Vatandagi manzara: Xalq so'zi, hurriyat, mohiyat va bugungi O'zbekiston

  • Gazetxon Do'st

Vatandagi manzara: Xalq so'zi, hurriyat, mohiyat va bugungi O'zbekiston

Vatandagi manzara: Xalq so'zi, hurriyat, mohiyat va bugungi O'zbekiston

“Xalq So'zi” gazetasi 3 mart sonini AQSh va O’zbekiston o’rtasida ilmiy texnik hamkorlik rivojlanayotgani haqidagi maqola bilan boshlaydi.

Ta’kidlanishicha, o’tgan dekabr oyida O’zbekiston va AQSh o’rtasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish haqida imzolagan bitim bu sohadagi hamkorlik rivojlanishida yangi imkoniyatlar yaratgan. O’zbekiston ilmiy doiralari va Amerika fuqarolar tadqiqotlari va rivojlanish jamg’armasi (CRDF) o’rtasidagi hamkorlikda 1996 yildan boshlab 8,1 million dollar qiymatidagi 154 grant ajratilgan.

Gazetaga ko’ra, 2011-2012 yillarda O’zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyani rivojlantirish qo’mitasi CRDF bilan birgalikda suv va yer resurslaridan foydalanish bo’yicha jami 182,5 ming dollarlik ikkita loyihani amalga oshirishni rejalashtirishgan.

AQShning "Fulbright" programmasi orqali 2007-2010 yillar mobaynida 74 nafar ilmiy xodim okean ortida turli tadqiqot va tadbirlarda ishtirok etgan.

Gazetaning 4 mart sonidagi Davlat soliq qo’mitasida jurnalistlar uchun o’tgan matbuot anjumani haqidagi xabarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga belgilangan yagona soliq stavkasi 2005 yildagi 13 foizdan 2010 yilda 7 foizga tushirilgani yoziladi.

“Hurriyat” (www.uzhurriyat.uz) bu haftadagi sonini 3-may Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan “Oltin Qalam” milliy mukofotining navbatdagi bosqichi haqidagi e’lon bilan boshlaydi. O’zbekistonda Xalqaro so’z erkinligi kuni munosabati bilan ta’sis etilgan “Oltin qalam” milliy mukofoti 2006 yildan buyon o’tkazib kelinadi.

“Hurriyat”ning “To’rtinchi hokimiyat” sahifasida o’zbek matbuoti uchun og’riqli muammolardan biri - obuna haqida jurnalistlar mulohazasiga o’rin berilgan.

Obuna o’zbek matbuoti faoliyati uchun zarur choralardan biri sifatida talqin qilinadi. Jurnalistlar ayrim nashrlar bu borada ortiqcha qiyinchilikka duch kelmayotgani, boshqalari esa joylardagi hokimiyatlar yoki muttasaddilar nazaridan chetda qolayotganidan tashvish bildirishadi.

Jumladan, “Jamiyat” gazetasi vakili ayrim viloyatlarda hokimliklar obuna ishiga mas’uliyat bilan yondashgani, ayrim viloyatlarda esa bu ko’ngildagidek emasligini bildiradi.

“Agar obuna mavsumiga mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham lozim darajada e’tibor qaratilganida edi, natijalar hozirgidan ko’ra yaxshiroq bo’lar edi... ”, - deya afsus bildiradi “Jamiyat” muxbiri Ma’murjon Qiyomov.

Maqolaga ko’ra, ayrim viloyatlarda “Jamiyat”ga hech kim obuna bo’lmagan. Vazirlar Mahkamasi 2002 yilda qishloq joylaridagi ta’lim maskanlarini mahalliy byudjet hisobiga davriy nashrlar bilan ta’minlash uchun maxsus qaror qabul qilgan. Ta’lim maskanlari bu borada e’tiborni ko’proq Xalq ta’limi vazirligiga qarashli nashrlarga qaratishmoqda, deydi “Jamiyat” muxbiri “Hurriyat”da bildirgan mulohazasida.

“Gulxan” jurnali vakili Farxod Eshmo’minovning mulohazasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli nashrlarda ham vaziyat qoniqarli emasligi haqida. Muallif deydiki, “Tong yulduzi”, “Gulxan”, “G’uncha” va “Klass” kabi nashrlar safiga bolalarga ixtisoslashgan boshqa xususiy nashrlarni qo’shilishi kutilgan umidlarni oqlamagan.

Uning fikricha xususiy nashrlar asosan xorijiy materiallar va komikslarni bosish bilan cheklanib, bolalarni milliy tarbiyadan uzoqlashtirishga xizmat qilmoqda. Shunga qaramasdan hokimiyatlar obuna masalasida aynan xususiy nashrlarga e’tibor qaratgan.

“Oqibatda yosh avlodning ma’naviyatini yuksaltirishga, mustaqil yurt farzandlarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga bevosita xizmat qilib kelayotgan “Gulxan, “G’uncha”, “Tong yulduzi” va “Klass” gazeta jurnallariga obuna bo’lish paysalga solindi”, - deb yozadi muallif.

“Hurriyat” keksa agronom G'affor Karimovning mamlakat tuproqlarining sho’rlanishi va yaroqsizlanayotgani haqidagi fikrlariga ham o’rin bergan. Uning yozishicha hozir 2 million gektar ekin maydonining 200 ming gektarga yaqini turli begona o’simliklar bilan ifloslangan.

“Ularda hosil yoki hosildorlik haqida gapirishning o’zi bo’lmaydi”,- deya yozadi mutaxassis.

G'affor Karimov maqolasida mamlakat prezidenti ma’ruzasidan iqtibos keltirilib, sug’oriladigan yerlarning 49 foizi tuli darajada sho’rlangani qayd etiladi. Muallifga ko’ra, shor’langan yerlarni sog’lomlashtirish uchun sarf qilinayotgan investitsiyalar maqsadli ishlatilishi zarur, qishloq xo’jaligi uchun yangi zamonaviy texnikalar jalb qilinishi kerak. Karimov qishloq xo’jaligidagi mavjud texnik baza talabga javob bermasligi, Germaniya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan texnikalarni joriy etish orzusi haqida yozadi.

“Mohiyat” (www.mohiyat.uz) gazetasi bu haftadagi sonida suv xo’jaligi, sug’orish tizimi, tuproq salomatligini tiklash yuzasidan qilinayotgan ishlar haqida axborot beradi. “Qatrasi ham qadrli” sarlavhali maqolada melioratsiya ishlariga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun 2008-2012 yillarga mo’ljallangan davlat dasturi qabul qilingani ta’kidlanadi.

Maqolaga ko’ra har yili davlat byudjetidan dastur ijrosi uchun 100 million dollarga yaqin mablag’ ajratilmoqda. Buning natijasida 740 ming gektardan ortiq sug’oriladigan maydonlar holati yaxshilangan.

“O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi O’zbekiston yozuvchilar uyushmasida o'tgan yili, hukumat qaroriga ko’ra, tashkil etilgan “Ijod” jamg’armasi homiyligida chop etilgan kitoblar taqdimoti haqida xabar beradi.

“Mening birinchi kitobim” rukni ostida bir necha yosh shoir va yozuvchilarning ilk asarlari nashrdan chiqdi va barcha ta’lim maskanlariga tarqatildi, deyiladi gazetadagi xabarda.

Gazetaning “Kuyunchak gazetxondan maktub” rukni ostida berilgan xabari viloyatlardagi kutubxona va axborot markazlaridagi vaziyat haqida.

“Baxmal tuman axborot resurs markazi huvillab yotibdi. Binoga kirib borar ekansiz, qarovsiz devorlar bexosdan qulab tushadigandek tuyuladi. 2010-yilning birinchi yarmida bu yerga atigi 17 donagina kitob keltirilibdi. Tomdan chakka o’tayotgani uchun kitoblar suvqog’ozlar bilan o’rab-chirmab qo’yilgan. Bu yerda bolalar adabiyotlari umuman yo’q”, - deyiladi gazetaga kelgan maktubda.

“Uzbekistan Today” (www.ut.uz) haftaligi O’zbekiston va BMT hamkorligining 19 yilligi munosabati bilan BMT Taraqqiyot dasturining O’zbekistondagi rahbari Anita Nirodi bilan suhbatlashgan.

O’zbekistonda BMTning yettita agentligi faoliyat olib bormoqda. Ommaviy qirg'in qurollarini tarqatmaslik, ekologiya, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, inson huquqlari va sog’liqni saqlash kabi sohalarda hamkorlik yo'lga qo'yilgani tilga olinadi. BMT vakili O’zbekiston prezidentining Nyu-Yorkdagi sammitda ishtirokini va O’zbekistonning Afg’onistondagi barqarorlikni ta’minlash bo’yicha say-harakatlarini alohida ta’kidlagan.

O’zbekiston va Xitoy hamkorligiga to’xtalgan gazeta XXR Xalq siyosiy maslahat kengashi raisi o’rinbosari Lin Yanchji boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda ikki tomonlama savdo aloqalarini muhokama qilgani, o’zaro imzolangan 120 ta hujjat hamkorlikning turli qirralarini qamrab olishi haqida xabar beradi. Muzokarada qishloq xo’jaligi, kimyoviy sanoat, qurilish mollari kabi sohalarda hamkorlik rivojlantirish haqida gap borgan.

Gazeta Toshkentdagi Konfutsiy instituti mutaxassisi Li Ya Mey tomonidan yozilgan birinchi o’zbekcha-xitoycha qisqa so’zlashuv lug’ati bosmadan chiqqani haqida ham xabar beradi.

“Uzbekistan Today”ga ko’ra, uz domenida uchta yangi axborot resursi ish boshlagan.

Bular iste’molchilari uchun mo’ljallangan www.istemolchi.uz, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun ixtisoslashgan www.logistika.uz va internet xizmatini kuchaytirishni maqsad qilgan www.olam.uz ijtimoiy tarmog'idir.

Iste’molchilarga mo’ljallangan sayt Monopoliyadan chiqarish davlat qo’mitasiga, logistika haqida axborot beruvchi resurs esa O’zbekiston savdo-sanoat palatasiga tegishli.

Uz domenidagi birinchi ijtimoiy tarmoq ekani ta'kidlanayotgan www.olam.uz Mobile Mass Media kompaniyasi tomonidan yaratilgan.

“Uzbekistan Today”ga mazkur tarmoq haqida gapirgan tashkilotchilar sayt O’zbekiston va xorij hayotiga oid siyosiy ijtimoy axborotlarga o’rin berishi, turli axborot xizmatlari taklif etish va ular turini ko’paytirib borishni maqsad qilganini ta’kidlashgan.

“Novosti Uzbekistana” (www.novostiuzbekistana.st.uz) gazetasi juma kungi sonida arab dunyosidagi g'alayonlar yuzasidan “Radikal islomchilar kelajagi” sarlavhasi ostida siyosiy sharh bergan.

Sharhdagi xulosa shuki, Yaqin Sharqda kechayotgan voqealar arab davlatlaridagi hukumatlarni islomiy tashkilotlar tomonidan ag'darib tashlash ehtimolini kuchaytirgan. Shuning uchun AQSh tomonidan ilgari surilayotgan demokratlashtirish siyosati arab va musulmon davlatlarida tatbiq etilishi mumkin emas.

“Bugun AQSh va Britaniyadagi siyosiy strategiya ishlab chiqish markazlarida arab va musulmon davlatlarini demokratlashtirish G’arb jamoatchiligi uchun xavfli bo’lishi mumkinligini tushunib yetishmoqda”, - deyiladi maqolada.

“Hozirgi sharoitda AQSh ma'muriyati Markaziy Osiyo, Afg’oniston va Yaqin Sharqda bo’layotgan voqealar uchun o’z javobgarligini prinsipial ravishda susaytirdi va radikal islomiy guruhlar harakatidan manfaat topishga urinmoqda”.

XS
SM
MD
LG