O'zbekistonda prezidentlik muddati kamaytirildi, bu nimani anglatadi?


Oqsaroy - O'zbekiston prezident qarorgohi

Oqsaroy - O'zbekiston prezident qarorgohi

O’zbekistonda prezidentlik muddati yetti yildan besh yilga qisqartirildi. 5-dekabr kuni Oliy Majlis prezident Islom Karimovning bu haqdagi taklifini ma'qulladi. Demokratik islohot, deydi qonunchilar.

Ayrimlar fikricha, bu qog’ozdagi demokratik islohotlarning navbatdagi ko’rinishi. Boshqa mulohazalarga ko’ra esa keksayayotgan Islom Karimov kelajakni o’ylamoqda.

Odatda prezident takliflarini mislsiz yutuqlar sifatida targ’ib etuvchi rasmiy matbuot bu safargi tashabbusga juda kamtarona yondashgan. Oliy Majlis matbuot xizmati tarqatgan xabarda prezidentlik muddatini qisqartirish Karimov tomonidan ilgari surilgan tashabbus ekanini ilg’ash mumkin, xolos.

Senatga ko’ra, tashabbus demokratik islohotlar evolyutsion tarzda davom etayotganidan darak.

Prezidentlik muddati qisqarishi – kutilmagan xabar. Islom Karimov iste’foga tayyorlanayaptimi degan mish-mishlar avjida.

“Konstitutsiyada jiddiy o’zgarish qilish uchun u avvaldan e’lon qilinishi kerak. Lekin bu safar bu hech kimga aytilmadi, bamisoli bir davlat siri muhokama qilingandek",- deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

"Nima bo’lishidan qat’iy nazar, bu Karimov faoliyatiga, uning hozirgi prezidentlik muddatiga ta’sir qilmaydi. 2015-yildan kutilayotgan prezidentlik saylovlariga ta’sir qiladi deb o’ylayman. Lekin nima sababdan bu narsa jamoatchilikdan yashirin qilinayapti, bilmadim. Ehtimol Karimov o’z holatini anglayotgan va unga yetti yillik muddat lozim bo’lmasligini his qilayotgandir”, - deydi olim.

O’zbekistondagi fuqaro jamiyati faollariga ko’ra, bu o’zgarish - qog’ozdagi demokratik islohotlar yo’lidagi yangi bir o’yin.

“Bu hech qanday siyosiy islohot emas. Shuningdek, Karimov iste’foga tayyorlanayapti, o’zgarishlar bo’ladi degan gaplarga mutlaqo ishonmayman”, - deydi huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov.

Bu qaror 20 yildan buyon qonunchilikka turli o’zgartirishlar kiritib, hokimiyatda qolayotgan Islom Karimovning qayta saylanishi uchun ham xizmat qilishi mumkin.

Islom Karimov iste'foga tayyorlanayaptimi?

Islom Karimov iste'foga tayyorlanayaptimi?

Mazkur qonun kuchga kirsa, prezidentlik saylovlari kutilayotganidek 2015-yilda emas, besh yillik asosda muddatidan avval o’tkazilishi ehtimoldan soqit qilinmayapti.

Karimovning amaldagi prezidentlik muddati 2014-yilning dekabrida nihoyasiga yetadi. O’zbekiston prezidentligi uchun keyingi saylov besh yillik muddatga belgilanishi taxmin qilinsa, 74 yoshni qarshilayogan Islom Karimov o’z boshqaruvini uzaytirish niyatida emasdek ham ko’rinadi.

“Bu narsani shu kunlarda Karimovni o’zi ham aytolmasa kerak. Agar o’zini yaxshi his etsa, 2014-yilda albatta o’z nomzodini ko’rsatadi. Karimov Nazarboyev singari shunday shaxslar sirasiga kiradiki, ular hokimyatdan o’z xohishi bilan ketmaydi. Faqat boshqa imkoniyat qolmagandagina buni tan olishga majbur bo’lishadi”, - deya fikr bildiradi Kamoliddin Rabbimov.

O'zbekiston hukumati dunyo bo'ylab uzoq yillik diktatorlarga qarshilik avj olayotganini ko'rib turibdi.

Xususan, Misr, Tunis va Liviyadagi inqiloblar inqiloblar 20 yildan buyon taxtda qolayotgan va diktatorlar safidan muqarrar o’rin egallagan Karimov uchun o'ziga xos saboq.

“Dunyodagi o’zgarishlarni Karimov ham kuzatib borayapti. Misli ko’rilmagan o’zgarishlar bo’layapti. Shu paytgacha biz globallashuv haqida ko’p gapirardik, lekin uning ta’sirini keyingi yillardagina ko’rayapmiz. Mana Arab bahori, Rossiyadagi o’zgarishlar, Putin va Medvedev partiyasining reytingi tushib ketayotgani, Qozog’istondagi muammolar. Bular hammasi global tasavvurning faollashishi bilan bog’liq. Buni Karimov ham tasavvur qilyapti, oldingi davrlardagidek hokimiyatda bir kishining 20-30 yillab o’tirishi mumkin emasligini yaxshi tushunib turishibdi”, - deydi Rabbimov.

O’zbekistonda demokratik islohotlar o’tkazilayotgani, inson huquqlari ta’minlanayotgani haqidagi targ’ibot kampaniyasi davom etmoqda.

“O’zbekiston prezidenti tashabbusi bilan ba’zan bu borada jamoatchilk e’tiboriga yo’naltirilgan, kutilmagan o’zgarishlar qilinadi. O’zbekistonda ikki palatali parlament tashkil topishi, partiyalar sonining ko’paytirilishi, o’tgan yil noyabr oyida e’lon qilingan "demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan prezident konsepsiyasi" shular jumlasidan”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

20 yillik siyosat avtoritar boshqaruvni mustahkamlash uchungina xizmat qildi, deydi faollar.

Siyosiy sahnani ochish, fuqaro jamiyatiga erkinlik berish qog’ozdagi qonunlar bilan emas, amaldagi hukumat irodasi bilan cheklab qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG