O'zbekiston: Abdulla Tojiboy o'g'li prezidentlik uchun kurashmoqchi


Oqsaroy, Toshkent

Oqsaroy, Toshkent

O’zbekistonda 2015-yilda prezident saylovlari o'tishi kerak. Rasmiy doiralarda bu borada hech kim og'iz ochmaydi, ammo siyosiy faollar, ayniqsa, chetdagi muxolifat o'z fikrini bildira boshlagan.


Davlat rahbarining xizmat muddati yetti yildan besh yilga tushirilgan. 2014-yil oxirida o’tishi lozim bo’lgan saylov 2015-yilning birinchi choragiga ko’chirilgan.

Bulardan maqsad nima? Prezident Karimov nimani ko’zlayapti?
Avvalgi saylovlarda nomzod sifatida ro’yxatdan o’tolmagan huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o’g'li 2015-yilda muxolifatdagi “Erk” partiyasidan nomidan qatnashmoqchi.

"2009-yilda prezidentlik uchun nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladi degan qaror chiqdi. Bu bilan mustaqil tashabbus guruhlari tomonidan saylovda qatnashish imkoniyati yo’qqa chiqdi. Men shu nuqtai nazar bilan ham "Erk“ partiyasiga kirdim“, - deydi Tojiboy o’g’li.

"Erk" nizomiga ko’ra har bir a’zo o’z nomzodini saylovda ko’rsatish huquqiga ega. Ayni paytda partiyaning mamlakatdagi faoliyati ham jonlana boshlagan, deydi suhbatdosh.

"Partiyaning ichki nizomiga ko’ra ham bir necha kishi o’z nomzodini ko’rsatishi mumkin. Nomzodlar bosqichma -bosqich chiqishadi, albatta qo’llab quvvatlansa, keyingi bosqichga chiqiladi, shunga umid qilmoqdaman. Qo’llab quvvatlansam, saylovda qatnashmoqchiman. Partiya nizomiga hamma amal qiladi. Bu partiya raisi Muhammad Solihda ham biron e’tiroz uyg’otmaydi“, - deydi faol.

Uning ta'kidlashicha, "Erk" partiyasi noqonuniy degan gap asossiz. Partiya lideri Muhammad Solih 1992-yildagi prezident saylovida Islom Karimovning raqibi sifatida qatnashgan va bu harakatning bir necha a’zolari Oliy Majlisga saylangan.

"Erk" demokratik partiyasi 1990-yilda qonuniy ro’yxatdan o’tgan... Bugun ham dolzarb qolayotgan muxolif partiya“,- deydi Tojiboy o'g'li.

Aytish joizki, bugun bu partiya O'zbekiston hukumati tomonidan tan olinmaydi va Muhammad Solihga "terrorist" va "xalq dushmani" degan tamg'alar qo'yilgan.

Islom Karimov qayta saylanishga harakat qiladimi? Bu hozircha noaniq. Buni faqat saylov oldidan bilishimiz mumkin.

"Birinchidan Islom Karimovning yoshi o’tib qoldi. Ikkinchidan hali u o’z nomzodini qo’yadimi, yo’qmi no’malum, qolaversa 2015-yilgacha ham o’zgarishlar bo’lib qolishi mumkin. Xullas, bu safargi saylovlarda muxolifat faol qatnashadi“, - deya ishonch bildiradi Abdulla Tojiboy o'g'li.

O’zbekiston konstitutsiyasiga binoan bir shaxs ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishi mumkin emas. Biroq 23 yildirki Islom Karimov prezidentlikda qolmoqda.

Abdulla Tojiboy o'g'li, siyosiy faol

Abdulla Tojiboy o'g'li, siyosiy faol

Bu vaqt oralig’ida mamlaktdagi muxolif partiyalar yo’qotildi, liderlikka intilganlar qamoqqa olindi yoki mamlakatdan quvildi. Amaldagi siyosatni savolga tutish konstitutsion tuzumga tahdid solish bilan barobar ko'riladi.

Muxolif partiyalar va mustaqil nomzodlarga hech qanday ruxsat yo'q.

2015-yilgi saylovlarda ham shunday bo'lishi mumkin. Ammo xorijdagi muxolifatchilar orasida jonlanish kuzatiladi.

63 yoshdagi Abdulla Tojiboy o’g’li oppozitsiyadan o'z nomzodini qo'yishini ochiq aytayotgan dastlabki arbob.

Tojiboy o'g'li konstitutsion huquqlaridan foydalanayotganini aytadi. Maqsad, deydi u, inson huquqlari va demokratiyani ustuvor bilgan hukumat bunyod etish.

Faol Toshkent shahrida tug'ilgan. Toshkent Oziq- ovqat texnikumini tugatgan va mahalliy oziq-ovqat mahsulotlaridan oqsil moddasini olish bo'yicha tadqiqot ishi qilgan. Huquq himoyachisi sifatida 2003 yildan boshlab faoliyat yuritib keladi. Oilali, farzandli va nevarali.


"Albatta to’sqinliklar bo’ladi, lekin baribir muxolifat saylovda o’z o’rini topishga urinadi, chunki bu saylov avvalgilaridan istisno“, - deydi Abdulla Tojiboy o’g’li.

Yaqinda "Erk" partiyasining Surxondaryo viloyat bo’limi anjumanida qurultoy o'tkazish masalasi muhokama qilingan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG