Breaking News

O'zbekiston: OAV bo'yicha yana bir yangi qonun nimani o'zgartiradi?


O'zbekiston: OAV bo'yicha yana bir yangi qonun nimani o'zgartiradi?
O'zbekiston: OAV bo'yicha yana bir yangi qonun nimani o'zgartiradi?

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) vakillari shu yaqin orada Markaziy Osiyoga safar qilib, zamonaviy texnologiya, kommunikatsiya va axborot tarqatishning yangi usullari borasida muzokara olib borgan.

Tashkilotning matbuot erkinligi bo'yicha vakili Dunya Miyatovich Toshkentdagi uchrashuvlarda matbuot va jurnalistika bilan bog’liq qonunlarni yaxshilash kerak degan.

Prezident Islom Karimov axborot vositalariga erkinlik beradimi?
Prezident Islom Karimov axborot vositalariga erkinlik beradimi?

O’zbekiston hukumati teleradio, axborot tarqatish va olish kafolatlari bo’yicha qonunlarni xalqaro me’yorlarga moslamoqchi ekanini qayd etmoqda.

YXHT umidga to’la, lekin mahalliy jurnalistlar katta o’zgarishlar bo’lishiga ishonmaydi.

Xalqaro hamjamiyat ko’zi uchun qog’ozda u bu islohotlar qilinishi mumkin, lekin amalda axborot vositalariga erkinlik, jurnalistlarga mustaqil faoliyat uchun yo’l berilmaydi.

Bir tomondan mustaqil matbuotni keskin taqiqlash, jurnalistlarni tazyiqqa olish, qamash, ikkinchi tomondan esa bu boradagi qonunchilikni xalqaro me’yorlarga moslash… Bular bir biriga qanchalik zid tushunchalar bo’lmasin, O’zbekistondagi bugungi haqiqat.

"Axborot" va davlat televideniyesining boshqa informatsion dasturlari - hukumatning asosiy propaganda vositalari
"Axborot" va davlat televideniyesining boshqa informatsion dasturlari - hukumatning asosiy propaganda vositalari

O’zbekiston hukumati so’z erkinligi bo’yicha “islohotlariga” xalqaro e’tiborini jalb qilishga urinmoqda. Toshkentda xorijiy ekspertlar ishtirokida o’tgan so’nggi anjuman shundan darak beradi.

“Ommaviy axborot vositalari (OAV) haqidagi qonunlar 100 taga yetganda ham, erkinlik faqat qog’ozda... Lekin, qonun bo’lmaganidan ko’ra, albatta bo’lgani yaxshi. Yevropa bilan yaqinlashish niyatida hukumat islohotlar bo’yicha muloqot boshlashga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin. Biroq siyosat o’zgarmas ekan, mamlakatda so’z erkinligi bo’lmaydi”, - deydi uzoq yillar jurnalistlik qilgan, hozirda esa “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati xodimi Abdurahmon Tashanov.

Dunya Miyatovich, YXHT matbuot erkinligi bo'yicha vakili, Toshkentda rasmiylarni internetni cheklamaslikka chaqirdi
Dunya Miyatovich, YXHT matbuot erkinligi bo'yicha vakili, Toshkentda rasmiylarni internetni cheklamaslikka chaqirdi

YXHT maxsus vakili Dunya Miyatovich O’zbekiston rasmiylari, qonunchilari va jurnalsitlar bilan muloqotda internet erkinligi haqida gapirgan. Internetni cheklab bo’lmaydi, degan. Ma’lumki, respublikada global tarmoqqa to’siqlar qo’yilgan.

Yangi qonun loyihasi YXHTga taqdim qilingan. Tashkilot ekspertlari bu borada o’z tavsiyalarini bergan. Ular inobatga olinsa, O’zbekistonda xalqaro me’yorlarga javob beruvchi yana bir qonun qabul qilinadi. Xo’sh, undan keyin nima bo’ladi?

Yangi qonun bilan matbuot erkin bo’lib qolmaydi. U hukumatning keskin nazorati ostida, deydi jurnalistlar, axborot olish imkoniyati va informatsiya oqimi cheklangan.

“Bu totolitar davlatga xos uslub. Bir tomondan hukumat, ehtimol televideniye sohasida qandaydir islohotlar o’tkazish taklifini surgan, buni YHXT tomoni ham qo’llagan… Boshqa tomondan esa nazorat hech qachon bo’shatilmaydi, jamiyatning demokratlashishiga yo’l qo’yilmaydi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi - hukumatning asosiy targ’ibot vositasi. Omma orasida davlat telekanallari va radiolari beradigan ma’lumotga ishonch ham, hurmat ham juda past. Xalq orasida “Axborot” dasturi “jannatdan xabarlar tarqatuvchi” ko’rsatuv deya masxara qilinadi.

1990-yillar oxirida "Yoshlar" telekanali tuzilganida ko'plab jurnalistlar yangicha faoliyat yuritiladi deya umid qilgan edi. Lekin bu kanal ham hukumatning siyosiy quroliga aylandi.
1990-yillar oxirida "Yoshlar" telekanali tuzilganida ko'plab jurnalistlar yangicha faoliyat yuritiladi deya umid qilgan edi. Lekin bu kanal ham hukumatning siyosiy quroliga aylandi.

“Yoshlar” telekanali sobiq jurnalisti Saodat Omonova o’zgarishlar bo’lishiga ishonmaydi.

“Televideniyeda faqat yutuqlar haqida gapirishga ruxsat beriladi, tanqidiy chiqishlarga emas”, - deydi u.

Lekin Toshkentda xalqaro anjuman o’tayotganida davlat televideniyesi kutilmagan dasturlar berdi.

Viloyat hokimlari televideniye orqali aholi bilan muloqot qildi. Qish mavsumiga tayyorgarlik, gaz, elektr-chiroq muammosi haqida gap ketdi.

O’zbekistonda hokimlar oynai jahon orqali odamlar bilan muloqotga chiqishi shubhasiz siyosiy qaror.

Saodat Amonova fikricha, bu nomiga qilinayotgan ishlar.

“Hokimlarning muloqotga chiqishi yaxshi voqea, biroq muammolar - gaz, chiroq masalasi baribir yechimsiz qolaveradi. Nazarimda bu uyushtirilgan narsa, shunchaki xo’ja ko’rsinga qilinayapti, xolos. Qog’ozda hammasi yaxshi, amalda esa boshqacha. Qonunda senzuraga yo’l qo’yilmaydi deyilgan. Biz televideniyadagi senzuraga qarshi bosh ko’tardik, lekin bizni ishdan haydashdi”, - deydi Omonova.

Mustaqil jurnalistalar deydiki, O’zbekistonda tuzum o’zgarmas ekan, so’z va matbuot erkinligi borasidagi muloqotlar, yangi qonun va islohot haqida va’dalardan biror naf yo’q.

Hozircha qog’ozdagi o’zgarishlardan na jurnalistlar va na O’zbekiston xalqi manfaat ko’rmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG