Oliy Majlis saylovlariga aholi orasida qiziqish past


Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi tarkibi o'zgarishi kutilmoqda. Jamoatchi faollar nazarida esa bu biror siyosiy o'zgarish bo'ladi degani emas.

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi tarkibi o'zgarishi kutilmoqda. Jamoatchi faollar nazarida esa bu biror siyosiy o'zgarish bo'ladi degani emas.

O’zbekiston Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, 21-dekabr kuni fuqarolar faol ovoz berishga shay. Tayyorgarlik va targ'ibot ishlari qonun buzilishlarisiz, o'zaro raqobat ruhida o'tmoqda, deydi rasmiylar. Lekin mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar nazarida Oliy Majlisga saylanish harakatidagi partiyalar bir-biridan deyarli farq qilmaydi, dasturlari bir qolipda. Bu partiyalar yutadimi yoki yutqazadi - hech qanday o'zgarish bo'lmaydi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolar. Ijtimoiy tarmoqlarda ham yaqinlashayotgan saylov haqida gap ochilganida, "kim ham ovoz berardi" yoki "kimga kerak shu deputatlar" degan umidsizlanishlarga guvohmiz.

Jurnalist va siyosiy sharhlovchi Vasiliy Markov saylovda ovoz bermoqchi emas. Buning sababi nafaqat saylash uchun munosib nomzodlar yo'qligi, balki saylov va uning natijasining mamlakat hayotida biror o'zgarish qilmasligi bilan bog'liq.

“Birinchidan, birorta nomzod bilan tanish emasman. Men ro'yxatdan o'tgan uchastkada hozirgacha biror nomzod bilan uchrashuv tashkil qilinmadi. O'zbek matbuotidagi chiqishlarda ham aniq, lo'nda, ochiq dastur bilan chiqqan nomzod ko'zga tashlangani yo'q. Partiyalar nomidan chiqarayotgan dasturlar esa bir xil qolipda, odamning e'tiborini biror aniq narsa bilan jalb etmaydi. Ikkinchidan, mening ovozim biror narsani o'zgartirishiga ham ishonmayman”, - deydi Markov.

O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi partiyalar o'rtasidagi raqobatni rivojlantirish uchun keng va adolatli imkoniyatlar yaratilgan, hozirgacha biror qonunbuzarlik holati aniqlanmagan degan bayonot bermoqda.

Oliy Majlis saylovlari Mustaqil davlatlar hamdo'stligi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan bir necha vakil kuzatadi. Bu cheklangan missiya, deya eslatadi Yevropa diplomatlari.

Saylov yaqinlashar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda qiziq va kutilgan holatlar fosh etildi: O'zbekiston maxsus xizmatlari mustaqil jurnalistlar bilan uchrashayotgan xorijiy kuzatuvchilar ortidan poyloqchilik qilmoqda. Kulgili hol, deydi mahalliy faollar, chunki biror muxolif partiya qatnashmayotgan saylov haqida ochiq gapirish ham hukumat uchun tahdid tuyuladi.

Yevropada Xavfszilik va hamkorlik tashkiloti cheklangan missiya orqali jarayonni kuzatadi

Yevropada Xavfszilik va hamkorlik tashkiloti cheklangan missiya orqali jarayonni kuzatadi

Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti O'zbekistonda saylovlar va siyosiy tanlov raqobatsiz o'tishini tanqid qilib keladi.

Tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (ODIHR) 12 kishidan iborat guruh yuborgan. Missiyaga diplomat Daan Vilyam Everts rahbarlik qilmoqda.

Guruhning dastlabki hisobotiga ko'ra, saylovoldi jarayonida ijobiy o'zgarishlar bor. Aholi internet orqali xabardor qilinmoqda va partiyalar ham omma bilan ko'proq va faolroq muloqot qila boshlagan.

Lekin Vasiliy Markov nazarida bu yilgi saylovlar ham avvalgilaridan farq qilmaydi. Qaysi partiya qancha ovoz olishi, kimlar deputatlikka o'tishi oldindan ma'lum ekanligiga shubha yo'q, deydi u. Jamiyat oshkoralikdan yiroq.

“Bunday o'ylayotganlar faqat men emasman. Albatta 100 foiz demayman, lekin ko'pchilik shunday fikrda. Bu hatto ijtimoy tarmoqlarda ham ochiq aytilmoqda. Odamlar nomzodlar kimligini bilmaydi. Hammasi allaqachon hal etilganiga ishonishadi. Agar saylovga bormasangiz ham baribir siz uchun ovoz berib qo'yishadi, degan fikrlarni aytishmoqda”, - deydi Markov.

Oliy Majlis saylovlari uchun mamlakatda rasman tan olingan to'rt partiya ishtirok etmoqda. Ularning birortasi amaldagi siyosatni savolga tutmaydi va hammasi prezident Islom Karimov boshliq davlat to'g'ri yo'ldan ketmoqda deb hisoblaydi.

“Albatta, saylovga odamlar boradi, ammo bu ko'proq saylovdan qutilib olishga o'xshaydi. Bir oiladan bir kishi borib, hamma uchun ovoz berib keladi, tamom”, - deydi jurnalist Markov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG