Toshkent mehnat muhojirlarining siyosiy faolligidan xavotirda


Rossiyada, avtomobilda tunayotgan ishchi muhojirlar. Krasnaya Polyana qishlog'i, 21-sentabr, 2013-yil.

Rossiyada, avtomobilda tunayotgan ishchi muhojirlar. Krasnaya Polyana qishlog'i, 21-sentabr, 2013-yil.

O’zbekiston hukumati Rossiyadagi mehnat muhojirlarining siyosiy faolligi oshib borayotganidan xavfsiramoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar. Shu bois Toshkent ularni vatanga qaytarishga harakat qilmoqda. Tahlilchilar so'zlariga ko’ra, bu muxolifatni jilovlashga urinishdan boshqa narsa emas.

Mahalla qo’mitalari targ’ibotga, muhojirlar ro’yxatini tuzishga kirishgan bo’lsa, huquq-tartibot organlari xorijga chiqishga izn beruvchi biometrik pasport berilishini cheklashga urinmoqda. Maxsus xizmatlar ham bundan chetda emasligi, xorijdan qaytgan fuqarolar diniy e’tiqodi, siyosiy qarashlari yuzasidan suhbatga chaqirilayotgani ma'lum.

Moskvadagi o’zbek faollariga ko'ra, mehnat muhojirlarining siyosiy faollashib borayotganidan qo’rquvga tushgan O’zbekiston hukumati ana shunday choralarga qo'l urmoqda.

“O’zbekiston hukumati hammadan xavfsiraydi. Agar real qaraydigan bo’lsak, 1999-yildan boshlab o’zbekistonlik muhojirlar Rossiyaga oqib kela boshladi. O’zbekiston prezidenti ular hayoti, huquqi bilan umuman qiziqmadi. Hozir nega qiziqayapti? Albatta, hech bir so’zsiz, mehnat muhojirlari O’zbekiston hukumatidan noroziligini ochiq aytishayapti, buni hukumat ko’rib turibdi”, - deydi Rossiyadagi taniqli huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev.

Moskvadagi “Vatandoshlar” jamiyati raisi Usmon Baratov esa millionlab mehnat muhojirlarini ortga qaytarish harakati hukumatning boshi berk ko’chaga kirib qolganidan dalolat ekanini aytadi.

“Mahalla raislari militsiya bilan uyma-uy yurib odamlarga o’g’lingni, boshqa yaqiningni bir hafta ichida qaytarasan, bo’lmasa, jarimaga tortilasan deb qo’rqitib yurishibdi", - deydu u.

"Bu O’zbekiston hukumatining boshi berk ko’chaga kirib qolganidan darak beradi. Avvaliga bu narsa hukumatga yoqqan edi, chunki milliardlab dollar O’zbekistonga jo'natilayotgan edi. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor, buni beshinchi koloniya deyish mumkin. Ya'ni nima demoqchiman, bir necha million kuchga to’lgan erkaklar, Rossiyada yevropacha hayotni ko’rishgan, bu yerda demokratiya, albatta, kuchli emas, lekin O’zbekistondagiga nisbatan bir-ikki pog'ona baland, qanday yashash kerakligini ko’rishayapti, so’z erkinligi ham nisbatan bor. Hukumat shu kuchdan qo’rqib vasvasaga tushib qoldi”.

O’zbekistonlik mehnat muhojirlarining asosiy qismi Rossiyada ishlaydi. Taxminan 5 millionga yaqin muhojir jo’natayotgan mablag’ ishsizlik darajasi yuqori bo’lgan O’zbekiston aksariyat aholisining tirikchiligi uchun juda muhim.

Mehnat yoshidagi millionlab odamlarning xorijda ekani mamlakatdagi ijtimoiy portlash xavfining oldini olib turgan omillardan ham sanaladi. Ammo muhojirlarni ortga qaytarish bo’yicha boshlangan kampaniya hukumat bunday ijtimoiy noroziliklar yuzaga chiqishidan xavotirda emasligini ko’rsatmoqda.

“Ma’lum ma’noda mehnat muhojirlari muxolifatga aylanmoqda, ya'ni o’z ichki holati, qarashi bilan, hayotning o’zi ularni shu pozitsiyaga olib chiqmoqda. Mayli, ularning 3-4 millioni qo’rqib vatanga qaytdi ham deylik, keyin ular nima qilishadi? Kuchga to’lgan erkaklar ish bo’lmasa, tirikchilik bo’lmasa, ehtimol bir qismi arzimagan pulga ishlar, qolganlari nima qiladi? Mana, yaqinda Rossiya televideniyesida ko’rsatdi, Iroqdagi qo’zg’olonlarda 400 o’zbek alohida guruh bo’lib urushayotgan ekan. Nima ham qilardi, O’zbekistonda ish yo’q, Rossiyadan deportatsiyaga tushgan bo’lsa, pulini to’lagandan keyin ketadi-da. Ularning soni qisqa vaqtda bir necha barobarga ortishi ham mumkin. Odamlar qo’rqib qolgan”, - deydi Usmon Baratov.

Bahrom Hamroyev ham muhojirlik o’zbeklarni siyosiy faollashtirgan degan fikrda. Ularning bir qismi O’zbekistondagi rejim so’nggi kunlarini yashayotganiga ishonadi, deydi u.

“Mehnat muhojirlari Rossiyada, Koreyada, boshqa joylarda ishlab Karimov rejimining umrini uzaytirdi. O’zbekistonga pul jo’natib, mamlakat osoyishtaligini saqlab turdi. Buni hukumatning o’zi ham yaxshi biladi. Endi esa rejimning umri oz qoldi, yutqazishini biladi. Hozir mamlakatini, qadriyatlarini, bu yerdagi ozodliklarni taroziga qo’yib, o’lchab ko’radigan odamlar paydo bo’lgan. Karimov bu yerda ish ketayotganini biladi. Bu yerda partiya yo’q, biz konferensiya o’tkazib, zallarga yig’iladigan. Yo’q, biz oddiy xalq ichiga borayapmiz, xalqqa istagan harakatlarni tushuntirayapmiz”, - deydi Bahrom Hamroyev.

O’zbekiston hukumati uzoq yillar Rossiyada millionlarni tashkil etuvchi mehnat muhojirlariga panja ortidan qarab keldi. Turli xo’rlik va kamsitishlarga uchragan bu migrantlarning huquqini himoyalash uchun biror chora ko'rilmadi.

Jizzaxdagi safari davomida mehnat muhojirlari haqida gapirgan prezident Islom Karimov ularni ishyoqmas dangasalarga qiyoslagan edi.

Ukrainadagi hodisalar ortidan hukumatning Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan xavotiri yanada ortayotgani namoyon bo'lmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG