Jamoatchilik: "Ijtimoiy fikr" cho’pchak aytayapti


“Ijtimoiy fikr” markazi mustaqillik bayrami arafasida O’zbekiston xalqi amaldagi siyosatdan mamnun deya e’lon qilgan.

Tashkilot o'tkazgan so’rovlarda qariyb 95 foiz qatnashchi hukumatning siyosiy va iqtisodiy, ayniqsa tadbirkorlik faoliyatini yuritish va inson huquqlarini kafolatlash borasidagi ishlaridan mamnun ekanini aytgan.

Bu xulosa bozorlarda kechgan so’nggi norozilik chiqishlari fonida shubhali ko’rinadi.

Turli viloyatlarda o’tgan tadqiqot natijalariga ko’ra, aholi prezident Islom Karimov rivojlanishning “o’zbek modeli”ni tanlab, yo’l ochib bergani tufayli yuqoridagi yutuqlar qo’lga kiritilgan deb hisoblaydi.

So’rov qanday sharoitda o’tkazilgani, aholining qaysi qatlamidan vakillar qatnashgani haqida ma’lumot yo’q.

O’zbekistondagi faollar fikriga ko’ra, mamlakatda vaziyatni barqaror deb bo’lmaydi. Aholiga, oddiy tadbirkorlarga bosim o’tkazishda davom etilmoqda.

“Faktlar, voqealar bu so’rov natijalari yolg’onga asoslanganini ko’rsatmoqda. Ayniqsa, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitni 95 foizi ma'qullagani bo’lmagan gap”, - deydi faol Abdulla Tojiboy o’g’li.

Xalq orasida “qora niqobdagilar” deya tanilgan guruh yaqinda Toshkent va Namangandagi bozorlarda tintuv o’tkazdi, savdogarlar kaltaklandi, mollari tortib olindi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, hukumat bozorlarni kontrabanda mollaridan tozalamoqda.

Biroq, deydi faollar, bu ish ko’proq tadbirkorlarni talon-taroj qilishga o’xshaydi.

“Maskalar bilan bostirib, mol-mulkni musodara qilish - talonchilik. Shu kecha-kunduzda hukumat qilayotgan ishlarni faqat shunday atash mumkin. Oddiy savdogarlardan musodara qilingan bu mol turli yo’llar bilan hukumat byudjetiga o’tkaziladi yoki cho’ntakka uriladi. Noqonuniy reydlardan ko’zlangan asosiy maqsad aslida kuch bilan xalqni qo’rqitib qo’yish”, - deydi Tojiboy o’g’li.

Toshkentlik faollardan biri deydiki, u O’zbekistonda so’rovlar qanday o’tishidan bexabar, biroq ijtimoiy vaziyat, oddiy aholi yuzlashayotgan muammolar ahvol og’ir ekanidan darak beradi.

“Bu so’rov cho’pchakka o’xshaydi. Iqtisodiy-ijtimoiy tomondan odamlar qiynalib ketganidan xabari yo’qmi? Hamma narsa oshib yotibdi, bozor qimmat, maoshlar juda past. Har bir oilada eng kamida ikki farzand bo’lsa, yana qanday qilib o’zgarishlar, iqitisodiy rivojlanish haqida gapirish mumkin? Ehtimol, bir foiz boylar uchun hayot yaxshidir, lekin oxirgi paytda ularni ham qamab tashlayapti-ku”, - deydi u.

Suhbatdoshlar so’zlariga ko’ra, “Ijtimoiy fikr”ning inson huquqlarini ta’minlash va kafolatlash masalasida aholi ko’ngli to’q, degan xulosasi bahsli ko’rinadi.

So’nggi paytda mahalliy va xalqaro miqyosda e’lon qilingan hisobotlarda O’zbekistondagi vaziyat o’ta og’irligi, fuqarolar siyosiy tanlov va erkinlikdan mahrum qilingani, ayniqsa, aholining e’tiqod erkinligi poymol etilayotgani qayd etiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG