O'zbekistonning tishsiz matbuotiga bag'ishlangan bayram


Matbuot xodimlari kuni O'zbek Milliy teatrida nishonlangan. Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov yig'ilganlarga Karimovning tabrigini o'qib eshittirgan.

Matbuot xodimlari kuni O'zbek Milliy teatrida nishonlangan. Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov yig'ilganlarga Karimovning tabrigini o'qib eshittirgan.

27-iyun O'zbekistonda matbuot xodimlari kuni nishonlangan. Bu yurt matbuoti Prezident Islom Karimov tomonidan bir paytlar ta'riflangani kabi, hamon “tishsiz, tirnoqsiz’” qolmoqda.

Mustaqil jurnalistlarning aytishicha, o'zbek jamiyatida matbuot o'rni allaqachon unutilgan, “To'rtinchi hokimiyat”ga da'vogarlik qilgan jurnalistlarning aksariyati qamoqda, ayrimlari jamiyatdan chetlatilgan yoki xorijga chiqib ketgan. Amaldagi matbuot, jurnalistlar tuzumning sodiq posbonlariga aylantirilgan.

Matbuot xodimlari kuni O'zbek Milliy teatrida nishonlangan. Prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov yig'ilganlarga Karimovning tabrigini o'qib eshittirgan.

O'zbekiston ommaviy axborot vositalari nazarga olishga loyiq emas, maqtovdan boshqasiga yaramaydi, faqat yolg'onni ko'rsatish bilan ovora

​Matbuotda hali e'lon qilinmagan tabrikda nimalar deyilgani noma'lum, O'zbekiston axborot agentligining maqolasiga ko'ra, mamlakatda axborot vositalari uchun mutlaq erkin sharoit yaratilgan.

Karimov tabrigini e'lon qilish kechiktirilgani jurnalistlar tabrikdan bebahra qolishdi degan gaplarga ham sabab bo'lgan.

Mamlakatdagi kamsonli mustaqil jurnalistlar mahalliy matbuotni nafaqat tabrikka, biror e'tirofga ham noloyiq ko'rishadi. Mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova:

“Har holda bugun 27-iyun, tabrik odatda bayram arafasida e'lon qilinishi kerak edi. Agar unutgan bo'lsa, mutlaqo to'g'ri qiladi, chunki O'zbekiston ommaviy axborot vositalari nazarga olishga loyiq emas, maqtovdan boshqasiga yaramaydi, faqat yolg'onni ko'rsatish bilan ovora. Tabrikka arzimaydi, buni davlatdagilar ham nihoyat tushunib yetishdi nazarimda”, - deydi Eshonqulova.

Matbuot mahkum etilgan ayanchli vaziyatda so'z erkinligini muntazam bo'g'ib kelayotgan hukumatning, amaldagi tuzumning o'rni katta hisoblanadi. Ayni paytda bir necha o'zbek jurnalistlari o'z kasbiy faoliyati, tanqidiy chiqishlari sabab qamoq jazosini o'tashayapti. Mamlakatda axborot olish erkinligi cheklangan, senzura rasman tugatilgani bilan matbuot ustidan keskin nazorat hamon mavjud.

Eshonqulova mahalliy matbuotning jamiyatdagi o'rni qadrsizlanishi hukumat nazorati, tazyiqlari sabab yuzaga kelganini inkor etmaydi, ammo bu vaziyatga ko'nikkan jurnalistlarni oqlay olmasligini aytadi.

“To'g'ri, bu hol ommaviy axborot vositalaridagi chidab bo'lmas senzura natijasida yuzaga keldi, lekin shu holatning yuzaga kelishiga ham jurnalistlarning o'zlari aybdor, bosganda baqa ham “vaq” etadi-ku! Biz hozir axborot asrida yashayapmiz, aytishadi-ku qurol yetmagan joyni qalam bilan olish mumkin, deb. Yozish mumkin, lekin bu narsa ularning o'zlarining ojizligi. Senzuraga qarshi biror bir jurnalist tomonidan biron narsa deyilganiga hali guvoh bo'lmadik. Bir-ikki kishi bo'lishi mumkin, lekin ularning soni ko'payib 20 kishiga ham yetishi mumkin edi-ku!” - deydi jurnalist.

So'nggi ma'lumotga ko'ra, O'zbekistonda OAV soni 1,5 mingga yaqinlashgan. Mamlakatda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash jamoatchilik jamg'armasi, Elektron OAV milliy uyushmasi kabi nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritadi. Hukumat tasarrufida bo'lgan bu tashkilotlar so'z erkinligi bilan bog'liq vaziyatni o'ta erkin baholashadi.

Xalqaro tashkilotlar hisobotiga ko'ra, O'zbekiston so'z erkinligiga oid vaziyat o'ta yomon bo'lgan dunyodagi kamsonli davlatlardan biri. Mamlakatda mustaqil faoliyatdagi, muxolif qarashdagi nashrning o'zi yo'q.

Senzuraga qarshi biror bir jurnalist tomonidan biron narsa deyilganiga hali guvoh bo'lmadik

Mustaqil jurnalistlardan biri matbuot hukumatning sodiq quliga aylantirilishi ortidan o'zbek jamiyati va jurnalistlari o'rtasida ulkan jarlik yuzaga kelgani, jurnalistlarning yangi avlodi matbuotning asosiy ustuni “to'rtinchi hokimiyat” tushunchasidan o'ta yiroqligini aytadi.

Toshkentlik jurnalist Yuriy Chernogayev dedyiki, ayni paytda hukumatparast matbuotga muqobil bo'lgan mustaqil nashrlar yo'q, lekin vaziyatga sal boshqacharoq qarash bilan yondashib, hukumat pozitsiyasini to'ldirishga, shu yo'l bilan o'z o'quvchilarini topishga urinayotgan elektron nashrlar paydo bo'lmoqda, ammo omonat bu ehtiyotkorlik ham qattiq nazoratga olingan.

So'z erkinligi himoyasi bilan shug'ullanuvchi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovni matbuot va internet dushmanlari bo'lgan prezidentlar qatoriga kiritgan.

Karimov uzoq yillardan buyon mustaqil matbuot bilan muloqotga kirmay kelayotgan rahbarlardan biri hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG