Yangi siyosiy harakatlar tashkil etish ilinjida yurgan faollar


O'zbekistonda siyosiy muxolifat tugatilganiga ancha yillar bo'ldi. Davomli tarzda mamlakatdan siqib chiqarilgan oppozitsiyaning xorijdagi faoliyati ham so'nib bormoqda.

Ko'pchilik o'lkada siyosiy erkinliklar bo'lishiga ishonmay qo'ygan, ammo yangi siyosiy harakatlar tashkil etish ilinjida yurgan faollar hamon bor.

“Amerika Ovozi” ana shuni niyat qilgan faollar bilan suhbatlashdi. Ulardan biri O'zbekistonda partiya tuzish da'vosini qilayotgan bo'lsa, boshqa biri bu borada xorijdagi o'zbek jamoatchiligiga tayanmoqda.

Ayni paytda O'zbekistonda biror muxolif partiya yo'q, oppozitsiya faollari birin-ketin qamoqqa tashlanib, quvg'in qilindi.

Tazyiqlar davom etib, xorijda uyushtirilgan siyosiy qotilliklar o'z ta'sirini ko'rsatdi, uyushgan muxolif siyosiy kuchlar parchalandi.

Hukumat idoralari bilan yozishib bu bilan shug'ullanib borayapman. Nasib qilsa, partiya tuzishga ruxsat beriladi degan umiddaman

Bu sukut soyasida muxoliflikka da'vo qilayotgan yangi siyosiy tashkilotlar tuzishga harakat mavjudligi istehzo bilan qabul qilinadi. Tashkilotchilarning o'zi bu urinishni siyosiy o'zgarishlarga muhtojlik bilan izohlaydi. Tanqidchilar nazarida esa bu quruq bayonotlardan boshqasi emas.

Abdulla Tojiboy o'g'li “O'zbekistonda halol va adolatli saylovlar uchun” partiyasini ta'sis etishga urinmoqda. Hazratqul Xudoyberdi esa “O'zbekiston Ozodlik Harakati” tashabbus guruhi majlisiga hozirlanmoqda.

Tojiboy o'g'li avval ham prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida qatnashishga uringan. Jamiyatda yangi muxolif partiyaga ishtiyoq bor, deya ishonadi u.

“Asosiy a'zolari yoshlar bo'ladi. Men ular bilan gaplashdim, hozirgacha hech kim ular bilan siyosiy partiyaga jalb qilish yuzasidan gaplashmagan. Xalq ichiga kirmagan, bu partiya xalq ichidagi partiya bo'ladi. Odamlarda yangi partiyaga ishtiyoq borligini sezdim. Agar nasib qilib bu partiyani ro'yxatdan o'tkaza olsam, bu katta yutuq bo'ladi. Men ularga o'z faoliyatim haqida ham ma'lumot berganman, muxolif partiyaga a'zoligim, saylovlarda qatnashganim haqida. Shunga qaramasdan, davlat idoralaridan ham ijobiy ma'nodagi javob oldim. Asosiysi, bunday partiya xalq tomonidan qo'llanishiga ishonaman”, - deydi Tojiboy o'g'li.

O'zbekistonda, o'sha jamiyatda bir narsa qilish, biror tashkilot tuzish mumkinmi?

Shvetsiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan Hazratqul Xudoyberdi muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakatini tark etgan. Anchadan buyon “O'zbekiston Ozodlik Harakati”ni ta'sis etishga intilayapti va tarafdorlarini asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali yig'moqda.

Uning da'vo qilishicha, Ozodlik harakati hozirgacha 500 dan ortiq tarafdor to'plagan, navbatdagi qadam harakatning maslahat kengashini o'tkazish.

“Ikki yildirki, shu tashabbus yuzasidan muloqot qilib safimizni kengaytirayapmiz. Bugunga kelib 550 dan oshiq odam qiziqish bildirgan. Ularning bir qismi yaqindagi yig'ilishimizga kelish taraddudida yuribdi. Hammasi o'z mablag'imizga. Xorijga kelgan o'zbeklarning aksariyati ishsiz, bu ham qiyinchilik tug'diradi. Biz faqat uzoqdagilarga yordam bermoqchimiz, o'z hisobimizdan. Eng asosiysi, hozir tashkilotning yadrosi mavjud, yaqinda maslahat kengashini o'tkazishga hozirlanayapmiz”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Abdulla Tojiboy o'g'lining aytishicha, u qonun doirasida harakat qiladi. Hozirgacha davlat organlari bilan bir necha yozishmalar o'tkazgan, siyosiy partiya uchun talab qilinadigan 20 ming imzoni to'plashiga ishonchi komil.

“Bu partiyaning boshqalardan farqi - umumiy masalani ko'tarmaydi. Birinchi masala konstitutsiyani isloh qilish. Qonunchilikka ko'ra, Toshkent va Qoraqalpog'istonni qo'shib hisoblaganda, umumiy hisobda 20 ming imzo topshirilishi kerak. 50 kishidan kam bo'lmagan tashabbus guruhini tuzib Adliya vazirligiga ariza bilan chiqish kerak. Ikki yildirki, hukumat idoralari bilan yozishib bu bilan shug'ullanib borayapman. Nasib qilsa, partiya tuzishga ruxsat beriladi degan umiddaman. Men kutayapman, maqsad saylovlarda ishtirok etish. Agar ruxsat berilmasa, qarshiliklar ko'payib ketsa, demak yana imkoniyat paydo bo'lishini kutish kerak bo'ladi”, - deydi u.

Odamlarda yangi partiyaga ishtiyoq borligini sezdim. Agar nasib qilib bu partiyani ro'yxatdan o'tkaza olsam, bu katta yutuq bo'ladi.

Xudoyberdi “O'zbekiston Ozodlik Harakati” maqsadini vatandagi siyosiy o'zgarishlar uchun zamin yaratishda ko'radi. O'zbekistonda buning uchun imkoniyat berilmas ekan, demak xorijda, deydi u.

“Siyosiy muhit yengillashishi kerak, buning uchun zamin kerak. Masalan “arab bahori” bo'lishi uchun ham avvalo zamin hozirlandi, boshqa joylarda ham xuddi shunday. Zamin tayyorlash uchun O'zbekistonda imkon yo'q ekan, mayli unda biz bu zaminni chet ellarda (xorijdagi o'zbeklar orasida) tayyorlaymiz. Hozir hamma gap shunda. Odamlarga shuni uqtirishga harakat qilayapmiz, siyosatda tajribasi bor, muxolifat safida yurganlar bilan birgalikda tayyorgarlik ko'raylik. Shundan so'nggina bu narsani O'zbekistonda amalga oshira boshlaylik”, - deydi Xudoyberdi.

Tashabbuschilar bir-birining harakatlaridan bexabar. Biri O'zbekistonda, boshqasi esa xorijda siyosiy harakat tuzishdan natija bo'lishi mumkinligini qiyin baholaydi.

“Xorijda shunday tashabbus bo'layotganini hozir eshitayapman, ammo men xorijdagi muxolifatimiz harakatlarining oxiriga yetmayotganidan afsusdaman. Mana hozir ham kuzatayapmiz xorijdagi muxolifatda biror bir harakat yo'q. O'ylashimcha, bu tashabbuslardan amalda bir narsa bo'lsa yaxshi, lekin faqat qog'ozda qoladigan bo'lsa, oldindan bir narsa deyish qiyin”, - deydi Abdulla Tojiboy o'g'li.

“O'zbekistonda 20 ta odamni to'plab bir narsa qilishning iloji yo'q-ku. Masalan, biz muhokama qiladigan narsamiz ham shu. O'zbekistonda, o'sha jamiyatda bir narsa qilish, biror tashkilot tuzish mumkinmi? Yo'q, buning iloji yo'q. Hozir O'zbekistonda biror harakat qilish imkoniyati yo'q”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.

Sobiq ittifoq parchalanishi ortidan tashkil topgan muxolif “Birlik”, “Erk” partiyalari “oshkoralik” davri, mustaqillikning dastlabki yillarida o'zbek jamiyatida muhim o'rin tutgan.

Dastlabki prezidentlik saylovlarida “Erk” partiyasi rahbari Muhammad Solih Islom Karimovga raqib sifatida qatnashgan edi. Ziyolilarning aksariyatini o'z safida birlashtirgan bu muxolif partiyalar hokimiyat butunlay amaldagi rejim qo'liga o'tishi ortidan quvildi.

Keyinchalik muxolifat doirasida tuzilgan boshqa siyosiy tashkilotlar faoliyati muvvaffaqiyat topmadi, o'zbek muxolifati siyosiy maydonga qaytish imkoniyatidan mahrumligicha qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG