O'zbekiston prezidenti xalqaro muzokaralarda nega ruscha so'zlaydi?


O'zbekiston prezidentlari xalqaro muzokaralarda rus tilida gapirishga majburmi? Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in muhokama qilinmoqda. 27 yil boshqaruvda bo'lgan marhum Islom Karimov davrida ham, lavozimga kelganiga hali bir yil to'lmagan Shavkat Mirziyoyev uchun ham rus tili xalqaro uchrashuvlar, muzokaralarda asosiy til sifatida ishlatilgani kuzatiladi.

Ayniqsa Mirziyoyevning Xitoydagi xalqaro forumda chiqishidan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston prezidentining rasmiy muloqoti o'zbek tilida bo'lishi lozimligi haqidagi chaqiriqlar ko'paygan.

O'zbekiston rahbarlarining xalqaro muzokaralarni rus tilida yuritayotgani o'zbek tilining qashshoqligidan darak bermaydi. Sobiq ittifoq davridan davom etayotgan bu udum ko'proq siyosiy sabablar bilan bog'liq.

Rus tili Markaziy Osiyo, jumladan O'zbekistonda ham millatlararo muloqot tili maqomida qolmoqda. So'nggi paytlar, jumladan Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan rus tilining ishlatilishi ijtimoiy va siyoiy darajada ham ancha faollashgan. Prezident nafaqat tashqi siyosiy muzokaralar, balki hukumatning ichki yig'inlarida ham rus tiliga murojaat qilib turadi.

Islom Karimov uchun rus tili ona tili o'rnida edi - u o'zbek tilini prezidentlikka kelganidan keyin o'rgandi. Shavkat Mirziyoyevning ona tili o'zbekcha, rus tili uning hayotiga keyinchalik kirib kelganini taxmin qilish mumkin.

Konstitutsiyasiga ko'ra, davlat maqomidagi til - o'zbek tili. Prezidentning rus tilida rasmiy muzokaralar yuritish majburiyati yo'q. Aksincha, prezidentning muzokaralarni o'zbek tilida yuritishi tilning davlat maqomini bildiruvchi asosiy ko'rsatkichdir.

Mirzyoyevning Pekindagi nutqidan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan munozarada O'zbekiston prezidenti nima sababdan ruscha ma'ruza qilishi bahs qilinadi.

Mirziyoyevning avvaldan tayyorlangan matnni o'qib bergani xalqaro forumda o'zbek tilini tushunadigan tarjimonlar yo'qligi uchun ruscha ma'ruza qilgani haqidagi sabablarni o'rinsiz qiladi. Munozarachilar prezident Rossiyadan tashqaridagi uchrashuvlarida ham rasman rus tilida gapirayotganini o'zbek tiliga nisbatan bepisandlik sifatida baholashmoqda.

Jurnalist Ulug'bek Haydarovga ko'ra, davlat rahbari rasmiy muzokaralarda davlat tilida gapirishi shart.

“Rossiyaga borib ruscha gapirsa, buni tushunsa bo'lardi, ammo Xitoyga borib nega ruscha gapirayotganini tushunish qiyin. Davlat rahbari, mamlakatda davlat tili haqidagi qonun bor, shuncha yilgi diktaturadan keyin, o'zini islohotchi sifatida ko'rsatayotgan yangi rahbar. Uni bunga nima majbur qilayapti? O'zbekiston rahbari xorijga chiqqanda o'zbek tilida gapirishi kerak. U oddiy etikdo'z yoki sayohatchi emas, davlat rahbari rasmiy tashrif bilan boshqa bir davlatga borgan ekan, davlat tilida gapirishi kerak. Taklif qilgan tomon kim va qaysi mamlakat prezidenti kelayotganini yaxshi biladi. Shunga yarasha tayyorgarlik ham ko'riladi, gap agar faqat tilmoch masalasida bo'lsa”, - deydi u.

Shvetsiyada yashayotgan o'zbek faollaridan biri To'lqin Qorayev fikchia, prezidentning o'zbek tilida gapirishi yaxshi, ammo muzokara uchun xalqaro til maqomida bo'lgan rus tili tanlangani muammo emas.

“Prezident qaysi tilda gapirishi shart, shart emasligi haqida aniq bir narsa deyish qiyin. Rus tili ham xalqaro maqomdagi tillardan biri, shu tilda gapirayotgan bo'lsa, bundan muammo yaratmaslik kerak. Masalan, Prezident [Petro] Poroshenko ham xorij safarlarida asosan ingliz tilida gapiradi. Albatta, prezidentning o'zbekcha gapirgani yaxshi, lekin uning aynan ruscha chiqish qilgani uchun tanqid qilinayotgani mutlaqo noto'g'ri. Ehtimol tilmochlar bilan muammo bo'lgandir, qolaversa O'zbekistonda rus tilining o'rni yana kengayib borayapti”, - deydi Qorayev.

O'zbekistonda sobiq ittifoq ramzlariga diqqat kuchaygani, xususan Xotira va qadrlash kuni 9-may sovetlar davridagi kabi g'alaba bayrami sifatida nishonlangani Mirziyoyev yetakchiligidagi yangi hokimiyatning Moskva ta'siriga tushib qolayotgani haqidagi xavotirlarni yuzaga chiqardi.

Karimov davrida siyosat asosan Moskvani imkon qadar masofada ushlash, sovet ramzlari, Rossiya imperiyasiga doir timsollardan voz kechish, davlatchilikning milliy belgilariga e'tibor qaratish bilan kuzatilgan edi.

“Mirziyoyev Karimovni g'oyaviy otam deb kelayotgani bilan siyosiy munosabatlarni (Rossiyaga nisbatan) o'zgartirmoqda. Bu 9-mayning nishonlanishida ham, Mirziyoyevni xalqaro maydondagi siyosatida ham ko'rinayapti. Mirziyoyev komsomoldan chiqqan, amal pog'onasiga chiqishi ham sovetcha bo'lgan, undan boshqa narsalarni kutish qiyin”, - deydi Haydarov.

To'lqin Qorayevga ko'ra, Mirziyoyevning Rossiya tomon og'ayotgani yaqqol seziladi, yaqin kelajada rus tili yana avvalgidek siyosy elita tiliga aylanishi mumkin.

“Bu narsa endi yana qaytib kelayapti, faqat sovet davlatisi. Bundan fojea yasamaslik kerak, chunki O'zbekistondagi iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatning o'zi Rossiya bilan yaqinlashishga majbur etdi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG