Breaking News

Din va davlat: O'zbekiston milliy mafkurasining g'oyaviy asoslari


O’zbekiston mustaqillikka erishishi bilan o’z milliy yo’li va tarixini qurishga tushdi. Milliy o’zlikni anglash va yaratishga qaratilgan bu siyosat maktabdan tortib oliy bilim yurtlarigacha o’quv dasturlariga kiritildi. O’zbekiston milliy mafkurasida islom dini elementlari hamda vatanparvarlik, milliy istiqlol g’oyasi kabi siyosiylashgan tushunchalar ham bor. Bu modelning g’oyaviy va falsafiy asoslari nimalardan iborat? U amalda o’zini qanchalik oqladi? O’zbekistonlik yosh tadqiqotchilar Jorj Vashington universitetida shu mavzuda ma’ruza o’qidi.

O’zbekiston mustaqillikka erishishi bilan “ma’naviyat va ma’rifat” tushunchasi milliy mafkura sifatida tez-tez tilga olinadigan bo’ldi. Ushbu g’oya asosida maktablarda va oliy o’quv yurtlarida maxsus darslar tashkil etildi. Ma’naviyatli va ma’rifatli bo’lish fuqarolik burchlaridan biriga aylandi.

O’zbekistonlik yosh tadqiqotchi Rafael Sattorovning aytishicha, aslida bu mafkura jiddiy falsafiy asosga ega bo’lmagan bo’sh dasturdir.

“Falsafiy bahs-munozara yo’q; shu mavzuda falsafiy kitoblar ham yo’q. Faqat Islom Karimovning kitoblari asos qilib olindi. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” kitobi bu mafkura uchun yo’l xaritasi vazifasini bajardi”, - deydi u.

Ushbu mafkuraga ko’ra, o’zbek davlatchiligi islohotlari uchun hukumat mas’uldir. Fuqarolarning o’zligini tanishida, madaniy hayotda va kundalik hayotning boshqa ko’plab jabhalarida asosiy boshqaruvchi kuch hukumatning o’zidir, deydi Sattorov.

Mustaqillikning dastlabki yillarida O’zbekiston davlat mafkurasida pan-turkizm elementlari ko’zga tashlandi. Bu siyosatda Turkiya modeli asosiy namuna sifatida tanlab olindi. Ammo 90-yillarning ikkinchi yarmiga kelib Turkiyadan uzoqlashish davri boshlandi.

“1996-yildan 2000-yillargacha davlat milliy mafkurasi bo’yicha aniq bir siyosat yo’lga qo’yilmadi. Tashviqot ishlari, asosan, prezident Islom Karimov shaxsi atrofida olib borildi. Ammo davlat qaysi yo’ldan borishi kerak: sovet davridagi davlatchlikka ergashiladimi, temuriylar davrigami yoki undan keyingi xonlik davrlariga? Bu haqda aniq bir qarash mavjud emas edi”, - deydi o’zbekistonlik tadqiqotchi.

O’zbekistonda avtoritar rejim kuchayib borgan sari mamlakat mafkurachilari davlat - axloqiy tamoyillar va milliy an’analarning asosiy himoyachisi degan falsafiy qarashni ishlab chiqdi.

“Ma’naviyat va ma’rifat” ideologiyasining asoschisi akademik Ozod Sharafiddinov bo’ladi. Bu inson Islom Karimovning asosiy avtobiografi va saroy yozuvchilarining norasmiy rahbari vazifasini bajargan”, - deydi Sattorov.

Tez orada vatanparvarlik davlat monopoliyasiga aylanib, hukumatga qarshi har qanday tanqid tahdid manbai sifatida ko’rila boshladi.

Islom Karimov vafotidan so’ng hukumat tepasiga yangi rahbar kelgach, endi milliy davlat mafkurasi ham o’zgarishlarga yuz tutishi muqarrar, deydi Rafael Sattorov. Unga ko’ra, O’zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mafkura va ma’naviyat masalalarida Karimovdan farqli qarashga ega.

“Prezident Mirziyoyev aski modelni yoqtirmaydi. U madaniy yoki iqtisodiy izolyatsiyaga qarshi. Mirziyoyev madaniy izolyatsiya va omma fikrining manipulyatsiya qilinishini O’zbekiston manfaatlariga zid deb hisoblaydi”, - deydi tadqiqotchi.

O’zbekistonlik yana bir olim, Emori universitetida ilmiy izlanish olib borayotgan Donoxon Abdug’afurova o’z ma’ruzasida O’zbekiston ta’lim dasturlariga kiritilgan milliy mafkura, ma’naviyat va odobnoma darslarida islom dini tamoyillariga qanchalik o’rin ajratilganiga e’tibor qaratdi.

Olimaning aytishicha, ma’naviyat va axloq haqida gapirganda, odob tushunchasi alohida ahamiyatga ega va buni islom dinisiz tasavvur qilish qiyin.

“Ma’naviyat atamasi muhim tushuncha bo’lib, u islomiy an’analarga bog’liq. Davlatni yetuk fuqarolar bilan ta’minlashda ta’lim va tarbiya bilan birgalikda ma’naviyatga alohida e’tibor qaratish kadrlar tayyorlash milliy dasturining asosiy mazmuniga aylantirildi”, - deydi Abdug’afurova.

Mustaqillik yillarida maktablardagi barcha sinflarga odobnoma darslari joriy etildi. Ular dunyoviy ruhdagi fan sifatida o’qitilgan bo’lsa ham, o’zbek jamiyatini diniy qadriyatlardan ajratib bo’lmaganidek, bu darslar asosiga ham islomiy tamoyillarga asoslangan axloq normalari qo’yildi.

“Odobnoma, miliy istiqlol g’oyasi kabi fanlar barcha sinflar uchun majburiy bo’lish bilan birga, qaysi fan o’qituvchisi bo’lishidan qat’i nazar, barcha muallimlar bu fanlarni bilishi va o’qita olishi shart qilib qo’yildi”, - deydi tadqiqotchi.

Abdug’afurovaga ko’ra, odobnoma va ma’naviyat darslari davlat olib borgan keng miqyosli milliy mafkura siyosatining bir qismini tashkil etadi. Maqsad –sovetlar davridan keyingi mustaqil O’zbekistonning o’z milliy o’zligi va yo’lini yaratish edi, deydi o’zbekistonlik olima.

Ammo bu siyosat qanchalik o’zini oqladi? 25 yillik O’zbekiston tarixiga nazar tashlasak, deydi o’zbekistonlik tadqiqotchilar, milliy mafkura, asosan, majburiy va sun’iy tarzda yoshlar ongiga singdirilganiga guvoh bo’lamiz. Kuchli falsafiy asoslarga ega bo’lmagan va kundalik real hayotga amaliy aloqasi sezilmagan g’oyalar uzoqqa borishi qiyin, deydi ular.

Shu boisdan O’zbekistonga yangi hokimiyat kelishi bilan jamiyatda keng ko’lamli islohotlar boshlanib ketdi. Islohotlar hozircha, asosan, iqtisodiyot va huquqiy sektorlarda kuzatilmoqda. Lekin milliy mafkura yo’nalishida ham tez orada yangi siyosat olg’a surilsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG