O'zbekistonda nodavlat tashkilotlarga yangi cheklovlar va talablar


O’zbekiston Adliya vazirligining yangi buyrug’i nodavlat-notijorat tashkilotlar (NNT) faoliyatini yanada cheklaydi. Ushbu muassasalar ustidan nazoratni mutlaq qo’lga olgan vazirlik konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz, hududiy yaxlitlikka xavf solish singari harakatlar haqida ogohlantirmoqda.

Buyruq nodavlat tashkilotlarga o’z faoliyat yo’nalishi, turi, rejalayotgan tadbirlar, tadbir ishtirokchilari, muhokama qilinayotgan mavzular, foydalaniladigan materiallar, xorijdan taklif qilinuvchi mehmonlar, xalqaro hamkorlar, moliyaviy ta’minot, moddiy sarf-xarajatlar, nodavlat tashkilot faoliyatiga tegishli shu kabi barcha tafsilotlar haqida muntazam axborot berishni talab qiladi.

NNT tomonidan rejalangan yig’inlar, muhokamalar, uchrashuvlar, aksiyalar, seminarlar, konferensiyalar va boshqa shakllarda shaxslarning to’planishi tadbir sifatida belgilanadi va ular faqat Adliya vazirligining tegishli ruxsati bilan o’tkaziladi.

Adliya vazirligi NNT rejalagan tadbirlarda konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o’zgartirish, mamlakat yaxlitligiga tahdid, fuqarolarni erkinligiga putur yetkazish; milliy, irqiy, ijtimoiy va diniy adovatni qo’zg’atuvchi alomatlar topgan taqdirda tadbir o’tkazilishiga ruxsat bermaydi.

NNT taqdim etgan rejada yolg’on ma’lumot keltirilishi ham tadbir taqiqlanishiga asos bo’lishi mumkin. Davlat organlari bilan hamkorlikda kechadigan tadbirlar uchun Adliya vazirligi roziligi talab etilmaydi.

Mardikorlar huquqlari bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilotni ro’yxatdan o’tkazish uchun bir necha bor Adliya vazirligiga murojaat qilgan huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o’g’li nazarida, buyruq nodavlat tashkilotlar nazorstini yanada mustahkamlash, hukumatga nisbatan tanqidiy munosabatlarni bartaraf etish uchun chiqarilgan.

“NNTlar ustidan nazorat kuchyadi, ularni xorij tashkilotlari tomonidan moliyalanishi nazoratga olinadi Bu qaror shunga asoslangan. Hukumatga nisbatan qandaydir keskin kayfiylarlar paydo bo’lishini bartaraf etish maqsadida qilinmoqda”,- deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Konstitutsiyani kuch bilan o’zgartirish, mamlakat yaxlitligiga xavf solish hamda milliy, irqiy, diniy, ijtimoiy taranglik keltirib chiqarish kabi holatlar haqida ogohlantirib, hukumat nodavlat tashkilotlardan jiddiy xavfsirayotgandek. Bu tasniflar nodavlat tashkilotlar tomonidan ijtimoiy muammolar ko’tarilishni ham, bu borada tanqidiy fikrlar bildrilishini ham cheklaydi.

“Adliya vazirligi bu bilan hukumatni muhofaza qilmoqchi. Lekin aslida O’zbekistondagi biror bir nodavlat notijorat tashkiloti yurishlar, namoyishlar, ommaviy aksiyalar tashkil etganini, yoki davlatga qarshi biror harakatlar qilgani yo’q, bu borada hech qanday gap bo’lishi mumkin emas. Chunki NNTlar 23 yildan buyon ishlagan bo’lsa, bu narsa biror marta kuzatilmagan”, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

2015-yilning yanvarida berilgan ma’lumotga ko’ra, mamlakatda 8186 ta nodavlat notijorat tashkilot bor. Ularning deyarli hammasi hukumat iznida, mustaqil nodavlat tashkilotlar deyarli yo’q, borlari ham rasman ro’yxatga olinmagan.

Abdulla Tojiboy o’g’li fikricha:

“Men 3000 dan oshiq nodavlat tashkilot bor deb hisoblardim. Mana ular 8000 dan oshiq ekan, bu tashkilotlar hech qachon hukumatga qarshi bir og’iz gapirmagan. Bular hammasi faqat hukumatga yoqadigan ishlar bilan, hisobotlar bilan shug’ullanadi. Hozirgi kunda O’zbekistonda ijtimoiy muammolarni ko’tarib chiquvchi haqiqiy mustaqil nodavalat tashkilot sifatida faoliyat yuritish imkonsiz. Buning uchun turli qarorlar, buyruqlar qabul qilinmoqda, har tomonlama bo’g’ilmoqda, cheklanmoqda. Chunki mamlakatdagi tuzumning o’zi inson huquqlarini paymol qilishga asoslangan”.

“Nodavlat notijorat tashkilotlar tadbirlarini kelishish to’g’risidagi nizomni tasdiqlash to’g’risida” deb nomlangan bu buyruq 4-iyun kuni Adliya vaziri tomonidan imzolangan va matbuotda e’lon qilinishi ortidan kuchga kirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG