O'zbekiston qamoqxonalaridan yana ikki jasad chiqdi


"Jasliq" qamoqxonasida 2003-yilda olingan suratlar. O'shandan beri O'zbekiston qamoqxonalariga biror axborot vositasi kiritilmagan.

"Jasliq" qamoqxonasida 2003-yilda olingan suratlar. O'shandan beri O'zbekiston qamoqxonalariga biror axborot vositasi kiritilmagan.

O'zbekistonda qiynoqlarning yangi to'lqini boshlangan. Shu oy mamlakat qamoqxonalaridan ikki mahbusning o'ligi chiqqan.

Huquq faollariga ko'ra, terrorizmga qarshi kurash shiori aslida kuch ishlatar tizimlar uchun bosimni oshirishga bir bahona.

Navoiydagi qamoqxonada o'lgan mahbuslar Doston Abdurahmonov va Mahmudjon Hasanov xalifalik tuzishni maqsad qilgan “Hizbut Tahrir” partiyasiga a'zolikda, konstitutsiyaga tajovuzda ayblanib, 1999-yilda qamoqqa tashlangan edi.

Har ikkisining jazo muddati bir necha bor uzaytirilgan. Mahmudjon Hasanovning jasadi fevral oyining boshlarida qamoqdan chiqarilgan va Andijonda zudlik bilan dafn etilgan. Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan bo'lgan Doston Abdurahmonov ham qamoqxonada o'lgani haqidagi xabar uning yaqinlariga 11-fevral kuni yetkazilgan.

Bu haqda ma'lumot tarqatgan O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahhbari Surat Ikromovga ko'ra, Abdurahmonovning oilasi ayni paytda jasadni olishga harakat qilmoqda.

“Kecha shaxsan o'zim Chinozga borib, qarindoshlari bilan uchrashdim. Ular hali qamoqxonaga yetib bormadik deyishdi, borgandan keyin ham jasadni darrov berishmas ekan. Aslida qamoqxonaning o'zi olib kelib berishi kerak, lekin ular mashinamiz yo'q deyishibdi. Jasadni bugun olib kelishadimi, ertagami, aytish aytish, yo'l uzoq, Navoiyda qor tushgan, ancha sovuq. Abdurahmonovni o'lgani aniq, unga bir necha bor jazo muddati qo'shib berilgan, 17 yildan buyon qamoqda o'tirgan. Dastlab “Hizbut Tahrir”ga a'zolikda ayblanib, 9 yilga qamalgan. Doston o'tgan yil Zarafshondagi qamoqxonaga etap qilingan, u yerda qiynoqqa tutilgan. Hozir diniy ayblov bilan qamalganlarga nisbatan qiynoqlar keskin oshgan”, - deydi Ikromov.

“Islomiy davlat” guruhi tahdidi, Afg'onistonda vaziyat qaltislashishi ortidan O'zbekiston huquq-tartibot organlari ekstremist, diniy oqimlarga qarshi kurash bo'yicha maxsus amaliyot boshlagan edi. Bu kampaniya aholini ogohlantirish, mahallalarda targ'ibot olib borishni o'z ichiga oladi.

Huquq faollari bu amaliyotning mamlakat qamoqxonalariga ko'chayotgani, “Islomiy davlat”ga (IShID) qarshi kurash bahonasida diniy mahbuslarga nisbatan qiynoqlarning yangi to'lqini boshlangani haqida gapirishmoqda.

“Bu IShIDga qarshi kurash bilan bog'liq, ularga nisbatan qattiq tazyiqlar boshlangan. “Hizbut Tahrir” xalifatni targ'ib qiluvchi partiya sifatida ko'rilmoqda. Gap hozir bu mahbuslarni jismoniy yo'q qilish maqsadi haqida ketmoqda. Mana oradan shuncha yil o'tdi, hali men “Hizbut tahrir” bilan qamalaganlarni qamoqdan chiqqanini eshitganim yo'q. Ularga faqat muddat qo'shib beriladi, kimga uch yil, kimga besh yil. “Hizbut Tahrir” bo'yicha qamashlar 1999-yildan boshlangan, hozir ularga nisbatan “IShID”ga aloqasi borligi bahonasi bilan yangidan qattiq tazyiqlar boshlangan. Ammo qamalganlarning aksariyati ayblovni tan olishmagan, yuztadan besh foizigina men “Hizbut Tahrir” a'zosiman den aytgan bo'lishi mumkin”, - deydi Surat Ikromov.

Dindorlarga nisbatan qiynoqlar barobarida mamlakatda radikal qarashlar ham kuchayayotgani kuzatiladi.

Farg'ona viloyatining So'x tumanida “Islomiy davlat”ga aloqadorlik aybi bilan 12 kishi ustidan tergov ishi ketmoqda. Ayblovga ko'ra, mehnat muhojirligidan qaytgan guruh Farg'ona viloyatida aholini jihodga da'vat etish bilan shug'ullangan.

Suriyada “Islomiy davlat” safida jang qilayotgan o'zbekistonliklar haqida aniq ma'lumotlar yo'q. Ular soni turli manbalarda turlicha - 500 dan boshlab, 2500 kishigacha ko'rsatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG