komissiya xulosalariga O’sh ahli munosabati

Qirg’inni tekshirgan komissiya xulosalariga O’sh ahli munosabati

Qirg’iziston janubida yozgi etnik zo’ravonlik sabablarini o'rgangan milliy komissiya raisi Abdug’ani Erkebayevning bayon qilishicha, muvaqqat hukumat janubda vaziyat izdan chiqayotganiga loqaydlik bilan qaragan.

Komissiya nazarida xunrezlik Jalol-Obodda boshlangan. Unda asosan o’zbeklar namoyandasi, tadbirkor Qodirjon Botirov, uning tarafdorlari va 2010-yil aprelida hokimiyatdan ag’darilgan sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev yaqinlari ayblanadi.

O'shlik Mamlakat Tursunova fikricha:

Odamlar tekshiruvchilarga ham, davlat rahbariga ham ishonmay qo’ydi. Hatto televizorni ko’rmay qo’ydik, bir tomonlama beriladi. O’zbek liderlari aybdor deyishayapti. Ana shu liderlar miting qilgan bo’lsa, ozgina haq-huquqini talab qilgan. Lekin birorta talabi inobatga olinmadi. O’sha bizga bo’lgan jazo yetar edi-ku. Orqasidan to’polonlar bo’lib ketdi. Biz bu darajaga yetadi deb o’ylamagan edim. O’ylaymanki, ana shu to’polonlar ham uyushtirilgan. Bo’lmasa, bir-bir yarim soat ichida bosiladigan narsa haligacha tinchimagan. Yetti oy o’tdi, hozir ham olib ketish boshlanayapti. Ishonsam, 30 foiz ishonishim mumkin-da. Jinday yon bosganga o’xshaydi. Lekin baribir haqiqat yuzaga chiqmayapti. Ishonchsizlik ko’p ”.

Yana bir o'shlik Qodir Akbar deydiki:

“Bunday olganda komissiya xulosalarining 70-80 foizi to’g’ri bo’lishi mumkin. Lekin shunda ham bir tomonlama xulosa chiqarilgan-da. Komissiya raisi Abdug’ani Erkebayev asosan o’zbeklarga aybni to’nkab qo’yganday. Biz davlat komissiyasidan xolis fikr kutgan edik. To’g’ri, Qodirjon Botirov o’zbeklar muammosini yuqoridagilarga yetkazish uchun mitinglar o’tkazgandir. Lekin u ham bu namoyishlar urushga olib kelishini bilmagan bo’lsa kerak. Botirovni hukumat doiralaridan birov ishontirgandir. Millatlar o’rtasida to’qnashuv, qurbonlar haqidagi gaplarga kelsak… 105 qirg’iz, 276 o’zbek deyapti. Bu raqamlar yolg’on. Qurbonlar soni ko’proq. Lekin bu nimagadir yashirilmoqda. Ikkinchidan, muvaqqat hukumatda ishlagan Beknazarovlar, Duyshebayev, Isakovlar… Ular qisman emas, to’la aybdor. Chunki O’sh va Jalol-Obod uch-to’rt kun qirg’in bo’lganda bular bir tomonlama turdi. O’sh va Jalol-Obod gubernator, merlari, alohida tuman rahbarlari ham aybdor. Afsuski, bu odamlar parlamentga kirib oldi. Bu ishlar noto’g’ri”.

Jurnalist Doniyor Ergesev sharhicha hisobotda umuman olganda, to’g’ri xulosalar qilingan.

"Aybdorlarga nisbatan jazo qo’llanishi kerak, albatta”,- deydi u.

“Komissiya juda katta mehnat qilgani yaqqol ko’rinib turibdi. Biroq shu yerda bir oz e’tirozni jihatlarga e’tibor qaratmoqchiman. Gap shundaki, birovni yoki ma’lum kishilarni aybdor deb atashga hozircha hech kimning haqqi yo’q. Aybdor, jinoyatchi degan xulosani faqat sud qilishi mumkin. Sud qarorisiz ana shunday gaplar aytilayotganiga men juda xayron bo’lib turibman. Ikkinchidan, komissiya xulosalarida zid fikrlar mavjudligi ko’zga tashlanadi. Komissiya raisi Abdug’ani Erkebayev televideniye orqali “ikki xalq bu fojeada aybdor emas” dedi. Bu juda to’g’ri gap. Lekin tayyorlangan hujjatda juda ko’p yerlarda bu fitnani aholining o’zbek qismi tayyorlagan deb yozilgan. Qanday qilib butun bir xalqni ayblash mumkin? Mana shunday jihatlar komissiya ishida juda ko’p nuqsonlar borligini ko’rsatmoqda”.

Komissiya xulosalari ikki xalq o’rtasida munosabatlarni o’nglashda qanday hissa qo’shishi mumkin?

“Komissiya tuzishdan maqsad aynan ikki xalq o’rtasida ziddiyatni yumshatish edi. Uning zimmasidagi mas’uliyat nihoyatda katta. Buni komissiyaning har bir a’zosi his qilishi kerak. Chunki noto’g’ri berilgan bir baho avvalgi munosabatlarni tiklayman degan odamlarning hafsalasini pir qilishi mumkin. Men yuqorida aytib o’tdim. Butun bir xalqni aybdor deb aytish hech qachon yaxshi natijaga olib kelmaydi. Shuning uchun, komissiyaning har bir a’zosi bir og’iz so’z aytishdan oldin nihoyatda mas’uliyat bilan ish tutishi kerak. Afsuski, xulosaning ayrim yerlarida bu mas’uliyat sezilmagandek”,- deydi o'shliklardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG