Saylov emas, saylovdan keyingi jarayonlar qiziq


Bu yil birinchi prezidentini ko'mgan xalq yangi rahbari ijobiy o'zgarishlar qiladi degan umidda

O`zbekistonda ovoz berish huquqiga ega fuqarolar soni 21 milliondan oshiq ekani aytiladi. Markaziy saylov komissiyasiga ko`ra, mamlakat saylovga tayyor va dastlabki natija 5-dekabrda ma`lum bo’ladi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev g’olib bo’lishi aniq, deydi kuzatuvchilar. Aholi saylovni emas, saylovdan so`ng qanday o`zgarishlar bo`lishini kutib yashamoqda.

Saylovchilarning 100 mingdan ziyodi muddatidan avval ovoz bergan.

Bir necha million fuqaro xorijda. Ular elchixona yoki konsullikka bora olsagina ovoz berishi mumkin. Lekin chet elda yurganlarning aksariyati saylovda qatnashmaydi. Toshkentda bayon qilinayotgan ma’lumotlarda ular haqida deyarli hech narsa deyilmaydi.

Prezidentlikka nomzodlar: Liberal demokratlar partiyasidan Shavkat Mirziyoyev, “Milliy tiklanish” vakili Sarvar Otamurodov, “Adolat” partiyasidan Narimon Umarov va Xalq demokratik partiyasidan Hatamjon Ketmonov. Ular o’zaro raqobatda emas va bir sahnadan turib o’z dasturlari va amaldagi siyosat yuzasidan bahs ham qilmagan. Xalqaro hamjamiyat nazarida O’zbekistonda saylov tanlov emas. Demak, erkin va demokratik deya olmaymiz.

Mamlakatning birinchi rahbari Islom Karimov o`limidan keyin hokimiyatni qo`lga olgan Shavkat Mirziyoyev yutishi aniq. Saylov tashviqoti mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga biror yangilik olib kirgani yo’q, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar.

Aholining umidlari asosan Karimov siyosatiga sodiq qolishga va`da bergan Mirziyoyev bilan bog`liq. Muvaqqat prezident saylov tashviqotida ayrim ijtimoiy muammolarni ko`tarib, e`tibor qozondi. Boshqa tomondan esa Mirziyoyevga raqib bo`la oladigan nomzodning o`zi yo`q. O`zbekistonda muxolif partiyalar yo`qotilganiga ancha yillar bo`ldi. Hozirgi nomzodlar raqiblikka ham, prezidentlik uchun ochiq kurashga ham da`vo qilayotgani yo`q.

Toshkentdan sharhlovchi Anvar Nazir deydiki, aholi saylovda kim g`olib bo`lishini yaxshi biladi, shuning uchun saylov emas, undan keyin nima bo’lishi qiziq.

“Odamlar yangi prezident e`lon qilgan dasturida ko`rsatilgan islohotlarni kutayapti. Boshqa narsa qiziq emas. Saylov bo`layaptimi, yo`qmi, Karimovning o`limidan keyin Mirziyoyevning xalqqa aytgan gaplari islohotlar deb atalmoqda. Lekin bu umidlar qay darajada amalga oshishi mumkinligi haqida faqat bir yillardan so`ng gapirish mumkin bo`ladi. Islohotlarga ehtiyoj kuchli ekanligi, Karimov buni qilmagani, undan keyingi odam buni qilishi kerakligi, busiz O`zbekistonning kelajagi yo`qligi haqida ko`p gapirildi. Buni Mirziyoyev sezayapti, shekilli, o`zining siyosiy salohiyatini ko`rsatmoqchi”, - deydi Anvar Nazir.

O`zbekiston siyosiy o`zgarishlarga, jamiyat erkinlikka muhtojligini prezidentlikka nomzodlardan hech biri, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev ham, muqobillikka da`vogar boshqa nomzodlar ham tilga olmadi.

Muvaqqat prezident “xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun xizmat qiladigan vaqt kelgan” deya bayon qilishi odamlarni umidga to’ldirgan.

Yangi hokimiyat siyosiy muxolifat bilan muloqotga, siyosiy mahbuslarni ozod etishga, inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatni yaxshilashga da`vat etildi. Bu borada tuli murojaatlar qilindi. Hukumat hozirgacha bu murojaatlar yuzasidan sukut saqlamoqda. Saylov o`tganidan so`ng bu sukut buzilishiga ishonch kam.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovning aytishicha, Mirziyoyevning islohoti sifatida uning virtual qabulxonasi og`izga tushdi. Ammo bu qabulxona avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi?

“Men tekshirib ko`rdim. Mahallamiz nomidan virtual qabulxonaga murojaat qildik, biron natija yo`q yoki boshqa murojaatlar bo`yicha ham faqat quruq gap bilan javob olinmoqda. Men Mirziyoyevning islohotlar qilishiga ishonmayman, chunki uning o`zi konstitutsiyani buzib davlat boshqaruviga keldi. Mayli, shunda ham agar rostdan u islohotchi bo`lsa, hech bo`lmaganda muvaqqat prezident sifatida hozirgacha ko`pchilikni e`tirozida sabab bo`lgan chiqish vizasi tizimini bekor qilishi yoki siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishi mumkin edi-ku. Amnistiya bo`yicha ham hech kim chiqmadi, shuning uchun o`zgarish bo`layotgani haqida gapirolmayman. Yo`q bunday o`zgarish, faqat virtual qabulxona bo`lsa, u ham ishlamayapti”, - deydi Ikromov.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG