Breaking News

O'zbekiston qo'shnilari bilan aloqalarni yaxshilayaptimi?


O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (o'ngdan ikkinchi) Xitoy, Rossiya hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlari bilan, Toshkent, 24-iyun, 2016-yil.
O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov (o'ngdan ikkinchi) Xitoy, Rossiya hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlari bilan, Toshkent, 24-iyun, 2016-yil.

O'zbekiston va qo'shni davlatlar o'rtasidagi munosabatlar iliqlashishiga umid paydo bo'lgan. Qirg'iziston va Tojikiston prezidentlari Toshkentdagi uchrashuvdan so'ng O'zbekiston bilan siyosiy muloqotni jonlantirishga hozirlik bildirishgan.

Islom Karimovning Toshkentda Almazbek Atambayev, Emomali Rahmon bilan o'tkazgan ikki tomonlama muloqoti tafsilotlari aniq emas, ammo sharhlovchilar mintaqadagi mavjud ziddiyatlar, siyosiy jarayonlarga oid kelishuvlar boshlanayotganini ehtimoldan soqit qilishmaydi.

Prezident Karimov Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammiti doirasida Qirg'iziston, Tojikiston prezidentlari bilan uchrashib, ular bilan uzoq yillik tanaffusdan so'ng oliy darajadagi ikki tomonlama muloqotlarni qayta tikladi.

Qirg'iziston Bosh vaziri Sooronbay Jeyenbekov yaqinda yangi elchi Doniyor Sodiqovni qabul qilgan, siyosiy muloqotni jonlantirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga ko'rsatma bergan.

Emomali Rahmon esa Islom Karimovni Tojikistonga taklif etdi. Karimovning Tojikistonga ham, Qirg'izistonga ham qilgan so'nggi tashriflari 2000-yillarga to'g'ri keladi. Karimov Rahmonning taklifini qabul qilganmi, yo'qmi, bu borada ma'lumot yo'q.

Toshkentning Dushanbe va Bishkek bilan ziddiyati zamirida asosan suv masalasi, Tojikiston va Qirg'izistonda rejalanayotgan Rog'un, Qambarota to'g'onlari qurilishlari turgani aytiladi.

So'nggi ma'lumotlrga ko'ra, Tojikiston Rog'un qurilishini Italiya kompaniyasiga topshirgan, hukumat buning uchun 4 milliard dollardan oshiq mablag' ajratgan. 2018-yilga borib to'g'ondagi dastlabki agregat ishga tushirilishi kutilmoqda.

Bu ma'lumotlar Toshkentda sukut bilan kutib olinayotgani Tojikiston bilan munosbatlarda o'zgarishlar bo'layotganidan dalolatdek.

Karimov Rahmon bilan uchrashuvda o'zaro muhokamadagi asosiy masalalar qatorida “mintaqada urushga ham sabab bo'luvchi” suv muammosini emas, xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va siyosiy bloklardan saqlanish lozimligini qo'yadi.

“O'zaro fikrlar almashib turish uchun sizning e'tiboringizga bir nechta masalalarni qo'ymoqchiman. Birinchisi bu xavfsizlik, ikkinchisi iqtisodiy hamkorlik, uchinchi masala esa bugungi muammolar yechimiga siyosiy blok pozitsiyasidan yondashmaslik”, - degan Karimov.

Rahmon O'zbekiston bilan hamkorlik ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida qolishini, o'zaro do'stlikka asoslangan bu hamkorlik mintaqadagi barqarorlik uchun muhim ekanini aytgan.

Sharhlovchilar mintaqa davlatlari munosabatlaridagi bu o'zgarishlar sababini siyosiy jarayonlarda ko'rishadi. Siyosiy muhojirikda yashayotgan o'zbek yozuvchisi Safar Bekjonga ko'ra, Karimov Tojikiston va Qirg'izistonni tashqi kuchlar, xususan, Rossiya bosimiga vositachi bo'lishi mumkin bo'lgan davlatlar sifatida ko'rib kelgan.

“Qirg'iziston va Tojikistonni O'zbekiston bilan munosabatni yaxshilashga undayotgan sabab, avvalo, siyosiy vaziyat. Qirg'izistonda hozir ma'lum bir guruh shakllandi. Ular Rossiya bilan munosabatlarga qarshi. Moskva esa Bakiyev, sobiq prezident atrofidagi kuchlarni qo'llayapti. Atambayevga nisbatan munosabat ham shunga yarasha, bunday sharoitda Atambayev uchun yaqin qo'shni misolidagi dastak juda zarur. Tojikiston masalasida ham xuddi shunday. Mamlakatdagi islomiy jabhani butunlay rad etgan Rahmon Moskvani qoniqtirmayapti. Bu islomiy kuchlar fuqarolik urushi davridan Moskva tomonidan qo'llab kelinayotgan edi”, - deydi Bekjon.

Karimov Rahmonni siyosiy bloklardan ogoh etishi ortida ham, Atambayev bilan o'tgan uchrashuvning rejalangan vaqtdan ancha cho'zilishi ortida ham mintaqadagi siyosiy vaziyat muhokamasi yotgani aytilmoqda.

“Agar mintaqada shunday iliqlik boshlansa, bu Rossiyaga nisbatan zarba bo'ladi. Diktatorlar keladi-ketadi, lekin davlatlar, xalqlar o'rtasidagi munosabat muhim. Xalqlar o'rtasidagi iliqlik millatlar o'rtasidagi nizo sifatida yuz ko'rsatishi mumkin bo'lgan xatarlarning oldini oladi, ziddiyatlar ehtimoli pasayadi”, - deydi Safar Bekjon.

O'zbekistonning Tojikiston va Qirg'iziston bilan siyosiy aloqalari bir necha yillardirki, tarang qolmoqda. Davlatlar o'rtasida chegaraviy ziddiyatlar ham kuchli. Bundan, asosan, mintaqaning o'zaro bordi-keldi va savdo-sotiq asosida aloqa qilib kelgan oddiy xalqi aziyat chekayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG