Qochqinlar yordamni asosan aholidan olmoqda


O’shdan va Jaloloboddan qochqinlar kelishdan davom etmoqda. Uchqo’rg’on tumani Namanganning Qiziljar va Shamoldisoy rayonlari bilan chegaradosh.

Qochqinlar avvalroq “Nihol” sanatoriysida joylashtirilgan edi va bugun avtobuslarga solib, Uchqo’rg’ondagi 29, 30-maktablari va bolalar lagerlariga jo’natila boshlagan.

Chegaradan o’tish qiyin, lekin iloji bor, deydi guvohlar. Qochqinlar sharoitdan shikoyatimiz yo’q, deydi. Oziq-ovqat, ko’rpa-to’shakni mahalliy aholi yig’ib berayotgani ma’lum.

Uchqo’rg’ondagi vaziyatdan hozir aytish mumkinki, bu atrofda xalqaro yordam sezilmaydi. Barcha qilinayotgan ishlar mahalliy doirada amalga oshirilmoqda.

Lekin so’nggi xabarlarga ko’ra, BMT rasmiylarining aytishicha, qochqinlarga atalgan yordam – 40 tonna xomashyo, ozuqa ortilgan ilk samolyot bugun Andijon aeroportiga borib qo’ngan.

Chegaraga Namangan, Andijon, Farg’onadan borgan odamlar O’shdagi qarindoshlarini olib chiqishga harakat qilmoqda. O’zbekistonga avval o’tgan odamlarni rasman qayta ro’yxatga olish boshlangan.

Aniq raqamlarni aytish qiyin, lekin Uchqo’rg’on ahlining taxminicha, tumanda 25-30 ming qochqin bor. Chunki alohida oilalar 15-20 odamga boshpana bergani ma’lum va ular yana lagerlarga qaytish haqida ko’rsatma olgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG