Breaking News

Vatandagi manzara: “O’zbekiston” va “Yoshlar” kanali nurchilarni urdi


Vatandagi manzara: “O’zbekiston” va “Yoshlar” kanali nurchilarni urdi
Vatandagi manzara: “O’zbekiston” va “Yoshlar” kanali nurchilarni urdi

O`zbekiston televideniyesida “Nurchilik”ka aloqadorlikda ayblangan Turkiya fuqarolari va korxonalariga qarshi kampaniya davom etmoqda.

"Fitna niqobi"

6 mart kuni “O`zbekiston” va ”Yoshlar” kanali orqali birin-ketin efirga uzatilgan filmlarda “Nurchilik” oqimiga a`zolikda ayblangan kishilar, ularga moliyaviy ko`mak ko`rsatgan korxonalar faoliyati “fosh” qilinadi.

“Yoshlar” televideniyesi orqali uzatilgan “Fitna niqobi” ko`rsatuvida birmuncha avval bu oqimga aloqadorlikda ayblanib, qamalgan jurnalistlar gapirtirilgan.

Ta`kidlanishicha, “Nurchilar” homiyligida O`zbekistonda “Irmoq” jurnali, “Yetti iqlim” gazetasi tashkil qilinib, ommalashtirish maqsadida viloyatlarga tarqatiladi.

Filmda so’zlagan jurnalistlar mazkur nashrlar oqimga tegishli ekanligini “tan” oladi.

“Gazeta va jurnal chiqarish bilan qanoatlanmagan “nurchilar” yana bir sohaga e`tibor qaratishdi – o`quv markazlari tashkil qilindi”, - deyiladi ko`rsatuvda.

Filmda aytilishicha, “nurchilar” shu bilan iqtidorli yoshlarni yig`ish va sekin asta hukumatni egallashni maqsad qilishgan.

Samarqandda ochilgan “Sayhun” o`quv markazi misol sifatida keltiriladi.

Filmda maskan boshlig`i Baxtiyor Pattayev Turkiya fuqarosi Mustafo Chetin bilan tanishgani va undan Fathulla Gulen haqida eshitganini hikoya qiladi.

“Nurchilar” tomonidan sayyohlik firmasi ochilgani va ular shu firma orqali O`zbekistonga kirib kela boshlashgani ta`kidlanadi.

“Ko`rnamaklik”

“Yoshlar” dagi film nihoyasiga yetishi bilan “O`zbekiston” kanali orqali efirga ketgan “Ko`rnamaklik” filmi O`zbekiston va Turkiya aloqalari muttasil rivojlanib borayotgani haqidagi ma`lumotlar bilan boshlanadi.

Turkiya sarmoyasi bir milliard dollardan, qo`shma korxonalar soni ikki mingdan oshgani haqidagi ma`lumot keltiriladi.

Shundan so`ng film ko`rnamaklik mavzusiga o`tadi va nurchilikda ayblanayotgan turk ishbilarmonlari, korxonalar haqidagi lavhalarga navbat beriladi.

Huquq-tartibot organlari tayyorlagan tezkor lavhalarda Turkiyaning qator korxonalari tekshiruvdan o’tib, turli qonunbuzarliklar aniqlangani namoyish etiladi.

Asosan naqd pul yashirilgani, soliq to’lashdan bo`yin tovlangani, mehnat shartnomasi tuzilmagani kabi holatlar misol tariqasida keltiriladi.

Shundan song film mazkur korxona rahbarlari tomonidan boshqa “jinoyatlar” sodir etilganiga to`xtaydi.

“Bu kishilarning ongiga ta`sir qilish, yurtimizga yot bo`lgan qadriyatlarni olib kirishdir” deyiladi. Filmda yot qadriyatlar sifatida turkparastlik, aqidaparastlik, dinlar o`rtasida adovat uyg`otish kabilar sanab o`tiladi.

Film Turkiyaga qarashli korxonalarda namoz o`qish uchun alohida joylar tashkil qilingani, korxonalarda millatchilik va nurchilik g`oyalari tashviq qilinganini iddao qilib o`tadi.

O`zbekistonda, Turkiyada faoliyati taqiqilangan “Rifaq” partiyasi, “Nurchilik”, Sulaymonchilar va Bo`zqurtlar kabi tashkilotlar g`oyalari targ`ibot qilingani ta`kidlanadi.

O`zbekiston televideniyesida nurchilar va turkiyalik ishbilarmonlarga qarshi dastlabki film 3 mart kuni Toshkentdagi yirik savdo majmuasi - “Turkuaz” faoliyati to`xtatilishi va korxona rahbariyati nurchilikda ayblanib, hibsga olinishi ortidan boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG