Muxolif O’zbekiston Xalq harakati Amerikada bo’lim ochdi


Muxolif O’zbekiston Xalq harakati Amerikada bo’lim ochdi

Muxolif O’zbekiston Xalq harakati Amerikada bo’lim ochdi

2005-yilda Andijon voqealaridan jon saqlab bir necha mamlakatdan boshpana olgan o’zbekistonliklar joriy yilda Xalq harakatiga asos solib, shu oy AQShda bo’limini ochdi.

Harakat yangi siyosiy kuch bo’lib, maqsadi O’zbekistonda mavjud tuzumni o’zgartirish.

"Amerika Ovozi" tashkilotning Amerikadagi bo’limi raisi Islomiddin Dolimov bilan suhbatda bo’ldi.

39 yoshli Islomiddin Dolimov Andijon voqealarigacha qurilish bilan shug’ullangan. Mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan 450 andijonlik qochqindan biri. AQShda besh yildan beri yashaydi.

Xalq harakati “Andijon – adolat va tiklanish” tashkiloti asosida tuzilgan bo’lib, bugun aksariyat muxolif kuchlarni o’z ichiga oladi. Islomiddin Dolimovning aytishicha, harakatning tuzilishi zamon talabidir.

Harakat asoschilarining maqsadi – O’zbekistonda iqtisodiy ahvolni yaxshilash. Ammo buning uchun hokimiyat tepasida bo’lish lozim.

Bunga erishish yo’lini bilamiz, deydi guruh a’zolari, ammo O’zbekistondagi siyosiy ta’qib va qo’rquv muhiti bois, kurash usullari sir tutilmoqda.

Xalq harakatining AQShdagi bo’limi Arizona shtatida joylashgan. Andijonlik sobiq qochqinlarning aksariyati aynan o’sha yerda yashaydi. Jamoa a’zolari 10 xil yo’nalish bo’yicha biznes yuritadi.

Tashkilotning moliyaviy ahvoli yaxshi. Asosiy ish, deydi Islomiddin Dolimov, Rossiyadagi minglab mehnat muhojirlari orasida olib borilyapti. Tarafdorlarimiz soni ortib bormoqda, deydi u.

Xalq harakati Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi muxolif kuchlar singari O’zbekistonda jiddiy o’zgarishlarni amalga oshirishga kirishar ekan, Islomiddin Dolimovdan “O’zbekiston sharoitida “Arab bahori”ning ehtimoli qanday” deb so’raganimizda "bo'lishi mumkin" deb javob qildi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG