Breaking News

O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev davri boshlanmoqda


Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan (arxivdan olingan surat)
Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan (arxivdan olingan surat)

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev vaqtinchalik O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi. Bu haqda Islom Karimov vafotidan keyingi dastlabki yig'ilishini o'tkazgan parlament qo'shma majlisida qaror qabul qilingan.

Konstitutsiyaga muvofiq vaqtinchalik davlat boshqaruvi Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tishi kerak edi. Ekspertlarga ko'ra, Shavkat Mirziyoyevning bu lavozimga tayinlanishi dekabrda kutilayotgan saylovlarda tanlov bo'lmasligidan darakdir.

8-sentabr kuni O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi va Senati mamlakat konstitutsiyasida ko'zda tutilganidek Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevni emas, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni vaqtincha prezidentlikka tayinlagan.

Yo'ldoshev ixtiyoriy ravishda vaqtinchalik davlat rahbarligini qabul qilishni rad etgani xabar qilinadi. Ammo rasmiy axborotda bu tilga olinmagan.

Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha rossiyalik ekspert Arkadiy Dubnovga ko'ra, Senatning bu qarori Toshkent uchun konstitutsiyaviy me'yorlarga rioya qilish ikkinchi darajali masala ekanligini, mamlakat ichkarisiga ham, tashqariga ham Karimovdan keyingi hukumat kimning qo'lida bo'lishini ko'rsatmoqda.

"Ular bu qaror bilan siyosiy elita vorislik masalasida kelishuvga borganini, prezidentlik sayloviga ajratilgan uch oylik muhlatda ham xalq o'z yetakchisisiz qolmasligini ko'rsatmoqda. Toshkent bu masalada konstitutsiyaviy me'yorlarga amal qilib o'tirmadi, vaqtinchalik rahbarlikka Senat raisini emas, darhol prezidentlikka asosiy da'vogar bo'lgan bosh vazirning o'zini tasdiqlab qo'ydi. Nazarimda, bu birinchi navbatda mamlakat ichkarisiga vorislikning boshqacha bir varianti bo'lmasligi, voris ham, prezident ham Shavkat Mirziyoyev ekanligi haqida yo'llangan signal. Odamlarga saylash uchun hech qanday tanlov bo'lmasligiga ishora berilmoqda“, - deydi Dubnov.

Konstitutsiyaga muvofiq mamlakat prezidenti o'z vazifasini bajara olmay qolgan taqdirda davlat boshqaruvi vaqtinchalik Senat raisiga o'tib, uch oylik muhlatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o'tkazilishi kerak.

Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevning o'zi vaqtinchalik davlat rahbarligiga Mirziyoyevning nomzodini ko'rsatgan. Bu taklif parlament a'zolari tomonidan bir ovozdan ma'qullangan. Majlisda O'zbekiston prezidentligi saylovlari uchun tayyorgarlikni boshlash masalasi ham ko'tarilgan.

Mirziyoyev vaqtinchalik rahbarlikka tayinlanishi qonunchilikka qanchalik mos kelishi munozarali masala, ammo Arkadiy Dubnovga ko'ra, O'zbekistondagi kabi rejimlar uchun hukumat vorisligi masalasida konstitutsiyaviy me'yor biror ahamiyatga ega deb o'ylash noto'g'ri.

"O'zbekistondagi kabi rejimlar uchun hokimiyat, hokimiyat vorisligini hal etish masalasida konstitutsiya biror hal qiluvchi ahamiyatga ega emas", - deydi u.

Shavkat Mirziyoyev 2003-yilda O'zbekiston Bosh vaziri lavozimiga tayinlangan edi. Bundan avval Toshkent shahar Mirzo-Ulug'bek tumani, Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimi lavozimida ham ishlagan. U, ayniqsa, viloyat hokimi lavozimida ishlagan davrlari shafqatsizligi bilan nom qozongan.

2003-yildan beri hukumatni boshqarib kelayotgan Mirziyoyev bu lavozimda eng uzoq qolgan rahbarlardan biri sifatida ham qayd etiladi. U hozir 59 yoshda.

O'zbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimov 78 yoshida, rasmiy xabarga ko'ra, 2-sentabr kuni vafot etdi. Shundan so'ng hokimiyatni kim egallashi haqida munozaralar kuchaydi.

Ko'pchilik bu lavozimga kelish bo'yicha Shavkat Mirziyoyevda imkoniyat yuqori ekanligini taxmin qilib kelayotgan edi. Uning vaqtinchalik prezidentlikka tayinlanishi taxminlarni tasdiqladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG