Kuzatuvchilar: Mirziyoyevda hokimiyatga kelish imkoniyati yuqori


O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan

O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan

Geosiyosiy maydonda Islom Karimovdan keyingi O'zbekiston uchun raqobat kuchaymoqda. Samarqandga Karimovni xotirlash uchun borgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o'tkazgan. Bir kun avval esa AQSh diplomati Daniyel Rozenblum O'zbekistonga Prezident Barak Obamaning hamdardlik maktubini olib kelgan edi.

Vladimir Putinni aeroportda Shavkat Mirziyoyev kutib olgan. Putinga tashrif uchun minnatdorchilik bildirgan Mirziyoyev Rossiya bilan aloqalarning O'zbekiston uchun muhim ekanligini aytgan.

Putin Samarqandda Karimovning qabriga gulchambar qo'ygan, shuningdek, Tatyana va Lola Karimovalarga o'z ta'ziyasini bildirgan.

Putin Karimov prezidentligi davrida erishilgan o'zaro hamkorlik kelishuvlari amaliyotiga umid qilishini, O'zbekiston Rossiyaga ishonchli do'st sifatida suyanishi mumkinligini aytgan.

5-sentabr kuni O'zbekistonga AQSh diplomati Deniyel Rozenblum kelgan va Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muloqotda bo'lgan edi.

Rozenblum Komilovga AQSh prezidenti Baraka Obamaning Islom Karimov vafoti munosabati bilan yozgan hamdardlik maktubini topshirdi. AQSh prezidentining maktubida ham munosabatlarning davomli bo'lishi, AQSh hamisha O'zbekistonni qo'llab-quvvatlashi qayd etilgan.

Ayni paytda O'zbekistonni 27 yil davomida boshqargan Islom Karimov o'limidan so'ng uning vorisi kim bo'lishi, mamlakatning tashqi siyosati qanday yo'nalishdan ketishi haqida munozaralar qizigan.

Islom Karimov mintaqadagi geosiyosiy kuchlar bilan hamkorlikda mohirona tarzda muvozanatni saqlab kelgan usta siyosatchi sifatida ta'riflanadi. Bu muvozanatning qanchalik saqlanib qolishi hozircha mavhum. Ayrim mulohazalarga ko'ra, O'zbekiston siyosatida geosiyosiy og'ish ham kuzatilishi mumkin.

Ayrim ekspertlar O'zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga, hatto harbiy ittifoq - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga qaytishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjonga ko'ra, O'zbekistondagi bugungi muhim masala hokimiyatga kimning egalik qilishi, mamalkat siyosati ham ko'proq shunga bog'liq bo'ladi.

“Agar rostdan hokimiyatga, hozir aytilayotganidek, Shavkat Mirziyoyev keladigan bo'lsa, G'arbning mamlakatdagi manfaatlari bir qadar ushlab turilishi mumkin. Rossiya bilan hamkorlik siyosatida ma'lum o'zgarishlar, rossiyaparastlik kuchayishi mumkin. Lekin men bu o'zgarishlarni unchalik jiddiy deb baholamayman. Asosiy kurs Karimov davrida shakllantirilgan siyosat, geosiyosiy kuchlar bilan imkon qadar muvozanatni ushlash haqida bo'ladi. Ichki siyosatda esa o'zgarish kuzatilmaydi, bunday o'zgarish qiladigan kuchning o'zi ham yo'q. Tashqaridagi muxolifatni qaytarish masalasi ko'rilayotgani ham yo'q. O'zgarishlar qilish uchun tashqaridan bosim ko'rsatish ham kuzatilayotgani yo'q” - deydi Safar Bekjon.

Hokimiyatga da'vogarlar qatorida Bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov nomzodi ham bor. O'zbekistonning G'abr bilan munosbatlari rivojlanishi ko'proq Azimov nomzodi bilan bog'lanadi.

Karimov o'limidan keyingi jarayonlar hozircha siyosiy sahnada, asosan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ekanligini ko'rsatmoqda. Uning dafn marosimiga boshchilik qilishi Mirziyoyev hokimiyatga keladi, degan mavjud qarashlarni yanada mustahkamladi.

Islom Karimovning o'limi haqida dastlabki xabarlarni tarqatgan Fergananews.com sayti bosh muharriri Daniil Kislovning aytishicha, majvud vaziyatda Rustam Azimovning hokimiyatga kelishi ancha cheklangan.

“Shaxsan men Rustam Azimov nomzodi jiddiy emas, deb hisoblayman. Hokimiyat uchun kurashayotgan hozirgi kuchlar orasida Azimov eng zaif nomzodlardan biri, uning hokimiyatga kelishi ehtimoli uzoq”, - deydi Kislov.

O'zbekistonda hokimiyatga kim kelishi yuzasidan hozircha faqat ehtimoliy taxminlar mavjud. Konstitutsiyaga ko'ra, davlat rahbarligi Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tishi va uch oy muhlat ichida prezidentlik saylovlari o'tkazilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG